Qayrag’och

Qayrag’och — qayrag’ochdoshlar oilasiga mansub barg to’kuvchi daraxtlar turkumi, manzarali o’simlik. Asosan, O’rta Osiyo va Ozarbayjonda o’sadi. 80- 120 (400-500) yil yashaydi. Qayrag’och yorug’sevar, qurg’oqchilikka chidamli, sovuqqa chidamsiz. Tog’larning 1500 metrgacha baland yerlarida ham uchraydi. O’zbekistonda Qayrag’ochning po’kak Qayrag’och, pakana Qayrag’och, maydabarg Qayrag’och, silliq Qayrag’och, bujun Qayrag’och, dala Qayrag’och i, ayniqsa, sada Qayrag’och va asl Qayrag’och (gujum) yoki Androsov Qayrag’ochi keng tarqalgan. Bu Qayrag’ochning bo’yi 10-15 metr, shoxshabbasi qalin, sharsimon, barglari ketma-ket joylashgan, tuxumsimon. Mart-aprel oylarida gullab urug’laydi. Gullari ikki jinsli. Urug’i yong’oqcha (danakcha). Quyuq soya berishi va chiroyli ko’rinishi tufayli G’arbiy va O’rta Osiyoda, Zakavkazeda hovli, bog’larda, xiyobonlarda o’stiriladi. Qayrag’ochning hamma turlari o’rmonlar, parklar, ihota daraxtzorlari barpo etish uchun ekiladi. Yog’ochi duradgorlikda turli buyumlar yasashda, asbobsozlik, uskunasozlik va mashinasozlikda ishlatiladi. Urug’i va ildiz bachkisidan ko’paytiriladi.