Rayhon
Rayhon (Ocimum) — labguldoshlar oilasiga mansub bir yillik o’tlar, chala va past bo’yli butalar turkumi; manzarali, dorivor va ziravor ekin. 60 (ayrim ma’lumotlarga ko’ra, 150) turi tropik va subtropik mintaqalarda o’sadi. Evgenol Rayhon (O.gratissimum) turi Janubiy Afrika, Hindiston, Shri Lanka, Gruziya, Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o’lkasi janubida (oz miqdorda) bir yillik ekin sifatida ekiladi. Issiqsevar, namsevar, yorug’sevar, qurg’oqchilikka’ chidamli o’simlik. Bargi yirik, tuxumsimon, gullari oq yoki pushti, poya va novdalari ichida boshoqsimon to’pgulga yig’ilgan. Yashil massasi tarkibida 0,3% efir moyi bor (efir moyining 70%ni atir-upa, oziq-ovqat sanoati va tibbiyotida ishlatiladigan evgenol modsasi tashkil etadi). Urug’i erta bahorda issiqxona va parniklarga sepiladi, dalaga ko’chat qilib ekiladi. Hosildorligi 40-80 ts/ ga ko’k massa. Janubiy Osiyodan kelib chiqqan O.basilicum (oddiy Rayhon) turi O’zbekistonda manzarali, oshko’k va ziravor ekin sifatida o’stiriladi. Bo’yi 25— 40 santimetr, gultojisi 2 labli, may—oktabr oylarida gullab urug’laydi, ko’chat qilib ekiladi. Bargining rangi va o’simlik shakliga qarab oq Rayhon, osh Rayhon, sada Rayhon, qora Rayhon, hoji Rayhon kabi xillarga bo’linadi. Ularning 300 dan ortiq navi bor.