Qo’stanay

Qo’stanay (1893-95 yillarda Nikolayevsk) — Qozog’iston Respublikasidagi shahar, Qustanay viloyati markazi. Tobol daryosining chap sohilida. Shaharni Abelsoy jari ikkiga bo’lib turadi. Temir yo’l chorrahasi. Aholisi 207,1 ming kishi (2002). Shaharga 1883 yilda asos solingan. 1912-13 yillarda temir yo’l orqali Chelyabinsk shahri bilan bog’langan. O’tmishda Qo’stanay sanoati qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan yarim kustar turdagi kichik korxonalar (ko’n-charm, pivo, moy zavodlari)dan iborat bo’lgan. 1954 yildan Shimoliy Qozog’istonda qo’riq yerlarning o’zlashtirilishi, shuningdek, To’rg’ay havzasidagi yirik konlarning ishga tushirilishi natijasida yangi sanoat rayonining tashkil topishi va temir yo’l tarmoqlarining qurilishi shaharning tez o’sishiga sabab bo’ldi. Qo’stanayda oziq-ovqat (go’sht va un kombinatlari) va engil sanoatlari (kamvol movut kombinati, tikuvchilik va poyabzal fabrikalari) rivojlangan. Sun’iy tola zavodi, metallsozlik (avtomobil va qishloq xo’jalik mashinalarini ta’mirlash, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish), qurilish materiallari korxonalari (temir-beton konstruktsiyalar, devor bloklari, g’isht zavodlari) bor. 2 oliy o’quv yurti, drama teatri, o’lkashunoslik muzeyi, filarmoniya faoliyat ko’rsatadi.