Puna

Puna — Hindistondagi shahar, Maharashtra shtatida. Dekan yassitog’ligining shimoliy-g’arbiy qismida, Mutha va Mula daryolarining qo’shilish yerida joylashgan. Aholisi 3,1 million kishi (2001). G’arbiy gat tog’ining Borgxat dovonidan o’tgan magistraldagi muhim transport yo’llari tuguni. Puna Mumbay bilan iqtisodiy jihatdan bog’liq bo’lgan, tez o’sib borayotgan savdo-sanoat markazi. Mashinasozlik, to’qimachilik, ko’n-poyabzal, qog’oz, kimyo, farmatsevtika sanoati korxonalari; universitet (1949) bor. Puna qadimda, marathlar shahri bo’lgan. 17-asrda marath sultonligi poytaxti. Me’moriy obidalaridan o’rta asrlarda qurilgan Shanvar-Petx qal’asi qoldiqlari saqlangan.