POSTINDUSTRIAL JAMIYAT

POSTINDUSTRIAL JAMIYAT — zamonaviy rivojlanish nazariyalarida bir qator davlatlarning bugungi holatini belgilash uchun qo’llanadigan tushuncha. Rivojlangan mamlakatlarda XX asrning ikkinchi yarmidan ijtimoiy taraqqiyotda vujudga kela boshlagan yangi bosqich. Termin o’tgan asrning 70-yillaridan ishlatila boshlandi Uni Bell kiritgan va shunday jamiyatning asosiy belgilarini ham ko’rsatgan: xizmat ko’rsatish iqtisodiyotini yaratilishi, ilmiy-texnik mutaxassislar qatlamining ustunligi, jamiyatda nazariy bilimlarning yangiliklar va siyosiy qarorlarning manbai sifatidagi markaziy roli, texnologik o‗sish «intellektual» texnikaning yangi turlarining yaratilishi. «Postindustrial jamiyat» ning turli konsepsiyalarini Z.Bjezinskiy, J.Blbreyt, Toffler, A.Turen, Xabermaslar ishlab chiqishgan. «Postindustrial jamiyat» nazariyalarining paydo bo’lishi uchun asosni bir qator mamlakatlarda XX asrning 60-70-yillarida iqtisodda ro’y bergan tarkibiy o’zgarishlar tashkil etdi. U og’ir sanoat o‗rniga yangi, «ilmga asoslangan» sohalarni ilgari surdi; «bilimlar industriyasi», kompyuterlashtirish rivoji, ko’p tarmoqli axborot tizimlari ishlab chiqarishdagi markazlashuvni yemirdi. Yuqoridagi o’zgarishlar asosida jamiyatlarning tarixiy evolyutsiyasi tarixiy (an‘anaviy, agrar) industrial va postindustrial davrlarga bo’lindi. Bu davrlarning har birida turli institutlar yetakchi rol o’ynaydi: an‘anaviy jamiyatda – din va armiya; industrial jamiyatda – sanoatmoliya korporatsiyalari va postindustrial jamiyatda – universitetlar. «Postindustrial jamiyat» nazariyalarida jamiyat texnika, ijtimoiy qatlamlar, siyosat, ma‘naviy qadriyatlar singari omillarning o’zaro ta‘siriga asoslangan tizim sifatida qaraladi; iqtisod «hayot sifati» ni yaxshilash uchun yo‗naltiriladi; ijtimoiy dasturlar kengaytiriladi. Ziddiyatlar va ihtiloflar ijtimoiy-sinfiy munosabatlar sohasidan jamiyatning industrial va postindustrial sohalari o’zaro munosabatlari, iqtisod va madaniyatga ko’chadi. Shuningdek, insonlarning tezkor texnologik o’zgarishlarga moslashishi muammolari bilan bog’liq keskinliklar ham mavjud. Postindustrial jamiyatda xizmat sohalarining ahamiyati ortadi, fan va ta‘lim asosiy o’rinni egallaydi; ijtimoiy tizimda yetakchilik mavqei olimlar va kasb mutaxasisslariga o’tadi; nazariy bilim yangiliklar kiritish va siyosatni shakllantirish manbai bo’lib xizmat qiladi; axborot olish, tarqatish va undan foydalanish jamiyat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.