Qo’shdarvoza
Qo’shdarvoza — Xiva shahridagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlari); Dishan qal’asi shimoliy darvozasi. Urganchga olib boradigan serqatnov yo’lda joylashgan. Darvoza 2 (qo’sh) ravoqqa o’rnatilgan (nomi shundan). Qo’shdarvozaning umumiy tarhi to’rtburchak (25×17 metr, balandligi 9,45 metr, yo’lak ravog’ining kengligi 4,2 metr), 4 ta gumbaz bilan yopilgan. Uning g’arbiga bir uzun va sharqiga 2 yordamchi (qorovulxona, bojxona vazifalarini bajargan) xonalar (yassi tomli) tutashgan; ularga alohida eshik orqali kiriladi. Inshootning old (shimol) va orqa (Janub) tarafi bir xil me’moriy echimga ega. Ravoqlar oralig’i va chetlarida 3 ta minorasimon Burjlar mavjud, ularga enli va ingichka sirkori halqabelbog’lar ishlangan; Burjlar o’zaro kungurali ravoqlar qatori bilan bog’langan. Darvozaning eng yuqorisi Burjlarning moviy gumbazchalari va ravoqlarning kunguralari bilan nihoyalangan. Darvoza tarzlarining chetki qismlari sodda, ularda yassi ravoqlar va yordamchi xonalarning eshiklarigina mavjud.