Qoraqum

Qoraqum — Osiyodagi eng katta qumli cho’l. O’rta Osiyoning Janubda. Turkmanistonning asosiy qismini egallaydi. Shimolda Sariqamish botig’i, shimoli- Sharqda va Sharqda Amudaryo vodiysi, Janubi-Sharqda Qorabel va Bodxiz qirlari, Janubda Kopetdog’ etaklari, g’arbda qadimgi daryo o’zani O’zbo’y bilan chegaradosh. Maydoni 400 ming km2. Qoraqumning asosiy qismi yosh grabenda joylashgan pasttekislikdan iborat. O’rtacha balandligi 100 metr, Janubi-sharqida 200-300 metr, shimoli-g’arbida esa 30-50 metr. Qoraqumda paleogen davrining oxiri (oligosen)gacha dengiz rejimi hukm surgan. Dengiz chekingach, allyuvial yotqiziqlar to’plangan. Qoraqumning shimoliy qismlari Amudaryo, Janubiy qismlari Tajan, Murg’ob daryolari va Kopetdog’dan oqib tushgan qadimgi daryo yotqiziqlaridan hosil bo’lgan. Qoraqum tabiiy geografik jihatdan uch qismga: Ung’uzorti Qoraqum (shimolda), Markaziy (past) Qoraqum va Janubiy-Sharqiy Qoraqumga bo’linadi. Qoraqumning morfoskulptura relefi juda murakkab. Unda to’zima barxan qumlari, barxan zanjirlari, pastak kum tepalari, do’ng qumlar, qator tepa qumlari va ko’zanak qumlar kabi eol relef shakllari keng tarqalgan. Pastqam yerlarda sho’r, sho’rxok va taqirlar uchraydi. Qoraqumning 9/10 qismi qumli yerlardan iborat. Qator tepa qumlari Markaziy Qoraqum bilan Ung’uzorti Qoraqumida keng tarqalgan. Ular meridianal yo’nalgan, mustahkamlangan uzun qum tepalaridir. Janubi-Sharq va Markaziy qismlarida qator tepa qumlarining balandligi 3-5 metrdan 30 metrgacha, ular orasidagi chuqurlik (jo’yak)larning eni 150-200 metr. Qadimgi Amudaryoning miosen va Pliotsen gil-qum yotqiziqlaridan tuzilgan Ung’uzorti Qoraqumida qator tepa qumlarining balandligi 40-60 metr, ular oralig’i esa o’rtacha 0,5 kilometr bo’lgan qator sho’rxok soyliklardan iborat. Ung’uzorti platosi epigersin plitada joylashgan bo’lib, ustini qalin mezokaynozoy yotqiziqlari qoplagan. Platoning yuzasi nisbatan tekis bo’lib, ko’proq paleogen davrining qumtosh, mergel va gillaridan tashkil topgan. Bular orasida gips va oltingugurt qatlamlari uchraydi. Markaziy (Past) Qoraqum chekka bukilmada joylashgan bo’lib, paleozoy jinslaridan iborat. Amudaryo Markaziy Qoraqumdan (bundan taxminan 20-30 ming yil avval) oqmay qo’ygan. Hazar dengizi (taxminan 15-20 ming yil avval) Markaziy Qoraqumda sathi 50 metr mutlaq balandlikdagi keng qo’ltiq hosil qilganda, uning suvi sho’r edi, chunki Amudaryo Xorazm botig’i tomon oqqan. Qoraqumning iqlimi keskin kontinental, quruq subtropikka xos xususiyatlari bor (mo’tadil havo massalari yozda tropik havo massalari bilan almashinib turadi). Shimolda yanvarning o’rtacha temperaturasi -5°, Janubda 3°, iyulniki shimolda 28°, Janubda 34°. Havo temperaturasining sutkalik amplitudasi juda katta (50°gacha, tuproqda 80°gacha). Yillik yog’in 60 mm dan 150 mm gacha (Janubda ko’proq). Yog’inning 70% noyabr—aprelda yog’adi. Vegetatsiya davri 220-275 kun. Yiliga 30-60 kun garmsel esadi. Qoraqumning shimoli-Sharqiy chegarasidan Amudaryo oqib o’tadi; Tajan va Murg’ob daryolari qumga singib ketadi. Qoraqum grunt suvlariga boy: Amudaryo yaqinida 3-6 metrdan (bu Daryo Qoraqumdagi hamma yer osti suvlarining asosiy manbaidir), Qorabel qirlarida 300 metrgacha chuqurlikda yotadi. Qoraqumda bo’z qo’ng’ir (asosan, Ung’uzorti Qoraqumda), cho’l qum tuproqlari, sho’rxoklar va taqir tuproqlar tarqalgan. Janub va Janubi-Sharqiy qismlarida qisman bo’z tuproqlar uchraydi. Bahorda Qoraqumning barxan qumlaridan tashqari hamma hududi efemer va efemeroidlar bilan qoplanadi. Rang (Iloq) qo’ylarning asosiy ozuqasi, oq va qora saksovul, butalardan Qandim, quyon-suyak, chakanda, astragallar Qoraqumning tropik o’simliklaridir. Barxan qumlarini mustahkamlashda selin, quyonsuyak va Qandim, cherkez katta ahamiyatga ega. Sut emizuvchi hayvonlardan jayran, qarsaq tulki, bo’ri, barxan mushugi, dasht mushugi, kemiruvchilar uchraydi. Qushlardan boyqush, to’rg’ay, cho’l qarg’asi, chumchuqlar yashaydi. Sudraluv-chilardan ilonlar (charx ilon, o’q ilon, dasht bo’g’ma iloni, ko’zoynakli ilon va boshqalar), kaltakesaklar — agama, gekkon, echkemar (uzunligi 1,5 metrgacha), dasht toshbaqasi xos. Falanga, qoraqurt va chayonlar bor. Cho’lning ko’p qismi qo’y va tuyalar uchun yil bo’yi yaylov. Foydali qazilmalari: oltingugurt, neft, gaz. Qoraqumning Janubi qismidan Qoraqum kanali o’tgan. Qoraqum orqali O’rta Osiyo — Markaz gaz quvuri o’tkazilgan. Qoraqumda ekstensiv chorvachilik mavjud. Daraxtlar o’tkazish va ko’chma qumlarni mustahkamlash hamda yaylov o’simliklari fitomelioratsiyasi bo’yicha ishlar amalga oshirilgan. Janubiy- Sharqiy Qoraqumda Turkmaniston faning Repetek qumli cho’l ilmiy tadqiqot stantsiyasi joylashgan. Ad.: Fedorovich B.A., Lik pustini, M., 1954; Babaev A.G., Pustinya Karakumi, Ashxabad, 1963; Turkmenistan, M., 1969; Petrov M.P., Pustini zemnogo shara, L., 1973; Pustini Tsentralnoy Azii, M. — L., 1966-67. Murod Mamatqulov.