Qabriston, mozor

Qabriston, mozor — marhumlar dafn etiladigan maxsus joy. Qabriston turlari va ularni muhofaza qilish tartibi dafn marosimi, muayyan xalq, din, mazhab, ijtimoiy guruh va boshqalar, shuningdek, hokimiyat organlari tomonidan o’rnatilgan ma’muriy va sanitariya normalari bilan belgilanadi. Dafn etish joylari antik davrda va qadimiy Sharqda nekropol deb atalgan. O’zbekistonda Qabristonga qadimdan alohida e’tibor berilgan. Qabriston uchun ko’pincha tepalik joylar tanlangan, atrofi devor yoki panjaralar bilan o’ralgan. Mashhur kishilar uchun esa maqbaralar qurilgan. O’rta Osiyoda yashovchi boshqa dinga mansub xalqlarning alohida Qabristonlari bo’lgan (masalan, Buxoro yahudiylari qabristoni, eroniylar qabristoni (shialar uchun), Yevropaliklar qabristoni va boshqalar).