Qo’rg’ontepa tumani
Qo’rg’ontepa tumani — Andijon viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Shimoli-g’arbda Jalolquduq, Janubi-g’arbda Xo’jaobod tumanlari, Sharq, Janubi-Sharq va shimolda Qirg’iziston bilan chegaradosh. Maydoni 0,48 ming km2 ga yaqin. Aholisi 160,4 ming kishi (2005). Tumanda 2 shahar (Qo’rg’ontepa, Qorasuv), 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Dardoq, Savay, Sultonobod, Chimyon, Qo’rg’ontepa) bor. Markazi — Qo’rg’ontepa shahri. Tabiati. Qo’rg’ontepa tumani Andijon viloyatining shimoli-sharqida, Farg’ona va olay tizmalarining etak qismida joylashgan. Yer yuzasi sharqdan (balandligi 1000 metrgacha) g’arbga (500 metrgacha) pasayib boruvchi tog’oldi qiya tekisligidan va Toshohur, Suzoq adirlaridan iborat. Iqlimi kontinental; yozi issiq, qishi nisbatan sovuq. O’rtacha temperatura yanvarda -2° dan -3° gacha, iyulda 26-26,5°. Eng past temperature qishda -24°, eng yuqori temperatura yozda 41°. Yiliga 250-400 mm yog’in tushadi, asosiy qismi qish va bahor oylarida yog’adi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tuman hududidan Qoradaryo va uning tarmoqlari Shahrixonsoy va Qorag’unon arig’i, Janubiy chegarasidan savay kanali oqib o’tadi. Tuproqlari o’tloqi, o’tloqi bo’z tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra va boshqalar, asosan, adirlarda va haydalmagan erlarda o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan adirlarda bo’ri, tulki, jayra, shuningdek, turli xil sudraluvchilar, kemiruvchilar, qushlar, suvlarida baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qirg’iz, tojik, rus, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 334 kishi. Shahar aholisi 57,5 ming kishi, qishloq aholisi 102,9 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, g’isht zavodlari, don mahsulotlari, “Samo” aktsiyadorlik jamiyati, “Annur” mas’uliyati cheklangan jamiyat, non kombinati, mahalliy sanoat gazlama, attorlik buyumlari, tikuvchilik, paypoq to’qish fabrikalari, to’qimachilik korxonalari, avtokorxona, MTP, qurilish tashkilotlari, dehqon bozori, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Kichik va o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar, “el-jihoz” qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlari — paxtachilik va g’allachilik. Sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka etishtirish, tokchilik va bog’dorchilik ham rivojlangan. 12 jamoa va shirkat xo’jaliklari, 282 dehqon va fermer xo’jaliklari ishlab turibdi. Tumandagi ekin maydonlariga paxta, g’alla, kartoshka ekiladi. Pichanzor va yaylovlar, mevazor va tokzorlar bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 42 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan 19,9 mingdan ortiq sigir), 55,8 mingga yaqin qo’y va echki, 142,2 mingga yaqin parranda, 975 yilqi boqiladi. Tumanda 55 umumiy ta’lim maktabi (36,5 ming o’quvchi), bolalar musiqa va sport maktablari, 4 kasb-hunar kolleji (2432 talaba), Mehribonlik uyi faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning 36 ta tarmog’i (371,1 mingdan ziyod asar), o’lkashunoslik muzeyi, klub muassasalari, madaniyat uylari, 2 madaniyat va istirohat bog’i, Xotira maydoni mavjud. Stadion, sport majmuasi va boshqa sport inshootlari bor. 6 kasalxona (shu jumladan, tuman Markaziy kasalxonasi), poliklinika, tug’ruqxona, dorixonalar, 7 qishloq vrachlik punkti, 13 feldsher-akusherlik punkti, 5 xususiy tibbiy muassasa aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan temir yo’l o’tgan. Tuman markazidan Toshkent, Andijon va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.