Qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish
Qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish — qo’riq va bo’z yerlarni qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga kiritish jarayoni. Yerlarni o’zlashtirishda o’tkaziladigan tadbirlar va ularning ko’lami tabiiy va iqtisodiy sharoitlarga, yer holati, undan foydalanishdagi yo’nalishlar va ixtisoslashuvga bog’liq. Bunga meliorativ ishlar (sug’orish tarmoqlari qurish, suv berish texnikasi, drenaj, sho’r yuvish va boshqalar); agrotexnik ishlar (o’g’it va kimyoviy meliorantlar sepish, krotlash, kovaklash yo’li bilan tuproq aerasiyasini yaxshilash, yerni daraxt va buta o’simliklaridan tozalash va boshqalar); qurilish ishlari (qishloq xo’jaligi va unga yaqin tarmoqlarning normal ishlashi uchun zarur ishlab chiqarish ob’yektlari barpo etish, turar joy posyolkalari, madaniy-maishiy va kommunal ob’yektlar qurish va hokazolar); tashkiliy ishlar (xo’jaliklar tashkil etish, ularning moliyaviy va xo’jalik ta’minoti, aholini ko’chirib keltirish ishlari va hokazolar) kiradi. Agar yerlarni o’zlashtirish bo’yicha ishlar yagona reja asosida yalpi amalga oshirilsa — kompleks o’zlashtirish usuli, boshqa hollarda esa — bosqichli usul deyiladi. Sobiq Ittifoqda 1954-60 yillarda foydalanmay yotgan yerlarni ekin maydonlariga aylantirish maqsadida Qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish juda katta miqyosda amalga oshirilgan. Qozog’iston, Volgabo’yi, Sharqiy va G’arbiy Sibir, uzoq Sharq rayonlarida shu yillarda 41,8 million gektar qo’riq va bo’z yerlar haydalib (shu jumladan, Qozog’istonda 25,5 million gektar) don (bug’doy) yetishtiradigan xo’jaliklar barpo etildi va 1960 yilda shu yerlarning o’zidan 58,7 million tonna bug’doy hosili olindi. O’zbekistonda sug’oriladigan yerlarni kompleks o’zlashtirishning birinchi ob’yekti Mirzacho’l bo’ldi. O’zlashtirish ishlarini maxsus tuzilgan boshqarma olib bordi. Bu yerda 400 ming gektarga yaqin yer o’zlashtirildi. O’zlashtirishning kompleks usuli qarshi, Jizzax, Surxon-Sherobod cho’llarida, quyi Amudaryoda, Qoraqum kanali zonalarida (Turkmaniston) va boshqa massivlarda muvaffaqiyatli qo’llanmoqda. Yerlarni o’zlashtirish jarayonida inson hududlarning tabiiy sharoitlariga faol ta’sir ko’rsatadi, shu sababli bu ta’sirning ekologik oqibatlarini o’rganish zarur. Ad.: Pokorenie Golodnoy stepi, T., 1960; Duxovnmy V.A., Irrigatsionine kompleksi na novmx zemlyax Serdney Azii, T., 1983; Toirov X., Mirzacho’lni o’zlashtirish, T, 1984.