Quloq og’irligi

Quloq og’irligi — eshitish qobiliyatining pasayishi. Bolalarda ko’pincha o’tkir yoki surunkali otit, burun va burun-yutqin kasalliklari (ko’pincha adenoid) oqibatida yuzaga keladi. Eshituv nervi va ichki quloqdagi patologik jarayonlar ko’pincha Quloq og’irligiga sabab bo’ladi. Ba’zan tug’ma va bolalikdagi Quloq og’irligi sababli bola nutqi buzilishi mumkin. Kattalarda otoskleroz, ichki quloqda qon aylanishining buzilishi, eshituv nervining yoshga qarab o’zgarishi (keksalik Quloq og’irligi), shuningdek, uzoq vaqt kuchli shovqin ta’siri va surunkali intoksikasiya (alkogol, nikotin, simob, qo’rg’oshin va boshqalar ta’siri) ham Quloq og’irligiga olib keladi. Quloq og’irligi yengil, o’rtacha va og’ir kechadi. Davosi: Quloq og’irligiga sababchi omillar yo’qotiladi, turli dori-darmonlar yoki operatsiya yo’li bilan davolanadi. Ko’proq eshituv apparatlari qo’llaniladi.