Paleozoy eratemasi
Paleozoy eratemasi (erasi), paleozoy (Paleo… va Yunoncha zoe—hayot) — Yer geologik tarixining 3-erasi. Radiologik tekshirishlarga ko’ra, Paleozoy eratemasi 560-570 million yil avval boshlanib, 310-320 million yil davom etgan. 1837 yil ingliz geologi A. Sejvik ajratgan. Hozir Paleozoy eratemasi kembriy, ordovik, silur, devon, toshko’mir va Perm davrlariga bo’lingan. Yuqori tokembriy davridan bir oz oldin kuchli burmalanish natijasida platforma (Sharqiy Yevropa, Sibir, Xitoy-Koreya, Janubiy Xitoy, Shimoliy Amerika, Braziliya, Afrika, Hindiston platformalari) va geosinklinallar shakllangan. Vaqt-vaqti bilan platformalarni suv bosib, sayoz dengizlar paydo bo’lgan. Dengiz ostida uncha qalin bo’lmagan turli tarkibli cho’kindilar to’plangan. Platformalarning chekkalari tomon cho’kindilarning qalinligi ortib borgan. Geosinklinallar platformalarga nisbatan serharakat bo’lgan. Ularda ko’p miqdorda vulkan va kremniyli jinslar to’plangan. Paleozoy eratemasida kaledon va gersin burmalanishi bo’lib o’tgan. Shu davrda tog’lar paydo bo’lib, ko’pgina qizg’ish molasslar hosil bo’lgan. Gersin burmalanishi natijasida Markaziy Yevropa, Ural, Appalachi va boshqa tog’ sistemalari qadimgi ko’targan. Buyuk Gondvana quruqligi Janubiy yarim shar platformalarini egallagan. Shimoliy yarim sharda Paleozoy eratemasining 2-yarmida Sibir platformasi va unga yondosh tog’ tizmalarini o’z ichiga olgan ulkan angarida bo’lgan. Paleozoy eratemasi boshlanishida ilgari yashamagan qattiq skeletli hayvonlar (xiolitlar, xiolitelmintlar, gastropodalar, braxiopodalar va arxeosiatlar) paydo bo’lgan. Quyi paleozoyda trilobitlar kembriy va ordovik davri dengiz hayvonlarining ko’pchiligini tashkil qilgan. Ular Paleozoy eratemasi oxirida qirilib ketgan. Bu davrda elkaoyoklilar (braxiopodalar)ning turlari ko’paygan. Ordovik davriga kelib mshankalar hamda stromato-poroidalar paydo bo’lgan. Umurtqasiz hayvonlardan graptolitlar va boshoyoqlilar ko’p yashagan. Devon davrida goniatitlar keng tarqalgan. Yuqori Paleozoy eratemasida bir hujayrali hayvonlardan foraminiferalar ko’paygan. Paleozoy eratemasida umurtqalilardan baliklar yashagan; kembriy va ordovik davrida oddiy va jag’siz baliklar ko’p bo’lgan. Silur, ayniqsa, devon davrida ikki yoqlama nafas oluvchi va cho’tkaqanotlilar juda rivoj topgan. Cho’tkaqanotlilar suvda va quruqlikda yashovchi (amfibiya)lar vujudga kelgan (ular devon davri oxirlarida quruqlikka chiqqan). Karbon, ayniqsa, Perm davrida o’txo’r va yirtqich sudralib yuruvchilar yashagan. Paleozoy eratemasida o’simliklar tez rivojlangan. Kembriy va ordovikda o’simliklar, asosan, suvo’tlardan iborat bo’lgan. Silur jinslarida spora qoldiqlari saqlangan. Quyi devon davri jinslarida past bo’yli ibtidoiy o’simliklar — psilofitlarning izlari uchraydi. O’rta va yuqori devonda o’simliklarning turlari ko’paygan, daraxtsimon plaunlar, sodda tuzilgan paporotniklar o’sgan va dastlabki ochiq urug’lilar vujudga kelgan. Karbon davrida o’simliklar juda ham rivojlangan. O’rmonlar o’rnida toshko’mir qatlamlari hosil bo’lgan. Yevrosiyoda Paleozoy eratemasiga mansub platforma va geosinklinal yotqiziqlari ko’p uchraydi. Sharqiy Yevropa va Sibir platformalari, asosan, Paleozoy eratemasi cho’kindi jinslari kompleksidan iborat. Sharqiy Yevropa platformasining shimoliy-g’arbiy qismida kembriy davri dengiz gillari va qumtoshlari, ordovik va silur ohaktoshlari tarqalgan. Devon va karbon davrida dengizda hosil bo’lgan jinslar orasida ayniqsa ohaktoshlar juda ko’p. Bu jinslarda kumir, neft, boksit va o’tga chidamli gil qatlamlari bor. Sibir platformasi Paleozoy eratemasi jinslari orasida kembriy davri dengiz cho’kindi jinslari — ohaktosh, dolomit, ayrim joylarda toshtuz, gips va angidrit ko’p. Karbonat- slanes va qum-toshli gil qatlamlaridan tarkib topgan silur va devon davri yotqiziqlari kam uchraydi. Karbon va Perm davri jinslari ko’mirli qalin qatlamlardan iborat. O’zbekistonning deyarli hamma yerlarida Paleozoy eratemasi jinslari uchraydi. Quyi kembriy jinslari 20-50 metr qalinlikdagi vanadiyli, fosforitli, kremniyli va ko’mir-kremniyli slaneslardan tarkib topgan. Bu jinslar Piskom va Sandalash tog’larida tarqalgan. Tomditov tog’larida quyi kembriy jinslari alevrolit, qumtosh, dolomit va ohaktosh qatlamlaridan iborat. O’rta kembriy, ordovik va quyi silur davri ohaktosh, dolomit, terrigen-vulkan, argillit, alevrolit, slanes, qumtosh va ruda qatlamlaridan tuzilgan. Yuqori silur-quyi devon davri terrigenli ohaktosh va ohaktoshlardan, qizg’ish vulkan jinslardan tarkib topgan. O’rta devon va quyi trias davrida shag’altosh, qumtosh, alevrolit, argillit, oxaktosh, dolomit va vulkan jinslarining qalin qatlamlari hosil bo’lgan. Paleozoy eratemasi jinslarida turli foydali qazilmalar topilgan. Ural, Qozog’iston, Oltoy, G’arbiy Yevropa va shimoliy Amerikadagi boy ruda konlari Paleozoy eratemasining intruziv jinslari bilan bog’liq. Paleozoy eratemasi cho’kindi jinslarida neft, toshko’mir, yonuvchi slanes va misli qum-tosh, shuningdek, fosforit, boksit, tosh- tuz, kaliy tuzi to’plangan. O’zbekiston Paleozoy eratemasi yotqiziqlarida mis, qo’rg’oshin, qalay (Olmaliq), flyuorit (Novgarzon), volfram (ingichka), oltin, alunit va boshqalar bor. Paleozoy eratemasi tog’jinslarining ko’pi qurilish materiali sifatida ishlatiladi. Ad.: Straxov N. M., Osnovi istoricheskoy geologii, ch. 1-2, M,—L., 1948; Ax-medjanov M.A. i dr., Geologicheskoe stroenie i sostav paleozoyskogo funda- menta Uzbekistana, t. 1, T., 1967.