Qutb Xorazmiy
Qutb Xorazmiy (14-asr, Xorazm -?) — shoir, tarjimon. Hayoti va ijodi haqida ma’lumot beruvchi yagona manba uning “Xusrav va Shirin” dostonidir. Qutb Xorazmiyning ijodiy Kamolot yillari Xorazmning Oltin O’rda davlatiga qaram bo’lgan davriga to’g’ri keladi. Dostonini Sig’noq shahrida yozgan (1330-40). Faqirlikda yashagan Qutb Xorazmiy “Xusrav va Shirin” dek ko’p vaqt va mashaqqatni talab qiladigan katta hajmli asarni yozish uchun moddiy yordam so’rab, Oltin O’rda xoni Muhammad O’zbekxonning (1312— 40) oq O’rdadagi noibi bo’lmish Shahzoda Tinibek huzuriga borgan. Tinibek va uning davlat ishlarida faol ko’makchisi bo’lgan xotini Qutb Xorazmiyni iliq kutib olib, uning ijod qilishi uchun barcha shart- sharoitlarni yaratib berganlar. Shoir o’z asarida malikani “har ishni tarozida o’lchab, zehn bilan fikr yurituvchi oqila, Komila” ayol sifatida madh etib, uning davlat ishlaridagi faol ishtirokini ko’rsatgan. “Xusrav va Shirin” Nizomiy Ganjaviy qalamiga mansub shu nomdagi dostonning erkin tarjimasidir. Ayrim sabablarga ko’ra, bu asar o’z davrida keng tarqalmay, Shuhrat qozonmagan. Doston Amir Qutlu Xo’janing tavsiyasi bilan 1383-84 yillarda Misrda Berka Faqih ibni Barokaz edgu Qipchoqiy tomonidan ko’chirilgan. Bu qo’lyozma 1914 yilda Parij Milliy kutubxonasidan (inv. 312) topilib, ilmiy muomalaga kiritilgan va sharqshunoslar o’rtasida Shuhrat topgan. 1940 yilda Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o’tkazish qo’mitasi tomonidan uning fotonusxasi olinib, H.Zarif tomonidan nashrga tayyorlangan. Doston 91 bobdan iborat. Nizomiy dostoni esa 100 bobdan iborat bo’lib, 6 mingdan ziyodroq baytni o’z ichiga oladi. Tarjimon asliyat mazmunini, asar syujetini saqlab qolish bilan birga, uni ancha erkin tarjima qilgan. Jumladan, asar muqaddimasiga “Shahzoda tinibekxon madhi”, “Malika marhuma Xonmalik madhi”, “kitob nazm qilmoqqa sabab bayonin ayur” boblarini qo’shgan. Ayni paytda, dostonning umumiy maz- muniga aloqasiz hisoblaganidan bo’lsa kerak, bir qator boblarni qisqartirgan, ayrim boblarni ixchamlashtirib, bir- biriga qo’shib yuborgan. Shuningdek, Nizomiy dostonidagi 12-asr Ozarbayjon hayotiga oid ayrim lavhalarni tushirib qoldirgan, qisqartirgan va tahrir qilgan, ularning o’rniga Oltin O’rda hayotiga doir voqealarni kiritgan, turli xil urf-odatlar tasvirini berib, dostonni o’z davriga yaqinlashtirgan, unga o’zbek xalq maqollari va ta’birlarini kiritgan. Qutb Xorazmiy Nizomiy dostoni asosida O’zbekcha Doston yaratish va uning vositasida o’zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyish qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan va u buni muvaffaqiyat bilan uddalagan. Bu tarjima o’sha davr o’zbek tilini o’rganish uchun muhim manba bo’libgina qolmay, o’zbek tili va adabiyotining taraqqiyotida ham katta rol o’ynagan. Qutb Xorazmiy tarjimasidagi “Xusrav va Shirin” o’zbek adabiyotida masnaviyning “Qutadg’u bilig” va “Hibat ul-haqoyiq” dan keyingi Nodir namunasidir. U dos- tonni o’z vaznida — hazaji musammani maqsur (Mahfuz)da tarjima qilgan. “Xusrav va Shirin” o’zbek epik she’riyati taraqqiyotida ham, badiiy tarjima rivojida ham alohida o’rin tutadi. As: Guldasta, T., 1947; X1U asr xo- razm yodnomalari, T, 1973. Ad.: Sharipov J., O’zbekistonda tarjima tarixidan, T, 1965; Mallaev N . M ., O’zbek adabiyoti tarixi, T., 1976; O’zbek adabiyoti tarixi, 1-j., T, 1978; Qayyumov P ., Tazkirai Qayyumiy, 1-kitob, T, 1993. Ergash Ochilov.