QONUNIYLIK

QONUNIYLIK — qonunlar va ularga muvofiq chiqarilgan huquqiy hujjatlarga barcha davlat organlari, mansabdor va boshqa shaxslarning og’ishmay to’la amal qilishi. Qonuniylik demokratiya va huquqiy davlatnnng elementlaridan biri. Qonuniylikning quyidagi prinsiplari bor: Qonuniylikning birligi (mamlakat hududida qonun va qonunga asoslangan hujjatlar bir xilda tushunilishi va qo’llanilishi); konstitutsiya va qonunlarning ustunligi (barcha normativ va individual huquqiy hujjatlar konstitutsiya va qonunlar asosida qabul qilinishi hamda ularga zid kelmasligi); inson va fuqaro huquq hamda erkinliklari, burchlarining kafolatlanganligi; Qonuniylikning madaniyat bilan bog’liqligi (jamiyat a‘zolari yuqori darajada madaniyatli, jumladan, huquqiy madaniyatli bo’lgandagina Qonuniylikka erishish mumkin); Qonuniylikning maqsadga muvofiqligi (qonun va qonun osti) hujjatlari davlat va jamiyatning manfaat, maqsadlariga mos kelishi. Bunda maqsadga muvofiqlilik bilan Qonuniylik o’rtasida ziddiyat kelib chiqmasligi zarur). Qonun va qonunga asoslangan hujjatlarga to’la rioya etishni ta‘minlovchi vosita va sharoitlar Qonuniylikning kafolatlari hisoblanadi. Bunday kafolatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy, mafkuraviy, maxsus yuridik jihatlari bor. Jamiyatning iqtisodiy rivojlanish darajasi, turli shakldagi mulkchilik. Jamiyatdagi iqtisodiy erkinliklar Qonuniylikning ijtimoiy-iqtisodiy kafolati bo’ladi. Siyosiy hurfikrlilik, ko’ppartiyaviylik, davlat tuzumining demokratik tamoyillarga mosligi Qonuniylikning siyosiy kafolatini belgilaydi. Qonun va qonunga asoslangan hujjatlarni tatbiq etish va ularning nazoratini ta‘minlovchi samarali mexanizmning mavjudligi Qonuniylikning tashkiliy kafolatidan darak beradi. Aholining huquqiy ongi darajasi, axloqiy tarbiyasi Qonuniylikka mafkuraviy kafolat beradi. Qonuniylikning ta‘minlanishi uchun amaldagi qonunchilikda mavjud usul va vositalar maxsus yuridik kafolat vazifasini bajaradi. Jamiyatda Qonuniylik amalda bo’lgan holdagina huquqiy tartibot o’rnatiladi.