Panjob

Panjob — Janubiy Osiyodagi tarixiy va geografik viloyat. Hindgang tekisligining shimol qismi. Jelam, Chinob, Ravi, Bias va Satlaj daryolari (Hind havzasi) dan sug’oriladi. Jahon madaniyatining eng qadimgi markazlaridan biri. Panjobni miloddan avvalgi 6-asrda forslar, miloddan avvalgi 4-asrda Aleksandr qo’shinlari, milodning boshida kushonlar bosib olgan; 10-asrdan 18-asrning 2-yarmigacha musulmon hukmdorlari qo’lida bo’lgan. 16-asrda Panjob hududida sikhlar harakati boshlanib, natijada ular o’z davlati (1765-1849) ni barpo etganlar. Bu davlat ingliz-sikh urushlari (1845-46 va 1848-49) natijasida ingliz mustamlakachilari tomonidan bosib olingan. 1947 yilda Panjob hududi Hindiston bilan Pokiston o’rtasida bo’lib olingan: Sharqiy Panjob Hindiston Respublikasi shtatiga, g’arbiy Panjob Pokiston viloyatiga aylangan.