Qo’rquv
Qo’rquv — insondagi ruhiy holatlardan biri; narsa va hodisalarning asl mohiyati, ko’rinishi to’g’risida aniq tasavvurning yo’qligi tufayli bezovtalanish, hadiksirash, tashvishlanish kechinmalarining yuzaga kelishi. Qo’rquv ko’pincha odamlarda yurak uri-shining ortishi, badanning ter bilan qoplanishida o’z ifodasini topadi. Qo’rquv insonlarda tasodifiy, favquloddagi vaziyatlarda, nevrotik holatlarda, ruhiy shikastlanishda uchrab turadi. Qo’rquvdan odam o’zini noxush, noqulay his etsa-da, lekin ko’pincha o’zini o’zi nazorat qila olmaydi. Ongsizlikning onglilikdan ustunligi shunday holatni keltirib chiqaradi. Chuqur hayajonlanish oqibatida kishi ruhan qattiq azoblanadi. Psixologiyada Qo’rquvning har xil turlari o’rganilgan. Qo’rquvning asosiy ko’rinishlari: kasal bo’lib qolishdan qo’rqish, ko’pchilikdan izza bo’lishdan qo’rqish, qizarishdan qo’rqish, uyda yolg’iz qolishdan qo’rqish, trans-port vositalaridan qo’rqish, shifokordan qo’rqish, nizodan qo’rqish, mozordan qo’rqish, hayvonlardan qo’rqish, jimlikdan qo’rqish, murdadan qo’rqish, huquq-tartibot xodimlaridan qo’rqish va boshqalar. Insonni tabiat va turmushdagi voqeliklarni to’g’ri tushunishga, idrok qilishga o’rgatish, mashq qildirish orqali Qo’rquvni kamaytirish mumkin. Shaxsning sust, zaif asab tizimini jonlantirish, tana a’zolarini mashq qildirish, noxush kechinmalarni bartaraf etish orqali Qo’rquvning tashqi ifodasini kamaytirsa bo’ladi. Psixoterapevtik ta’sir o’tkazish vositalari yordami bilan Qo’rquvni asta-sekin yo’qotish imkoniyati mavjud.