Qorin pardasi
Qorin pardasi – odam va hayvonlar qorin bo’shlig’i devorlarini ichki tomondan qoplab, uning ichidagi a’zolarni o’rab turadigan yupqa seroz parda. Qorin pardasining tashqi qavati mezoteliydan hosil bo’lib, biriktiruvchi tolali to’qima esa uning asosini tashkil etadi. Qorin pardasi ichki a’zolarni o’rab turuvchi visseral varaq va qorin devorini o’rab turuvchi parietal varaqdan iborat. Normal holatda varaklar o’rtasidagi bo’shliqda seroz suyuqlik bo’ladi. Qorin pardasi shu suyuqlik bilan namlanib turgani uchun qorin bo’shlig’idagi a’zolar bir-biri bilan ishqalanmaydi. Qorin pardasining tashqi bo’shlig’ida yog’to’qimalari, buyrak, buyrak usti bezi va siydik yo’li joylashgan. Qorin pardasi bu a’zolarni faqat oldingi yuzasinigina qoplab turadi. Ichki a’zolar Qorin pardasi bilan har tomonlama (intra-peritoneal), uchala tomondan (mezoperitoneal) yoki bir tomonlama (ekstraperitoneal) o’ralishi mumkin. Qorin pardasi ichaklar uchun tutqichlar hosil qiladi; ular oralig’ida yog’to’qimalari, limfa tugunlari va qon tomirlar joylashgan. Qorin pardasi qorin bo’shlig’idagi a’zolar oldida yog’ qatlami — charvint hosil qiladi. Qorin pardasi hujayralari himoya xususiyatiga ega bo’lib, ular ba’zi kasalliklar (appendisit, me’da yarasining yorilib ketishi va boshqalar) da hamda operatsiyalarda qorin bo’shlig’iga tushgan mikroblarni nobud qiladi. shikastlanishlarda, ayrim operatsiyalar (masalan, appendisit) kechiktirilganda Qorin pardasining yallig’lanishi — Peritonit kuzatiladi.