Oyxonim

Oyxonim — qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 2-asrning 2-yarmi) — Afg’onistonning shimoli-sharqida, Amudaryoning so’l qirg’og’ida, Ko’kcha daryosi quyilish yerida joylashgan. Yunon-Baqtriya podsholigi davrida obod bo’lgan; Aleksandriya Oksiana (P. Bernar) yoki Evkratidiya deb atalgan. Oyxonimdagi arxeologik tadqiqotlar Afg’onistondagi Fransuz arxeologik missiyasi (D. Shlyumberje, so’nfa P. Bernar rahbarligida) tomonidan (1964-78) olib borilgan. Baqtriya shaharlaridan biri bo’lgan Oyxonim, ellinizm davrida, yunon kolonistlari tomonidan yunon shaharsozligi tamoyillariga asoslanib qurilgan. Oyxonim yuqori (qal’a) va quyi (shahar), shuningdek, uning shimoliy-Sharqiy tomonida joylashgan shahar atrofidan iborat. Oyxonimning dastlabki 2 qismi qalin mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Quyi shahar qismida saroy, ibodatxona, yoshlar ta’limtarbiya oladigan gimnaziy yoki palestra xarobalari ochilgan; undan Germey va Gerakl sha’niga bitilgan yunoncha ma’rifiy yozuvlar topilgan. Shahar markazida geroyon — shaharga asos slogan kishi yoki uning faxriy fuqarosining maqbarasi joylashgan. Qal’a yaqinidan teatr, shaharning asosiy ko’chasi, uy xarobasi topilgan. Shahar atrofidan esa maqbara, ibodatxona va turar joy qoldiqlari chiqqan. Oyxonimdan moddiy va badiiy madaniyatning turli xildagi ko’plab obidalari, tangalar, yunon epigrafikasi yodgorliklari, Geraklning bronza haykali, o’smir haykali, ibodatxonaga o’rnatilgan ulkan marmar haykalning 5 Panjali oyoq qismi, ibodatxonadan Salavkiylar, Yunon-Baqtriya, hind-yunon va hind mis va oltin tangalari, temir buyumlar, qimmatbaho toshlar xazinasi topilgan. Ad.: Velikiy shelkoviy put, T., 1999. Edvard Rtveladze.