Radiatsion belbog’lar
Radiatsion belbog’lar — sayyora xususiy magnitosferasining sohasi; shu magnitosfera tutib qolgan yuqori kinetik energiyali zarralar (protonlar va elektronlar, alfazarralar) dan iborat teshik kulcha ko’rinishidagi sayyorani o’rovchi kamarlar. Radiatsion belbog’larda zarralar magnit maydoni (Lorents kuchi) ta’sirida murakkab traektoriyalar bo’ylab sayyoraning Shimoliy yarim sharidan Janub yarim shariga tomon va, aksincha, harakatlanadi. Yerning Radiatsion belbog’lari, odatda, ichki va tashqi qismlarga bo’linadi. Yerning magnit maydoni Koinot (aksariyat Quyosh) dan kelayotgan zarralar uchun qafas rolini o’tashi mumkinligini 20-asr boshlarida norvegiyalik olimlar Birkelind va Shtermer bashorat qilishgan. Ma’lumki, magnit maydoniga kirgan zarraga Lorents kuchi va zarra tezligiga perpendikulyar kuch ta’sir qiladi. Bu kuch ta’sirida zarra magnit kuch chiziqlari atrofida magnit maydoni induktsiya vektoriga tik tekislik bilan aylana boshlaydi. Tsiklotron aylanish (Larmor) radiusi g zarra massasi va tezligiga to’g’ri proportsional bo’lib, uning zaryadi hamda magnit maydoni induktsiya vektori (V) ga teskari proportsional bo’ladi. Binobarin, maydon kuchlanganligi qancha katta bo’lsa, Larmor radiusi shuncha kichik, zarraning energiyasi (ya’ni tezligi) qancha katta bo’lsa, aylana shuncha katta bo’ladi. Agar erning magnit “qafasi”ga tushgan zarraning Larmor radiusi yer radiusi (Tudan ancha kichik bo’lsa (g “R), zarra yer sirtigacha yetib bormaydi va geomagnit maydonida tutilib qoladi. Yer magnit maydoni tutib qolgan zarralar sohalarini o’rganishga doir dastlabki tadqiqotlar natijasida Geomagnit ekvator atrofida erni o’rovchi va aniq chegaralari bo’lgan 2 ta ulkan halqa ko’rinishdagi, asosan elektrondan tashkil topgan Radiatsion belbog’lar mavjudligi aniqlandi. Ular ichki va tashqi Radiatsion belbog’lar deb ataladi. Tashqi elektron belbog’ekvator qismida Yer markazidan uning 4— 6 radiusiga teng masofaga cho’zilgan sohani o’z ichiga olib, energiyasi o’nlab keV dan MeV gacha bo’lgan elektronlardan tashkil topgan. Ichki elektron belbog’ — radiatsiyaning quyi chegarasi yaqinida joylashib, energiyasi bir necha keV dan yuzlab KeV gacha bo’lgan elektronlar zarralarning asosiy qismini tashkil etadi. Bu sohani 1958-1962 yillarda amerikalik olimlar atmosferada o’rganishgan yadro portlashlardan ajralgan elektronlar bilan to’ldirdi. Tashqi va ichki elektron belbog’lar orasida elektronlar oqimi yer markazidan 3-4 yer radiusi masofasida minimumga tushadi. Radiatsion belbog’lar sohasida yerga kelayotgan protonlarning energiyasi Radiatsion belbog’lar tashqi chegarasidan quyi chegarasigacha 100 keV dan o’nlab MeV gacha ortadi. Bunda protonlarning umumiy oqimi ham 3,5 yer radiusi masofasigacha ortib, so’ngra kamaya boradi. Elektronlar oqimining minimumi kuzatilgan joyda (yer markazidan 3,5 radius masofada) protonlar belbog’i hosil bo’ladi. Protonlardan tashkil topgan Radiatsion belbog’lar Yerning magnit maydoniga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Yerning Radiatsion belbog’lar kosmik parvozlarda kosmonavtlar hayoti uchun katta xavf tug’diradi. Shuning uchun oyga, sayyoralarga parvozlarda uchish traektoriyalari, Radiatsion belbog’lar bilan kesishmaydigan qilib tanlanadi. Gigant sayyoralardan Yupiter va Saturnning atrofidagi kuchli magnitosfera ulkan sayyoralarning geomagnit ekvatorlarini o’rovchi kuchli Radiatsion belbog’larni vujudga keltiradi.