Rami
Rami (Boehmeria), Xitoy chayon o’ti, qichitqon — gazandadoshlar oilasiga mansub ko’p yillik lub tolali o’simliklar turkumi. Vatani — Xitoy. Yaponiya, Shimoliy Hindiston, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ko’p ekiladi. Ramining 90 dan ortiq turi bor, ulardan ikkitasi: oq Rami (B.nivea Hook) va yashil Rami (B.utilis Blume) keng tarqalgan. Issiqsevar, namsevar o’simlik. Oq Rami barglarining pastki tomoni oq tuklar bilan qoplangan. Yashil Ramida bu belgi sezilmaydi. Ikkala turi ham tola olish maqsadida ekiladi. Rami bo’yi 1-3 metrga boradi, juda tez o’suvchi bir qancha tik poyalardan iborat (bir tupda 50 tadan ortiq poya rivojlanadi). Bargi uzunligi 7-21 santimetr, navbatma-navbat joylashgan, barg Rami, bandining uzunligi 7-10 santimetr. Urug’i juda mayda. Ramining tolasi yuqori texnologik sifatga ega, kanop tolasiga nisbatan 4 marta, paxta tolasiga nisbatan 7 marta pishiq. Tolasidan gazlama tukiladi, poyabzal ishlab chiqarishda, baliqchilikda ishlatiladi. 19-asrning 60-yillaridan Sharqiy Gruziyaga keltirilgan. 20-asrning 30-yillarida O’zbekiston lub tolali ekinlar tajriba stantsiyasiaa kanop, kendir, jut bilan bir qatorda Ramini o’stirish tajribalari olib borilgan. Sug’orib ekiladi, ekilgandan keyin ikkinchi yil- dan boshlab bir yilda uch marta (o’sish boshlanishi davrida 60— 70 kun oralatib) o’rib olinadi. Hosildorligi quruq poya bo’yicha 500-800 ts/ga va undan ortiq. Tolasi yashil poyalardan ajratib olinadi, tola chiqishi 22,5%.