Qo’ng’ir ko’mir
Qo’ng’ir ko’mir — ko’mirlanish darajasi eng past bo’lgan qazilma ko’mir, torfning toshko’mirga aylanishdagi shakli. Qo’ng’ir ko’mir torfdan o’ta zichligi va ajratib turuvchi qoldiqlarining kamligi bilan; toshko’mirdan esa qo’ng’ir rangi bilan ajralib turadi. Qo’ng’ir ko’mir havoda mayda bo’laklarga bo’linib ketadi. Ular uchun gumin kislotasining ko’pligi, yuqori gigroskopiklik va namlik xosdir. Qo’ng’ir ko’mirning yonuvchi massasida uglerod 55— 78%, vodorod 4-6,5% va undan ko’proq, kislorod 15-30% bo’ladi; yonuvchi massaning yonish issiqligi 22,6 — 31,0 MJ/ kg (5400-7400 kkal/kg); birlamchi smolaning chiqishi 5-20% va undan ko’proq; ko’mirning petrografik tarkibiga nisbatan yonuvchi moddalarning tarkibi 65 dan 40% gacha bo’ladi. Qo’ng’ir ko’mirning rangi och sariqdan qoragacha; zichligi 1,2—1,5 g/sm3. Yuqori temperatura va bosimning uzoq muddatli ta’siri natijasida Qo’ng’ir ko’mirlar toshko’mirga, ular esa antrasitga aylanadi. Genetik belgilariga ko’ra Qo’ng’ir ko’mir yumshoq, qattiq va tuproqsimon turlarga bo’linadi. Qo’ng’ir ko’mirning katta konlari va havzalari mezozoy va kaynozoy davrlari uchun xos. Qo’ng’ir ko’mirlar kichik qatlamlardan tortib juda katta qatlamlar (100— 120 metr) hosil qilgan. Dunyo bo’yicha qazib olinayotgan ko’mirning 20% Qo’ng’ir ko’mirga to’g’ri keladi. Uning konlari xorijda Rossiya Federatsiyasi, Qozog’iston, Polsha, Germaniya va AQShda mavjud. O’zbekistonda Angren ko’mir konida, xorijda Sho’rob ko’mir konida qazib olinadi. Qo’ng’ir ko’mirdan energetik yoqilg’i va kimyoviy xom ashyo sifatida foydalaniladi.