Qoratepa tog’lari
Qoratepa tog’lari – Zarafshon tog’tizmasining g’arbiy qismi. Sharqdan g’arbga 50 kilometrdan ziyod, shimoldan janubga 35-40 kilometrga cho’zilgan. Sharqiy qismidagi Chaqilikalon tizmasidan Taxtaqoracha dovoni orqali ajralgan. O’rtacha balandligi 1000-1500 metr, eng baland joyi Qumg’aza cho’qqisi (2197 metr). Qoratepa tog’larining yon bag’irlari ko’plab chuqur soy o’zanlari, shimolda Ilonsoy, og’alik, Oqsoy, Sazag’onsoy va boshqalar, Janubda Qashqadaryoning bir qancha o’ng irmoqlari (Makrid, Oyoqchidaryo, Tarag’ay va boshqalar) bilan kesilgan. Suvayirg’ich qismining ba’zi joylarida maydoni kichik tekislangan yuzalar uchraydi. Qoratepa tog’lari yirik gumbazsimon gorst- antiklinal ko’tarilma bo’lib, asosan, paleozoy davrining magmatik, metamorfik va cho’kindi tog’jinslaridan (granit, granodiorit, diorit, slanes, qumtosh, ohaktoshlardan) iborat. Ohaktoshlarda karst relef shakllari: karrlar, g’orlar (Pudanali, Kaptarxona. Hazrati Dovud, Tomchiota. Amir Temur g’orlari va boshqalar) hosil bo’lgan. Iqlimi baland qismida mo”tadil, quyi va g’arbiy qismlarida Kontinental quruq. Yillik yog’in g’arbiy qismida 400-450 mm, sharqida 700— 750 mm. Tog’larda tipik va to’q bo’z hamda jigarrang tuproqlar tarqalgan. Ularda qo’ng’irbosh, qorabosh, bug’doyiq, turli butalar (bodomcha, na’matak va boshqalar), archa o’sadi.