Qayrag’ochdoshlar

Qayrag’ochdoshlar — ikki urug’pallali o’simliklar oilasi. Daraxt va butalardan iborat. Barglari oddiy, tishli, asimmetrik, navbatlashib o’rnashgan. Gullari ikki yoki bir jinsli, qalqonsimon to’pgulga yig’ilgan, ba’zan yakka-yakka joylashgan. Gulqo’rg’oni oddiy, 3-8 bargchali. Mevasi qanotcha, yong’oqcha yoki danakcha. Qayrag’ochdoshlar 13 turkum (140 tur)dan iborat. Har ikkala yarim sharda tarqalgan. O’zbekistonda 2 turkumi (10 turi) uchraydi, shundan 9 turi ekiladi. Sadaqayrag’och, g’ujum qayrag’och, burj yoki O’zbekiston qayrag’ochi, po’kak qayrag’och va qatrang’ining ahamiyati katta.