Oziq-ovqat sanoati
Oziq-ovqat sanoati – xalq xo’jaligining oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan sohasi. Tarmoq tarkibida go’sht-sut, yog’-moy, baliq mahsulotlari, un-yorma, makaron, meva- sabzavot konservalari, sut-yog’, shakar, choy qadokdash, qandolatchilik, non, uzum va shampan vinolari, spirt, araq, tamaki, pivo, chanqovbosar ichimliklar, sovun va boshqa sanoat korxonalari bor. O’zbekiston zamonaviy oziq-ovqat sanoatiga ega. Uning tarkibida 3200 dan ortiq korxonalar bor. Bu soha, asosan, mahalliy xom ashyoni qayta ishlashga asoslangan. Oziq-ovqat sanoati korxonalarida 200 dan ortiq mahsulot turi tayyorlanadi. Mamlakat mustaqillikka erishgach, Oziq-ovqat sanoatida chuqur tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Ko’pgina sanoat korxonalari davlat tasarrufidan chiqarilib, ochiq turdagi aktsiyadorlik birlashmalari va jamiyatlariga aylantirildi, ilgari tarmoq korxonalariga rahbarlik qilgan oziq-ovqat, go’sht-sut, don mahsulotlari va boshqa vazirliklar tugatilib, “O’zoziqovqatsanoat” davlat-aktsiyadorlik kontserni (1993 yil 5 may; 1994 yil 26 sentabrdan “oziq- ovqatsanoat” va “yog’-moytamakisanoat” uyushmalari), “O’zgo’shtsanoat” davlat-aktsiyadorlik uyushmasi (1993 yil 6 aprel), “O’zdonmahsulot” davlat-aktsiyadorlik korporatsiyasi (1994 yil 22 aprel), “O’zmevasabzavotuzumsanoat” davlat-aktsiyadorlik uyushmasi (1994 yil 28 noyabrdan), “O’zbaliq” davlat-aktsiyadorlik korporatsiyasi (1994), qishloq va suv xo’jaligi vazirligi tarkibidagi “O’zparrandasanoat” respublika ishlab chiqarish birlashmasi (1964), “O’zbekbirlashuv” tarkibidagi Oziq-ovqat sanoati korxonalari ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Aholi ehtiyojlarini respublikaning o’zida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan qondirish choralari ko’rilmoqda. 2002 yilda Oziq-ovqat sanoati korxonalarida (ming tonna): go’sht — 147,4, mol yog’i — 1,9, sut mahsulotlari — 216,6, konservalar — 480,6 ming shartli banka, qandolatchilik mahsulotlari — 61,1, o’simlik moyi — 222,2 non va non-bulka mahsulotlari — 842,8, un (davlat resurelari donidan) — 1554,9, qadoqlangan choy — 5,3, tamaki — 10,6, xo’jalik sovuni — 41, qand-shakar — 217,2, makaron mahsulotlari — 74,6, vino-araq— 6134 ming dal, pivo — 7853 ming dal, chanqovbosar ichimliklar — 12680 ming dal va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi. Tarmoq korxonalariga oliy va o’rta maxsus ma’lumotli muhandis-texnik kadrlar Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Buxoro yengil va oziq-ovqat sanoati instituti, Toshkent iqtisodiyot universiteti va Toshkent texnika universitetida, Samarqand, Yangiyo’l oziq-ovqat, Toshkent texnologiya kollejlarida tayyorlanadi. Oziq-ovqat sanoati korxonalarida band bo’lgan xodimlar soni 100 ming kishi (2003). Po’lat Tursunxo’jayev.