Palos, sholcha

Palos, sholcha — ikki tomonlama naqsh hosil qilib qo’lda yoki mashinada to’qib tayyorlanadigan patsiz gilam. Ip, jun, sun’iy tolalardan to’qiladi. Odatda, yer (Pol)ga to’shaladi. Gazlama to’qish usulida arqoq ipini 2 xil ko’rinishda (vertikal tirqishli va tirqishsiz) matalishi vositasida bajariladi. Arqoq ipini bu usulda matalishi turli (handasiy va islimiy) naqshlar, ifodali tasvirlarni aniq hosil qilish imkonini beradi. Dunyoda Bolgariya, Hindiston, Eron, Ruminiya, Turkiya Paloslari mashhur. Sharq mamlakatlari (Hindiston, Eron va boshqalar), jumladan, O’rta Osiyo va Qozog’iston hududida Palos tayyorlash qad.dan keng tarqalgan, rang-barang go’zal Paloslar yaratilgan. Rangli asos yoki qalin arqoq ipi yordamida yaratilgan naqshlar zaminda bir oz bo’rtib mayin yotadi, yoddan to’qilgan mujassamotda yo’l-yo’l qatorlar, yirik zinasimon naqshlar, urug’ tamg’asi tasvirlari, hayvon shakllari ko’p uchraydi. Palos koloritida qizil rang ustun turadi. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva va boshqa joylarda fabrikalarda tayyorlanadi. Sirdaryo, Qashqadaryo va boshqa joylarda qo’lda qadimgi an’anaviy va zamonaviy usullarni qo’llab Palos to’qish rivojlangan.