Rak
Rak (Yunoncha lotincha cancer — Qisqichbaqa), kantser, saraton kasalligi — epiteliy to’qimasidan rivojlanadigan xavfli o’sma. Epiteliy hujayrasi bor barcha a’zolar — teri, shilliq qavatlar, qizilo’ngach, o’pka, me’daichak yo’li, siydik-tanosil a’zolari, shuningdek, miya va hokazolarda paydo bo’ladi. Rak hujayralari juda tez bo’linadi va rivojlanadi hamda atrofdagi sog’lom hujayralarni emirib boradi. Boshqa xavfli o’smalar kabi, Rak ham, odatda, o’zi o’rnashgan joydagi to’qimani yemirishi, residiv, metastaz berishi va organizmning umumiy holatiga ta’sir ko’rsatishi, kaxeksiya (qoq suyak bo’lib ozib ketish) bilan xavfsiz o’smalardan farq qiladi. Rak alohida viruslar faoliyati, shuningdek, turli fizik, kimyoviy va biologik omillar, kantserogen moddalarning odam organizmiga ta’siri hamda organizmning o’zida sodir bo’ladigan endogen (ichki) kantserogen moddalar, radioaktiv nurlar ta’sirida vujudga kelishi mumkin. Rak to’satdan paydo bo’lmaydi, ko’pincha rak nishonasi deb atalib, surunkali kechadigan patologik o’zgarishlardan so’ng rivojlanadi, shuningdek, teri, me’da, bachadon bo’ynidagi uzoq vaqt bitmaydigan yaralar, poliplar, sut bezlari fibroadenomatozi va hokazolar oqibatida ham paydo bo’ladi. Ammo shu kasalliklardan keyin, albatta, Rak rivojlanadi deb bo’lmaydi, chunki Rakka sabab bo’ladigan kasalliklar o’z vaqtida uzil-kesil davolansa, uning oldini olish mumkin. Rakning xarakterli xususiyatlaridan biri shuki, to’qimada o’sma hosil bo’lib rivojlangandan keyingina kasallik belgilari yuzaga chiqadi va o’sma o’sayotgan a’zo funktsiyasi keskin buziladi. Erkaklarda ko’proq me’da, bronxlar, teri, pastki lab, og’iz bo’shlig’i, halkum, o’pka (xususan, kashandalarda), tanosil a’zolari Raki uchraydi; ayollarda esa bachadon, ovqat hazm qilish a’zolari, sut bezlari va teri Raki kuzatiladi. Rak boshlanayotganda, u tananing qaysi qismida rivojlanishidan qat’i nazar, qattiq og’riq bermaydi. Shu sababli, bemor vrachga ko’pincha kech murojaat qiladi, natijada kasallik ancha ulg’ayib ketadi. Rakni davolash imkoni boricha erta boshlansa, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Pastki lab RRak.i ko’pincha pastki lab qizil hoshiyasi ustida uzoq vaqt bitmaydigan yara va kon sizib turadigan yoriqchalar, oq dog’lar (leykoplakiya) bo’lishi natijasida vujudga keladi. Rakning oldini olish uchun pastki lab va og’iz bo’shlig’i kasalliklarida albatta chekishni tashlash lozim. Qizilo’ngach Raki (“qiltomoq” kasalligi) aksariyat Rak oldi kasalliklari okibatida kelib chiqadi. Qizilo’ngach Rakida bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni ham yuta olmay qoladi. Ko’pincha to’sh orqasida, ba’zan ko’krak pastila va qorin sohasida og’riq sezadi. Ovqat yutganda salgina qiyinchilik sezilsa, darhol vrachga murojaat qilish kerak. Me’da Raki ko’p uchraydigan va aksariyat surunkali me’da yarasi, polipi, shuningdek, surunkali gastritning ba’zi shakllari oqibatida kelib chiqadi. Me’da raki bilan ayollarga nisbatan erkaklar ko’proq og’riydi; odatda, 40-60 yoshli kishilar o’rtasida ko’p uchraydi. Kasallik botshda sezilmaydi, bemorning darmoni quriydi, mehnat qobiliyati susayadi, ozib keta boshlaydi, rangi siniqadi; keyinchalik ishtaha yo’qolishi, ko’ngil aynishi, jig’ildon qaynashi, hiqichoq tutishi, kekirish, ba’zan qusish alomatlari, shuningdek, me’dada qattiq og’riq paydo bo’ladi. Bunday alomatlar ro’y berganda darhol vrachga murojaat qilish zarur. To’g’ri ichak Raki ko’proq ichakdagi polipdan paydo bo’ladi. Bunda soxta hojat qistashi, shilliq yoki qon aralash ich kelishi kuzatiladi, kasallik avj olgandan so’ng ichakdan qon oqadi. Qon ketishi ko’pincha bavosirda ham ro’y beradi, shuning uchun qon ketishi sababini faqat vrach aniqlashi mumkin. O’pka Raki o’pkaning surunkali kasalliklari (o’pka sili, zotiljam, Bronx poliplari, pnevmokonioz) bilan tez-tez og’rib turish va hokazolar oqibatida vujudga kelishi mumkin. O’pka Raki ko’proq kashandalarda uchraydi; ko’krakda og’riq (ayniqsa, yo’talganda zo’rayadi), ba’zan qon tuflash kuzatiladi. Kasallikka xos alomatlar paydo bo’lganda darhol vrachga murojaat qilish lozim. Sut bezlari Raki ko’proq sut bezlarida hosil bo’ladigan qattiq, og’riqsiz tugunchalar, Rak oldi o’smasi (xavfsiz o’sma), fibroadenomatozlarni o’z vaqtida davolamaslik natijasida rivojlanadi. Sut bezlarida arzimagan tuguncha borligi sezilsa, darhol vrachga murojaat qilish kerak. Ayollarda ko’p uchraydigan bachadon Raki bachadondagi surunkali kasalliklar — eroziya, polip va oq dog’lardan paydo bo’ladi. Tug’ruq va abortda bachadonning jarohatlanishi, uni o’z vaqtida davolatmaslik ham bachadon Rakiga sabab bo’ladi. Kasallik hech qanday belgisiz kechadi, keyinchalik avj olganidan so’ng bemorda oqchil ko’payib, hayz tsikli buziladi, kon ketadi va, nihoyat, og’riq paydo bo’ladi. Shuning uchun har bir ayol jinsiy hayot kechira boshlagan kundan boshlab kamida bir yilda 2 marta (klimakteriya davrida 4 marta) ginekolog ko’rigidan o’tib turishi shart. Teri Raki, odatda, keksalarda (50— 70 yoshli erkak va ayollarda) kuzatilib, ko’pincha yuzda (burun qanotlari, qovoq, burunlab burmalari, og’iz burchaklarida), ba’zan terining kuygan, jarohatlangan joyida, shuningdek, ayrim tug’ma va turli jarohatlar o’rnida paydo bo’ladi. Rak va boshqa xavfli o’smalar, asosan, operatsiya qilinadi, radioaktiv moddalar va rentgen nurlari, Rak ka qarshi maxsus kimyoviy preparatlar, gormonlar, biopreparatlar qo’llanadi. Kasallikning oldini olish uchun organizmga zararli ta’sir etadigan kantserogen moddalarni yo’qotish, shuningdek, Rak oldi kasalliklarini o’z vaqtida aniqlash va davolash, aholini ommaviy profilaktik ko’rikdan o’tkazib turish, ba’zan dispanserizatsiya qilish lozim. Ad.: Murodxo’jayev N.K., Ocherki sovremennoy onkologii, T., 1998. Narimon Murodxo’jayev.