Rus tilidan Baxtiyor Eraliyev va Anvar Sherov tarjimasi.
Zomin tumani 1926 yilning 29 sentabrida tashkil topgan. Biroq, uzoq o’tmishga nazar solsak, uning yoshi anchayin ulug’ligiga guvoh bo’lamiz.
Zomin va Zomin okrugi Sug’d, Baqtriya, Farg’ona va Choch kabi qadimiy o’lkalar hamda Sirdaryo va Zarafshon daryolarining tog’-vodiy hududi oralig’ida joylashgan, O’rta Osiyoning qadim ziroatchilik muzofotlaridan biri – Ustrushona tarkibiga kirgan. Shimoliy Ustrushona-jo’g’rofiy jihatdan turli landshaftlar o’lkasi bo’lib, u janub tomonda – Turkiston tizmasi, shimolda-dasht va cho’lu biyobonga tutash pasttekislikdan tarkib topgan.
Tuprog’i tog’da qo’ng’ir, tog’ yonbag’irlarida toshloq va sarg’ish-kulrang soz tuproqdan iborat, ular yonbag’irlarga turli qalinlikda (ba’zan 100 metrgacha) cho’kib qolgan davriy cho’kmalardan hosil bo’lgan. Soz tuproq g’ovakli bo’lib, obikor dehqonchilik uchun g’oyatda qulay, biroq noto’g’ri suv taqsimoti oqibatida tuproqda kuchli yorilish ro’y berishi yoki butunlay yemirilishi mumkin. Natijada, yer sathida chuqur jarliklar yuzaga keladi, relyefda keskin parchalanish sodir bo’ladi. Yer osti suvlari 10 metrdan 50 metrgacha chuqurlikda joylashgan, ularning tuzlari bilan minerallashuvi ham o’zgarib turadi. Asosiy suv ta’minoti tog’dagi mavsumiy soylar hisobiga to’g’ri keladi, ular ichida Zominsuv o’zining nisbatan ulkan hajmi va sersuvligi bilan ajralib turadi. Xususan, may-iyun oylarida suv oqimi yanada ko’payadi, bu – soy suvi yillik sarfining 50 foizi degani. Shuningdek, aprel oyidan sentabrga qadar davom etadigan yuqori suv oqimi Zominni uzoq vaqt bir maromda suv bilan ta’minlashga imkon beradi. Zero, ta’kidlash lozimki, hudud muayyan yer osti suv zaxiralariga ham ega.
O’rta Osiyo tog’li joylardan tog’ yonbag’riga o’tishda va tosh-shag’al jinsli tekislikka chiqish joylarida grunt suvlarining chiqishi uchun maqbul shart-sharoitlar mavjud, bu aynan Zomin tumani uchun ham xosdir. Bularning bari qadim zamonlarda sug’orma va lalmi dehqonchilik bilan chorvachilikni barobar rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlarni yuzaga keltirgan.
Ustrushona O’rta Osiyodagi ko’plab yirik voqealar guvohi bo’lgan. Ahamoniylarning bosqinchilik yurishlari, mahalliy qabilalarning makedoniyalik Aleksandr lashkalariga qarshi qahramonona kurashi shular jumlasidandir. Zomin rustaki hududida, xususan, undan sharqroqda – Xo’jamushkentsoy, Savat va Bosmandasoy etaklarida, G’onchi va Gazandara tevarak-atrofida 25 asr oldin hayot qaynagan manzilgohlar qoldiqlari topilgan. Zomin va uning rustaki miloddan avvalgi VII asrning birinchi yarmida qayd etilgan yozma manbalarda tilga olingan. Biroq, ular ham Zominning yoshi aniq ko’rsatilmagan. Undan avvalgi ma’lumotlar hududning qadim va ko’hna madaniyatga ega bo’lganidan dalolat bermoqda.
Arxeologik manbalarga qaraganda, Zomin shahrining yoshi kamida ikki ming yillik tarixga ega bo’lib, u uzoq o’tmish – miloddan avvalgi II-I asrlarga borib taqaladi. U shakllangan va kamol topgan paytlarda chegarasi goh kengaygan, ba’zida turli tarixiy voqealar sababli qisqarib borgan. Biroq Ustrushona – Zominsuv negizida tashkil topgan Zomin aholisining zichligi bois hamisha markaz hisoblangan. Zomin o’rta asrlarda Ustrushonaning eng muhim va obro’li rustaklaridan biri sanalgan. E’tiborli jihati shundaki, u yerdan Sug’d bilan Choch, Yettisuv, Xo’jand, Farg’ona, Xitoy kabi qadimiy o’lkalarni birlashtiruvhci gavjum xalqaro karvon yo’llari o’tgan. Bu karvon yo’llari, Zarafshon vodiysining so’qmoqlari va Ustrushonaning tog’li rustaklari orqali aynan Zominga kelib tutashgan. U yerda yirik ma’muriy va savdo markazi mavjud bo’lib, u nufuz jihatidan faqatgina Ustrushonaning poytaxti – Bunjikatdan keyingi o’rinda turgan, xolos. Shu bois, mazkur hududning tarixi Sug’d va Ustrushonaning o’tmishi bilan qiziqqan ko’plab mutaxassislarning diqqat markazida bo’lgan. 1946 yilda yirik respublikalararo sug’d-tojik arxeologiya va etnografiya ekspeditsiyasi qidiruv-tekshiruv ishlarini boshlab yuboradi, xususan, leningradlik olima O.Smirnova rahbarligi ostidagi otryad Zominsuv havzasining janubiy qismi bo’ylab qidiruv ishlarini olib boradi. Otryad tomonidan Zarafshon vodiysiadn Iskandar qo’lga va Zominsuvdan Zominga qadar cho’zilgan o’rta asrlar yo’li tadqiq etiladi, shuningdek, hududning noyob yodgorliklaridan biri – Miq qal’asi haqida ko’plab ma’lumotlar to’plandi. Mahalliy aholining so’zlariga qaraganda, Miq qishloqg’ida qal’a qoldiqlari bo’lib, u yerda turli xil tangalar, bus-butun idishlar va ularning bo’laklari topilgan. 1950 yilda Bosmandasoy va Oqsuv soylari bo’ylab ikki yo’nalishga ajralgan Kurkat va Gulakandoz orqali Zomindan Xo’jandgacha bo’ylab ikki yo’nalishga ajralgan Kurkat va Gulakandoz orqali Zomindan Xo’jandgacha bo’lgan savdo yo’llari tadqiq etiladi.
Keyingi yillarda tadqiqotchilar asosiy e’tiborni chorvachilik madaniyati yodgorliklarini o’rganishga qaratdilar. 1964 yilda O’zR FA Tarix va arxeologiya instituti Samarqand otryadining M.Aminjonova boshchiligidagi maxsus guruhi arxeologik yodgorliklar majmuasini tuzish va xaritasini tayyorlash maqsadida qidiruv-tekshiruv ishlarini o’tkazish bilan bir qatorda, Zomin tumanini tizimli ishlarini o’tkazish bilan bir qatorda, Zomin tumanini tizimli ravishda o’rgana boshlaydi. Dastlab 1937 yilda yo’l yotqizish jarayonida qattiq shikastlangan Zomindagi O’rda (Qo’rg’ontepa) tepa shahar yodgorligining tarixiy-topografik tavsifi yaratildi. Jiddiy tadqiqotlar va olingan materiallarga asoslanib, mazkur shahar yodgorligi Zomin rustakining markaziy shahri bo’la olmasligi, uni tog’lar oralab oqib tushadigan Zominsuv atrofidagi arxeologik ob’yektlardan izlash kerakligi haqidagi xulosaga kelinadi. Bundan tashqari, Zominsuv etagi va tog’ yonbag’ri hududida joylashgan bir qancha arxeologik yodgorliklar ham qayd etiladi. 1973-1974-yillarda San’atshunoslik instituti, O’zbekiston tarixi va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyati tizimidagi ToshDUning arxeologiya kafedrasi otryadlari hamkorligida Zomin vohasi yodgorliklarini anchayin to’liq va mufassal ro’yxati tuziladi. Bundan oltmishdan ziyod ob’yekt tizimlashtirildi va ro’yati olindi. Rosti, mazkur tadqiqotlar, asosan, tumanning cho’l hududlariga daxldor edi. O’sha paytdayoq yodgorliklarning asosiy qismi yerlarni xo’jalik uchun o’zlashtirish jarayonida mahv bo’lgani yoki qisman vayron bo’lgani ta’kidlab o’tilgan. N.Nemtseva va G.Dresvyanskaya boshchiligidagi ushbu otryad tomonidan olingan materiallarga ko’ra, ilk o’rta asrlarda Shimoliy Ustrushonada hayot qizg’in tus olgan. O’rdatepa, Qo’rg’ontepa, Oqtepa va Jartepa yodgorliklarida esa o’rta asrlardagi Zominning qoldiqlari saqlanib qolgan bo’lishi ham mumkin, degan taxminiy ilmiy qarashlar bayon qilingan.
Shuningdek, 1977 yilda Yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyati tashabbusi bilan Zominsuv, Jaloyirsoy, Turkmansoy, Oqbuloqsoy va ularning negizini tashkil etuvchi suv manbalari hamda Zomin tumani tog’ tizmasi bo’ylab tadqiqotlar olib boriladi. Suluktasoy, Chillamozorsoy va Beshbuloq etaklarida qadimgi yiik qabriston qoldiqlari, xususan, ustiga toshlar uyulgan mozor-qo’rg’onlar ham qayd etilgan. Ilk marta Miq qal’asi va uning atrofida joylashgan Yettikechuvsoy yuqorisidagi tog’-kon qazilmalari qoldiqlari tadqiq etildi va tavsiflandi. Bu davrda umumiy hisobda yigirmadan ortiq yodgorlik aniqlanib hisobga olindi.
Tadqiqot ishlari keyingi yillarda ham davom etadi. 1984 yilda Miq qal’asi atrofida Jizzax tadqiqot guruhi tomonidan ilk va rivojlangan o’rta asrlardagi qishloq makonlari tadqiq etiladi. Shuningdek, qabr ustiga tosh uyulgan mozorqo’rg’onlar, tuproqqo’rg’onlar, Qashqasuv, Qizilmozor va Boyqo’ng’ir qishloqlari atrofida ham ostadonlar ko’milgan joylar topiladi. Tadqiqotchilar o’sha davrlarda tog’ yonbag’irlarida aholi zich bo’lmaganini qayd qilishgan. A.Berdimurodov tomonidan Achchi qishlog’i tepaligi qazish ishlari olib borilgan.
Faqat 1985 yilga kelib, rejali asosda yirik qazilma ishlari boshlab yuboriladi. Bunda tumanning cho’l va tog’ qismlarida arxeologik tadqiqotlar olib boriladi. Cho’l zonasida nomdosh qishloq yaqinida (sobiq “Qizil Chorvador” sovxozi yerlari) ko’hna shahar – Kultepa statsionar qazilmalar ob’yektiga aylanadi. Dastlabki qazilma ishlari tadqiqotning istiqbolli tomonlarini ko’rsatib beradi. Keyinchalik, bu ko’hna shahar o’rta asrlar arab geograflari asarlarida qayd etilgan Sabot rustakining bosh shahri sifatida e’tirof etiladi. Yodgorlikning e’tiborli jihati shundaki, u o’zida nafaqat Ustrushonadagi yirik shaharlardan birining xarobalarini yashirgan, balki uning hududi amalda butunicha teginilmagan holda bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Ustrushonaning o’rta asrlarga oid qolgan barcha shaharlari insoniyatning qishloq xo’jaligi faoliyati natijasida u yoki bu darajada zarar ko’rgan, xususan, ko’hna Zomin ham bundan mustasno emas. Tadqiqotlar davomida Ustrushonaning o’rta asrlardagi shahri – Kultepaning yuzaga kelishi va rivojlanish tarixi, uning noyob moddiy, ma’naviy madaniyati, shahar qurilishi sur’atining o’sishi, savdo-sotiq, hunarmandchilik kabi barcha masalalarni o’rganish imkoniyati paydo bo’ldi. Mazkur yodgorlikni ilm-fani ravnaqi yo’lida, shunigndek kelajak avlod uchun asrab-avaylashning muhimligi ham ana shunda. Xususan, uning shimoliy qismi, allaqachon turli xildagi qurilishlar uchun o’zlashtirila boshlangan edi.
Hududning tog’li qismidagi to’rt ob’yektdan iborat bo’lgan o’rta asrlarga mansub Miq (I-IV) qishlog’ida uzoq yillar davomida qazishma ishlari olib boriladi. Olib borilgan izlanishlar natijasida odam oyog’i yetishi mushkul bo’lgan, qazilma boyliklari, rudani qayta ishlash, qurol hamda temirdan turli xil maishiy buyumlar tayyorlashda mashhur bo’lgan Ustrushonaning tog’li rustaklaridan biri – Mink haqida yetarlicha asosli materiallar olim imkoni paydo bo’ladi.
O’sha yillarda YuNESKOning “Ipak yo’li – xalqlararo muloqot yo’li” dasturi asosida Buyuk Ipak yo’li cho’lu dasht trassalari o’rganilishi asnosida Zomin hududi ham tadqiq etiladi. Xususan, Samarqand-Zomin, Zomin-O’ratepa, Zomin-Xo’jand hamda Zomin-Xovos orqali Chochga olib boradigan yo’llarga aniqlik kiritish ustida izlanishlar olib boriladi. Mazkur yo’llarda Zominning muhim o’rni borligi sabab, uni maxsus tadqiq etish masalasi o’rtaga tashlanadi.
1991 yilning bahorida O’zFA Arxeologiya instituti qoshidagi Sirdaryo, keyinchalik Zomin otryadlari tomonidan Zomin va uning atrofidagi hududlarda joylashgan yodgorliklarda qazuv tadqiqotlari boshlab yuboriladi. Yirik arxeologik tadqiqotlar Zominning uzoq o’tmishga egaligi (2000 yildan ortiq), bu, o’z navbatida, Zomin O’zbekistoning eng qadimgi aholi manzili, tarixiy shaharlaridan biri ekanini isbotladi.
Mo’g’ul istilosi oqibatida, shuningdek, temuriylar qo’shinlari bilan feodal va ko’chmanchi o’zbeklar orasidagi urush, o’zaro nizolar sabab qo’ldan-qo’lga o’tib kelgan Zomin qashshoqlashadi shahar madaniyati esa inqirozga yuz tutadi. Bu, aholining qisman etnik tarkibi o’zgarishiga hamda hududning iqtisodiy hayotiga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Ta’kidlash joizki, shahar tarixining so’nggi bosqichlari deyarli o’rganilmagan.
Zomin, nafaqat XVI-XVIII asrlarda keltirilgan yozma tarixiy manbalarda, balki temuriyzoda Zahiriddin Bobur tomonidan ham ko’p marotaba tilga olingan. So’nggi yuz yillikda geologiya va gidrologiya sohasi mutaxassislari, rus sayyohlari hamda Mirzacho’l bilan bog’liq turli masalalar bilan qiziqqan mutaxassislar tomonidan shimoliy Ustrushonaning ayrim joylari haqida qator asarlar yozildi.