Randa

Randa — duradgorlik ishlarini bajarishda yog’och sirtini tekislash va silliqlash (randalash) uchun mo’ljallangan asbob. Dastaki, elektr va mexanik turlari bor. Dastaki Randa metal yoki yog’och asos, keskich (tig’) va ponadan iborat. Asosning pastki qismi kaft deb ataladi. Yassi yuzalarni ishlaydigan Randa kafti yassi, egri sirtli va shakldor yuzalarni ishlaydigan Randa kafti o’sha yuzalar shaklida bo’ladi. Randa asosidagi po’lat keskich o’rnatish uchun teshik ochilgan; bu teshik pastga tomon asta-sekin torayib borib, uya hosil qiladi. Randalash paytida payraha shu uyadan tashqariga chiqib ketadi. Asosning o’lchami, profili, keskichining o’rnatilish burchagiga ko’ra, Randa quyidagi xillarga bo’linadi; Sherx Ebel (keskichning tig’i yarim aylana shaklida) — dag’al randalash uchun; bir va ikki keskichli (payraxa singdirgichli) va Medvedka (qo’sh quloqli) Randa — tozalab randalash uchun; Japs va yarim Japs (daroz) Randa — tozalab randalash, katta sirtlarni randalash va qismlarni bir- biriga to’g’ri keltirish uchun; shliftik Randa — yupqa payraha olish uchun; tsinubel — detal sirtlarida mayda yo’llar (elimlash maqsadida) ochish uchun; konish Randa (zenzubel) — detal chekkalarida chorak (tirnoq) ochish uchun; falsgobel Randa — detalda chorak (tirnoq) ochish uchun; gruntubel Randa — ko’ndalanggiga trapesiya shaklidagi o’yiq ochishda qo’llaniladi; Nov randa — detallarda turli naqshli profillar ochishda ishlatiladi; bukri Randa — egri (botik, va qabariq) sirtlarni randalashda foydalaniladi. Elektr Randa — elektr motor yordamida aylanib turadigan ikki yoki to’rt pichokdan iborat. Elektr Randa bilan yog’ochni 0,75—2,0 millimetr qalinlikda payraha hosil qilib randalash mumkin. Mexanik Randa (randalash dastgohi) tekis va shakldor, metal va yog’och sirtlarga ishlov berish uchun mo’ljallangan qurilma. U Support, Polzun va qisqichdan iborat. Asosiy harakati (randalash) ilgarilama-qaytma, surish harakati davriy-ilgarilama. Ko’ndalang randalash va bo’ylama randalash dastgohlari bor. Ko’ndalang randalash dastgohlarida asosiy harakatni Support va Polzun bilan birga keskich bajaradi, bo’ylama randalash dastgohlarida esa ishlov beriladigan taxta harakatlanib turadi. Randalar kurilishda, yog’ochga ishlov berish korxonalarida, uy-ro’zg’orda va boshqa joylarda ishlatiladi. Ad.: Gurvich A.O., Duradgorlik ishlari, T., 1966; Kreyndlin L.N., Stolyarnie Raboti, M., 1986; Bozorboev N., Uyjoy quruvchilar uchun 1001 maslahat, T., 1990.