Pak Vera Borisovna
Pak Vera Borisovna (1938.13.11, Qo’ng’irot shahri) — ilg’or o’qituvchi, O’zbekiston Qahramoni (2001). O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi (1992). Qoraqalpog’iston pedagogika institutini tugatgan (1961). 1961 — 85 yillarda Xiva shahridagi 3-maktabda kimyo-biologiya o’qituvchisi, sinfdan tashqari ishlar tashkilotchisi, Xiva shahar xalq maorifi bo’limi mehnat ta’limi yo’riqchisi, 1985 yildan 20-Mehribonlik uyi direktori. Pak Mehribonlik uyida turli millat vakillaridan iborat 140 nafar ota-ona tarbiyasidan chetda qolgan o’g’il-qizni tarbiyalab, hayotda o’z o’rnini topishga yordam berib kelmoqda. Pak Mehribonlik uyida turli uchrashuv va tadbirlar, bolalar jamoasining ko’rik tanlovlari va sport musobaqalarini o’tkazib keladi. Mehribonlik uyida 1985 yildan “shodlik” ansambli faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Pak rahbarlik qilib turgan muassasa O’zbekistondagi namunali Mehribonlik uylaridan hisoblanadi.