Patra, Patri

Patra, Patri — Gretsiyadagi shahar, Peloponnes yarim orolida. Axeya nomining ma’muriy markazi. Aholisi 170 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Ioni dengizining Patrikos qo’ltig’idagi port (chetga magiz, vino, jun, zaytun moyi chiqariladi). Patradan Italiyaning Brindizi shahriga parom qatnaydi. Mashinasozlik, shina ishlab chiqarish, yog’ochsozlik, ko’n-teri, oziq-ovqat, to’qimachilik, qog’oz sanoati korxonalari; universitet bor. Turizm rivojlangan. Me’moriy yodgorliklardan qasr va boshqalar saqlangan.