“O’ZBEKTELEFILM”

“O’ZBEKTELEFILM” — televideniyeda ko’rsatishga mo’ljallangan badiiy va hujjatli filmlar kinostudiyasi. 1970 yil Toshkentda tashkil etilgan. “O’zbektelefilm”ning tashkil bo’lishi va rivojlanishi G’.Rasulov, F.Rashidov, U.Burhonov kabilar nomi bilan bog’liq. Faoliyatining dastlabki yillari ko’pgina xronikal film, telekinojurnal, filmspektakl, filmkontsertlar ishlagan. “O’zbek madonnasi”, “Uchinchi haqiqat”, “Orol — taqdirim mening”, “Boysunda qorlar eriganda”, “Xivacha ajralish”, “Kosmogoniya” kabi hujjatli, “Shashmaqom”, “Ko’g’irchoqboz”, “Aziz” singari qisqametrajli badiiy filmlar ishlandi. “Eshmat — saxiy farishta”, “Sevgilisini topish”, “Ana o’sha Nasriddin”, “Olmani menga qarab ot”, “Boychechak”, “Lafz”, “Charxpalak”, “Ochiq dars”, “Mening shotlandiyalik do’stim”, “Baxt gullari”, “Zumrad va Qimmatning yangi sarguzashtlari” kabi turli mavzudagi filmlar chiqarildi. O’z faoliyati davomida ko’pgina hujjatli, xronikal, ilmiyommabop, publisistik, badiiypublisistik, musiqali, telejurnal, bolalar uchun telefilmlar ishladi. Mustaqillikdan so’ng “O’zbektelefilm” filmlarining mavzu va g’oyaviy yo’nalishi o’zgardi. Respublika hayotini tasvirlash yangicha tus olishi, buyuk tarixiy shaxslarimizga bag’ishlangan filmlarning ko’payishi ko’zga tashlanadi (“Buyuk Turon”, “Amir Temur”, “Mirzo Ulug’bek”, “Pahlavon Mahmud” va boshqalar). “O’zbektelefilm”da “Buyuk ajdodlarimiz” nomli turkum filmlar ishlash yo’lga qo’yildi. “Imom al-Buxoriy”, “Bahouddin, Naqshband”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Burhoniddin Marg’inoniy”, “Alisher Navoiy” va boshqalar shular jumlasidan. Shuningdek, “Biz bilgan va bilmagan tarix” turkumi ostida “Milliy universitet”, “Musiqa saroyi” kabi telefilmlar ishlandi. Studiya keying yillar ko’p qismli televizion badiiy filmlar ishlash bo’yicha o’z tajribasini orttirib bormoqda: “Charxpalak” (13 qism), “Lafz” (6 qism), “Uvaysiy” (6 qism), “Xurshida” (4 qism), “Akbarning sarguzashtlari” (6 qism), “Mehrobdan chayon” (15 qism), “Qaytmas” (6 qism) va boshqalar “Yorug’lik”, “To’kinlik” nomli televizion hujjatli filmlar dolzarb mavzu, mustaqillik ne’matlarini ko’rsatishda eng yaxshi filmlardir. “O’zbektelefilm”da yaratilayotgan musiqali filmlar mavzuga yangicha yondashilgani, tomoshaviyligi va o’ziga xos milliyligi bilan ajralib turadi (“Dilga yaqin qo’shiqlar”, “Sozlar navosi”, “Moziydan sado”, “Hofizlar kuylaganda”, “Musiqiy sayohat” va boshqalar). “O’zbektelefilm” ro’yxatidan etnografik, madaniy hayotga oid, manzarali filmlar ko’proq o’rin olgan. “O’zbekiston nimasi bilan boy”, “Xonatlas”, “Dard”, “Do’ppi”, “Qo’qon yodgorliklari”, “Tandir, archa, olov”, “Mosh tabib”, “Marg’ilon ipagi”, “Kulolchilik”, “Baxmal” va boshqalar shular jumlasidan. Studiyada Sh. Junaydullayev, B.Ahmedov, S.Ahmadxo’jayev, E.Davidov, T. Ahmadxo’jayev, N.Qo’ldoshev, Sh.Bizaatov, Sh.Xo’jayev, S.Boboyev, E.Mirzayev kabi rejissyorlar, N. Gerasimov, A.Avazxo’jayev, K.Karimov, M.Soliyev, B.Nazrullayev, A.Qoriyev, A.Ko’chqorov va boshqalar operatorlar mehnat qilib kelmoqda. 70-80-yillar telefilmlari asosan kinotasmaga tushirilgan. 1997 yil “O’zbektelefilm” qoshida dublyaj guruhi tashkil etildi (tashkilotchilari B.Abdullayev, yil Abdukarimov). Dublyaj qilingan filmlardan “Oqibat”, “Qunduz amakining qissalari”, “Bu ham kino”, “Zita va Gita”, “Jilovlanmagan Afrika”, “Ming bir kecha”, “Qalbim chechagi”, “Choliqushi”, “Edemga qaytish”, “Qirol sher 2”, “Gladiator”, “Filipp Marlou”, “Ramayana”, “Kleopatra”, “Dallas” va boshqalar. Hozirgi kunda “O’zbektelefilm” ijod yo’nalishida izlanish kuzatilmoqda. Hujjatli, xronikal, musiqali filmlardan tashqari seriallar ishlashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Sabohat Hayitmatova.