Qo’shma korxona
Qo’shma korxona – boshqa mamlakatlar firmalari ishtirokida bunyod qilingan, tashkiliy jihatdan yagona yuridik shaxs sifatida rasmiylashtirilgan korxona. Qo’shma korxona o’zaro manfaatdorlik negizida, hukumatlararo shartnomalar asosida tashkil qilinib, ishlab chiqarish, ilmiy ishlab chiqarish, ilmiy-texnika vazifalarini echishga qaratiladi. Ta’sischilarning o’z mulklarini birlashtirish va badallari hisobiga Qo’shma korxonaning moliyaviy fondi yaratiladi. Qo’shma korxona sanoat, qishloq xo’jalik, qurilish, transport, savdo, fan va milliy iqtisodiyotning boshqa sohalarida tashkil etilishi mumkin. Qo’shma korxona, asosan, chet el texnikasi, texnologiyasi, investitsiyasi asosida barpo etilib, mahalliy xom ashyo va ishchi kuchi hisobiga ishlaydi, o’z mustaqil balansiga ega bo’ladi, to’liq xo’jalik hisobi asosida faoliyat olib boradi. Qo’shma korxonaning chet ellik ta’sischisi daromad hissasini o’z mamlakatiga olib chiqib ketish (o’tkazish) huquqiga ega bo’ladi. O’zbekistonda, asosan, mustaqillikdan keyin Koreya Respublikasi, AQSh, Xitoy, Italiya, Turkiya, Pokiston, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Buyuk Britaniya va boshqalar bir qator davlatlar kompaniyalari va firmalari bilan hamkorlikda Qo’shma korxonalar ishga tushirildi. Avtomobilsozlikda “O’z DEUavto” O’zbekistonkoreya, “SAMKOCH-Avto” O’zbekiston-Turkiya, oltin sanoatida “Zarafshon-Nyumont” O’zbekiston-Amerika, “O’zBAT” O’zbekiston-Buyuk Britaniya, “Sovplastital” O’zbekiston-Italiya, telekamunikatsiya korxonalari va boshqalar juda ko’p Qo’shma korxona faoliyat ko’rsatmoqda. 2002 yilda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar eksporti hajmi O’zbekiston Respublikasi umumiy eksport hajmining 19,8% ni (443,0 million AQSh dollari) va import respublika umumiy importi hajmining 26% ni (704,8 million AQSh dollari) tashkil etdi. O’zbekistonda 2004 yil 1 yanvar holatiga ko’ra chet el investitsiyalari ishtirokidagi 3539 korxona ro’yxatga olingan bo’lib, ularning 62,4% faoliyat yuritdi. Dildora Saidova.