Qaynama

Qaynama — ariq suvini yo’l yoki ko’cha ostidan o’tkazish uchun mo’ljallangan gidrotexnika inshooti. Uzunligi yo’l yoki ko’chaning eniga teng keladigan yoki undan uzunroq asbest yoki metall quvur hamda quvurning ikki uchiga qilingan beton yoki metall hovuzlardan iborat. Quvurning diametri va hovuzlarning o’lchami ariqdagi suvning hajmiga bog’liq bo’ladi. Qaynama qurishda yog’in suvlari ham hisobga olinadi. Qaynamaning o’ziga xos tomoni shundaki, quvurdagi suv sathi hovuzlardagi suv sathidan ancha past bo’ladi. Quvurga suv kiradigan hovuzdagi suv sathi quvurdan suv chiqadigan hovuzdagi suv sathidan balandroq yoki unga teng bo’lishi lozim. Bir hovuzdan kirgan suv ikkinchi hovuzdan “qaynab” chiqadi (nomi shundan). Qaynama sifon printsipida ishlaydi.