Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik
Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik, komparativizm — adabiyotshunoslikda 19-asrning 2-yarmida pozitivizm ta’siri ostida Yevropada paydo bo’lgan maktablardan biri; adabiyot tarixining xalqaro adabiy aloqalar va munosabatlarni, turli mamlakatlardagi adabiy-badiiy voqea-hodisalarning o’xshash va farqli jihatlarini o’rganuvchi bo’limi. Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik namoyandalari asosiy e’tiborni adabiy oqimlar, milliy adabiyotlar va ayrim asarlar, obraz va syujetlar o’rtasidagi o’xshashlikni aniqlashga qaratadilar, syujetlar migratsiyasini, ya’ni xalqdan xalqqa ko’chishini adabiy rivojlanishning omili deb qaraydilar. Shuni aytish kerakki, adabiy voqea-hodisalarning o’xshashligi, bir tomondan, xalqlarning ijtimoiy va madaniy rivojlanishidagi o’xshashlikka, ikkinchi tomondan esa, ular o’rtasidagi madaniy va adabiy aloqalarga asoslanadi; shunga muvofiq ravishda adabiy jarayonning tipologik o’xshashliklari hamda “adabiy aloqalar va ta’sirlar” farqlanadi. Odatda, ular o’zaro ta’sir, aloqada bo’lsada, biroq bu narsa ularning qo’shilib, qorishib ketishini tasdiqlamaydi. Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslikning dastlabki belgilari nemis olimlari I.G.Gerder, J.Benfey, ingliz olimi J.Denlon va rus olimi F.I.Buslaev asarlarida namoyon bo’lgan bo’lsada, uning asosiy printsiplari yevropalik X.M.Poznett va rossiyalik A.N.Veselovskiy asarlarida uzil-kesil ta’rif-tavsifga ega bo’ladi. Komparativistlar, ya’ni Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik namoyandalari insoniyatning badiiy taraqqiyotiga oid ma’lumotlarni yig’ish, turli mamlakatlar adabiyotlari va folklori o’rtasidagi ayrim o’xshashlik va aloqalarni aniqlash ishiga katta hissa qo’shdilar. Biroq ular badiiy voqealarni aksar hollarda qarama-qarshi tabaqalar kurashidan holi tarzda o’rganib, asarlarning ijtimoiy mazmuniga yetarlicha e’tibor qaratmadilar, asosan, syujet, obraz, motiv, ko’chim (trop)lar kabi shakliy unsurlarga hamda ularning “o’zlashtirilishi”ga ahamiyat berdilar. Bu holat ma’lum darajada sxematizm va sub’yektivizmga, milliy adabiyotlar o’ziga xosligini inkor etishga, “o’zlashma” syujetlar rolini bo’rttirib ko’rsatishga olib keladi. 20-asr rus adabiyotshunoslaridan N.I.Konrad, V.M.Jirmunskiy, V.Ya.Propp, I.G. Neupokoeva va boshqalar, G’arbiy Yevropa va Amerika komparativistlaridan farqli ravishda, adabiyotlar va folklorni qiyosiy o’rganishda o’xshashliklarni nafaqat syujet yoki motivlarning oddiy ko’chishi sifatida, balki tipologik hodisalar sifatida izohlaydilar. O’zbek olimlaridan F.Sulaymonova, B.Sarimsoqov, K.Imomov, H.Homidiy, M.Jo’rayev va boshqalarlarning asarlarida u yoki bu darajada Qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik unsurlari uchraydi. Ad.: Vzaimosvyazi i vzaimodeystvie natsionalnnx literatur. Material1 diskussii, M., 1961; Neupokoeva I . G., Problemn vzaimodeystviya sovremennnx literatur, M., 1963; Konrad N.I.,Zapad i Vostok. Stati, 2izd., M., 1972; Sulaymonova F., Sharq va G’arb, T., 1997; Jo’raev M., Shomusarov Sh., O’zbek mifologiyasi va Arab folklori, T., 2001. Bahodir Sarimsoqov.