Palearktika oblasti
Palearktika oblasti, Pale-Arktika (Yunoncha palaios — qadimgi va arktros — Shimoliy) — quruqlik zoogeografiya oblasti. Yevropa, Shimoliy Afrika (jumladan, Saxroi Kabir), Arabiston yarim oroli (Janubdagi tog’liq qismidan tashqari), Osiyoning Hind va Yantszi daryolari hamda Himolay tog’larigacha bo’lgan mo”tadil va sovuq iqlimli hududlarni o’z ichiga oladi. Palearktika oblastiga tinch okeandagi Komandor, Kuril, Saxalin va Yaponiya oroli; Atlantika okeanidagi Islandiya, yashil burun, Kanar, Madeyra va Azor oroli ham kiradi. Hayvonot dunyosi Nearktika oblastinikiga o’xshaydi. Shuning uchun ko’pchilik zoogeograflar Palearktika va nearktika oblastlarini yagona Golarktika oblastiga birlashtirishadi. Palearktika oblasti Arktika, Tsirkumbo-Real, O’rta dengiz bo’yi, Markaziy Osiyo va Xitoy-Himolay kichik oblastlariga ajratiladi.