O’ZBEK DAVLAT DRAMA TEATRI
O’ZBEK DAVLAT DRAMA TEATRI, Abror Hidoyatov nomidagi o’zbek davlat drama teatri — yetakchi teatrlardan biri. 1968 yil 28 oktyabrda “Yosh gvardiya” teatri nomi bilan tashkil bo’lgan va “Diydor” (M.Karimov) spektakli bilan ochilgan. Tashkilotchisi va birinchi bosh rejissyori — Ergash Masofoyev. Shirin Azizova, To’g’on Rejamatov, Farhod Aminov, Murod Rajabov, Madina To’xtayeva, Isamat Ergashev, Muhabbat Abdullayeva, Malika Ibrohimova, Noila Toshkanboyeva, Hoshim Arslonovlar teatrning dastlabki aktyorlaridir. Teatr faoliyatining dastlabki yillarida o’z yo’nalishini asosan zamonaviy mavzu va yosh dramaturglar asarlariga qaratdi: “O’n sakkiz yoshligim” (M.Karimov), “Birinchi bo’sa” (A.Ibrohimov), “Oqar suvlar” (O’.Umarbekov), “Besh kunlik kuyov” (Shuhrat), “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” (Hamza) va boshqalar Yuksak g’oyaviy va chuqur hayotiy haqqoniylikka asoslangan sahna asarlari yangi printsiplarni targ’ib qildi. Teatr repertuarining boyishida, aktyorlik mahoratining o’sishida tarjima asarlar ham muhim rol o’ynadi. “Bahs” (M.Bayjiyev), “O’limlarni qoldirib dog’da” (V.Titov, K.Melenko), “Osventsim jallodlari” (P.Vays) va boshqalar shular jumlasidan. 80-yillarning o’rtalaridan teatrda novatorlik san’ati o’sdi, g’oyaviy-estetik yo’nalishi, obrazlar talqini takomillashdi, yangi tipdagi aktyor, rejissura shakllandi. O’zbek teatri merosi va jahon teatri ijodidan ta’sirlangan holda eng dolzarb, sahna vositalariga boy, yangi sahna shakllari ila yo’g’rilgan spektakllar bilan respublikadagi etakchi teatrlardan biriga aylandi. “Otasining qizi”, “Maysaraning ishi”, “Farmonbibi arazladi”, “Uchinchi orzu”, “Qora kamar”, “Arshin mol olon”, “Iskandar”, “Malika”, “Paranji sirlari”, “Ziyofat”, “Tog’a-jiyanlar”, “Checha” kabi spektakllar teatrga shuhrat keltirdi. 1991 yildan hozirgi nomda. 1996 yil Bahodir Yo’ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Buyuk ipak yo’li” spektaklida musiqa, xoreografiya, plastik harakatlardan keng foydalanilgan. Teatr sahnasida ilk bor sahnalashtirilgan “Buxoroi sharif” spektakli (rejissyor B.Yo’ldoshev) da rejissyor goyasi o’ziga xos va o’zgacha yechimga ega. Qadimiy Buxoroning musiqiy madaniyati va milliy koloriti saklangan holda xalq qo’shiq va raqslarining spektaklga mohirona singdirilishida folklor uslubiyatining eng murakkab yo’li tanlangan. U.Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir” asarlarining sahnalashtirilishi teatr hayotida katta voqea bo’ldi. Teatr o’ziga xos ijodiy uslubi bilan boshqa teatrlardan ajralib turadi. Masalan, chet el teatrlari aktyor va rejissyorlari bizga kelib rol o’ynashi (frantsiyalik aktyor Fransua shatto “Iskandar”da Alisher Navoiyni o’ynagan), spektakl qo’yishi (Amerika rejissyori D.Kaplan “Qirol Lir”ni sahnalashtirgan) yoki Bahodir Yo’ldoshevning chet el teatrlariga borib spektakl qo’yishi (Laosda “Kelinlar qo’zg’oloni”, Amerikada “tinchlik” spektakllari va boshqalar) bunga misoldir. “Qirol Lir”ni sahnalashtirishda rejissyor kostyum va sahna bezaklariga yorqin Sharq koloritini olib kiradi va u bu bilan asardagi fojia umuminsoniyligiga qaratadi. Teatr 90-yillarning boshlarida Angliya, Shotlandiya, shimoliy Irlandiya, Germaniya kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lib, o’z spaktakllarini namoyish etgan. Elyor Nosirov, Ne’mat Alimov, Afzal Rafiqov, Aziza Begmatova, Dono Boboxonova, Madina To’xtaeva, Gulbahor Rahimova, Noila Toshkanboeva, Hoshim Arslonov kabilar teatrning yetakchi aktyorlaridir. Badiiy rahbari Bahodir Yo’ldoshev. Muhabbat To’laxo’jaeva.