Qayruvon

Qayruvon — Tunisning Sharqiy qismidagi shahar, Qayruvon viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 110,3 ming kishi (1998). Mamlakatning muhim tarixiy, diniy, savdo-hunarmandchilik va turizm markazi. Transport yo’llari chorrahasi. Tsellyulozaqog’oz zavodi, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. G’alla, jun bilan savdo qilinadi. Qayruvon — badiiy hunarmandchilik markazi. Metall, teridan turli buyumlar yasaladi, gilam to’qiladi. Shaharga 670 yilda asos solingan. 7-asr oxirlarida Mag’ribdagi Umaviylar noiblarining qarorgohi bo’lgan. 800— 909 yillarda Ag’labiylar davlati poytaxti, o’sha davrda shahar ayniqsa rivoj topgan. Fotimiylar tomonidan poytaxt Mahdiya shahriga ko’chirilgach, Qayruvonning mavqei pasayib bordi. Shahar Tunisda Islom dinini yoyish markazi bo’lib qoldi. 1057 yilda shahar badaviylar tomonidan vayron qilindi. 13-asrda barbarlarning Xafsiylar sulolasi tomonidan tiklangan. Qayruvonni 1881 yilda frantsuz qo’shinlari bosib olgan. 1956 yildan mustaqil Tunis davlati tarkibida. Madina qismi ichki hovli va yassi tomli an’anaviy uylardan iborat. Shahar shinakli qal’a devori bilan o’ralgan (761, 11-asr oxiri, 13-asr, 18-asr boshlari). Ustunlari ko’p katta xona, ravoklar bilan o’ralgan hovli va minorasi bo’lgan Sidi Oqba masjidi (katta masjid, 670 yilda asos solingan. 9-asrda qayta qurilgan), “uch eshikli masjid”, Islom san’ati muzeyi bor. Shuningdek, ispan mag’rib, turk san’ati an’anasida qurilgan me’moriy obidalar ham saqlangan. Madinadan Janubda zamonaviy jamoat va ma’muriy binolar qurilgan. Qayruvon atrofida hokimlar qarorgohlari — shaharlar xarobalari: Qasr alqadim, sabr alMansuriya va hokazolar saqlangan. Qayruvon — Mag’rib musulmonlarining ziyoratgohi.