Qayroq
Qayroq — jismi sadolanuvchi (idiofon) urma cholg’u. O’zbek, tojik, uyg’ur va boshqalar sharq xalqlarida tarqalgan. Asosan, raqqos(a), dorboz, yog’ochoyoq o’yinchilar tomonidan qo’llaniladi. Qayroq ikki juft silliq yupqa toshdan iborat. Xorazmda Qayroqni tosh va metall bo’laklari tashkil etishi mumkin. Ijrochi har bir qo’liga bir juftdan Qayroq olib ularni bir-biriga urib sadolantiradi. Qayroqda raqs harakatlariga mos turli usullar (ko’pincha “rez”) hosil qilinadi. Buxoroda “Qayroqbozi”, Xorazmda “Orazibon”, “Norimnorim” kabi Qayroq jo’rligida ijro etiladigan raqslar mashhur. Ispaniya, Italiya, Lotin Amerika xalqlarida keng tarqalgan (hozirda, simfonik orkestr va ba’zi ansambllar tarkibiga kirgan) kastanetalar Qayroqga yaqin. U kichik qoshiqsimon, yapaloq bo’lib, qattiq yogoch yoki plastmassadan yasaladi.