PLYURALISTIK DEMOKRATIYA

PLYURALISTIK DEMOKRATIYA — liberal siyosiy tizimdan o’sib chiqqan va uning asosiy tashkiliy tamoyillarini meros qilib olgan demokratiya modeli. Bu tamoyillarga konstitutsionalizm, hokimiyatlar bo’linishi, shuningdek, shaxsiy erkinliklar, inson huquqlari, ozchilik muxtoriyati kabi qadriyatlar kiradi. Plyuralistik demokratiya iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, diniy, guruhiy, hududiy, v.h. manfaatlarning hamda ularni bayon etish shakllarining (siyosiy partiyalar, jamiyatlar, ittifoqlar, ijtimoiy harakatlar, fuqarolik tashabbuslari) xilma-xilligiga asoslanadi. Plyuralistik demokratiyada siyosatning bosh harakatlantiruvchi kuchi shaxs yoki xalq emas, guruh ekanligi asoslanadi. Bu nazariyaning boshlang’ich kamchiliklardan biri – voqelikni ideallashtirish, aholini guruhlarga mansubligi hissini, fuqarolarning manfaat guruhlarida ishtirokini oshirib yuborish. Plyuralistik demokratiya xilma-xil ijtimoiy guruhlarga o’z manfaatlarini bayon etish va raqobatli kurashda ularning muvozanatini aks ettiruvchi kompromissli qarorlarni topishga imkon beruvchi boshqaruv shaklidir. Real hayotda, G’arb mamlakatlarida, aholining uchdan bir qismidan ko’p bo’lmagan miqdori manfaat guruhlarida birlashgan. Shuning uchun ham plyuralistik model asosidagi demokratiya ko’pchilik hokimiyati bo’lolmaydi.