Qoriy Xo’qandiy
Qoriy Xo’qandiy (taxallusi; asl ismi Mulla Mirmahmud Mirshamsiddin o’g’li) (1828 — Qo’qon shahri Sarmozor dahasi — 1906) — shoir va xattot. 19-asr o’zbek adabiyotining iste’dodli namoyandalaridan. Qo’qondagi Norbo’tabiy madrasasida ta’lim olgan. Arab va fors tillarini, sarf, nahv va lug’at ilmini chuqur o’zlashtirgan. Hasanqori domladan qiroat ilmini o’rganib, Qur’on hofizi — qorilik unvoniga erishgan. She’rlarida ham “Qoriy” taxallusini qo’llagan. Qo’qonning Xo’jand dahasi G’oziyog’liq mahallasidagi katta masjidda uzoq yillar imomlik qilgan. Qoriy Xo’qandiy mukammal husnixat egasi — xattot ham bo’lgan. Qoriy Xo’qandiyning o’zi ko’chirgan (2 dastxat) “Devon”i, Majzub Namangoniyning “Devon”i, Bahouddin Naqshbandning risolasi, Muqimiy bilan hamkorlikda ko’chirgan katta bayozi va yana bir necha asarlar bizgacha yetib kelgan. “Devon”idan g’azal, muxammas, muvashshah va ta’rix janridagi she’rlar o’rin olgan. G’azallari oshiqona va orifona mazmunda bo’lib, sof lirik xarakterga ega. Muxammaslari (65 ta) o’zbek va fors tillarida yaratilgan, ularning aksariyati fors adabiyoti klassiklari Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Ahmad Jomiy, Osafiy, Soib kabilarning, turkiy adabiyot klassiklaridan esa Alisher Navoiy, Fuzuliy, Amiriy, Mashrab, Zaliliy, G’oziy, Uvaysiy, Azimiy kabi ijodkorlarning g’azallariga bog’langan taxmislardir. Qoriy Xo’qandiy she’rlari Allohga hamdlar, ayniqsa, Payg’ambarimiz Muhammad (sav) ga bag’ishlangan na’tlarning ko’pligi bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, uning ijodida go’zal mahbubaning yorqin tasviri va unga bo’lgan muhabbat sitamlari aks etgan misralardan tashkil topgan she’rlar ham salmoqli o’rinni egallaydi. Devoni O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida (inv. №2310) saqlanadi. Ad.Devoni Qoriy, T., 1912; O’zbekadabiyoti tarixi xrestomatiyasi. 2-j.. T., 1945; O’zbek adabiyoti, 1-kitob, T., 1960. Ad.: Qayyumov P.. Tazkirai Qayyumiy. 2-kitob, T., 1998. Otabek Jo’raboyev.