Qoqshol

Qoqshol — o’tkir infektsion kasallik; nerv sistemasining qoqshol bakteriyalari toksinidan zararlanishi natijasida organizmdagi turli muskul guruhlarining tortishishi bilan kechadi. Kasallikni Qoqshol bakteriyalari qo’zg’atadi. O’txo’r hayvonlarning ichagi Qoqshol bakteriyalari uchun qulay sharoit hisoblanadi. Bu yerda ular vegetativ shaklda bo’ladi, tashqariga ajralib chiqqach, sporalarga aylanadi; ular tashqi muhit ta’siriga chidamli. Sporalar odam organizmining yaralangan, shikastlangan joylari orqali anaerob sharoitga tushgach vegetativ shaklga aylanib, kuchli ekzotoksin ajratadi. U nerv sistemasining hujayralariga ta’sir ko’rsatadi; ayniqsa, bosh miyaning hayotiy zarur markazlari shikastlanadi. Chaqaloqlarga kindik yarasi orqali yuqishi mumkin. Bakteriyalar 5 kundan 1 oygacha hech qanday kasallik alomatlarini paydo qilmay organizmda yashayveradi (inkubatsion davr). Ba’zan jarohatning tortishib og’rishi, uning yaqinidagi muskullarning tortishib titrashi Qoqsholning belgilaridir. Aksari kasallikda dastlab chaynov muskullari tortishadi (trizm). Bunda bemor og’zini ochishga qiynaladi, keyin butunlay ocholmay qoladi, xuddi kulib turganga o’xshaydi, qoshlari ko’tariladi, peshonasida chuqur ajinlar paydo bo’ladi. Boshi orqaga ketadi, tanasi yoydek egilib, faqat boshi va tovonlari bilan tiralib qoladi. Bemor salgina ta’sirot (shovqin, yorug’lik, tegib ketish, yutinishga urinish)dan tirishib qoladi. Bemor kasalxonada davolanadi; vaqtida yaxshilab davo qilinsa, bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Qoqsholning oldini olish Qoqshol anatoksinini rejali ravishda yuborishdan iborat.