Realizm

Realizm — voqelikni, mavjud borliqni badiiy adabiyot va san’at (tasviriy san’at, teatr, musiqa va boshqalar)ning ifoda vositalari orqali o’ziga o’xshash shakllarda haqqoniy aks ettirish. Adabiyotda Realizm — hayotni voqelikdagi voqea va hodisalarga muvofiq ravishda obrazlar orqali aks ettirish metodi. Realizm adabiyotning o’zini va tashqi olamni bilish vositasi sifatidagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda voqelikni barcha ziddiyatlari bilan qamrab olishga intiladi, yozuvchiga hayotning barcha tomonlarini cheklanmagan holda aks ettirish imkoniyatini beradi. Realizm metodiga asoslangan adabiyotda hayot haqiqatini tasvirlash tamoyili ustuvor ahamiyatga ega. Binobarin, Realizm adabiyoti jahon adabiyoti taraqqiyotidagi eng yuksak bosqich hisoblanadi. Realizm keng ma’noda Gomer va Dante, Shekspir va Rasin, Firdavsiy va Navoiy ijodiga ham xos xususiyat, zero, hayotiylik va samimiylik bu mumtoz ijodkorlarning asarlarida katta mahorat bilan ifoda etilgan. Ammo Realizm adabiy metod yoki adabiy yo’nalish sifatida yozuvchidan voqelikni hayotiy va haqqoniy aks ettirish tamoyiliga izchil rioya etishni, inson va tashqi olamni ongli ravishda o’rganish va bilishni taqozo etadi. Shu ma’noda jahon adabiyoti 19-asrga kelibgina o’z taraqqiyotining Realizm metodiga asoslangan yangi bosqichiga erishdi. Realizmning metod sifatida paydo bo’lish vaqti masalasida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar hayotni realistik tasvirlash usullari qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgani va bu usullarning turli bosqichlarni bosib o’tganini nazarda tutib, antik Realizm, Uyg’onish davri Realizmi, ma’rifatparvarlik Realizmi va sotsialistik Realizm tushunchalarining mavjudligi haqidagi qarashlarni olg’a surib keladilar. Boshqa tadqiqotchilarning fikriga ko’ra, Realizm ijodiy metod sifatida 18-asrda oilaviy-maishiy va ijtimoiy-maishiy romanlar yaratilishi bilan bir vaqtda maydonga kelgan. Realizmning 19-asr 30-yillarida Yevropa adabiyotida shakllana boshlaganligi haqidagi fikr aksar adabiyotshunoslar tomonidan qabul qilingan bo’lib, bu fikr Yevropa xalqlari adabiyotlarida voqelikni haqqoniy tasvirlash tamoyili yuksak ijtimoiytahliliy shakllarda keng va teran ifodalanganligi bilan tasdiqlanadi. Romantizm bilan 19-asrning 1-yarmidagi Realizm o’rtasida aniq chegara yo’q. Bu hol O. Balzak (“Sag’ri teri tilsimi”), G. Stendal (“parm ibodatxonasi”), V. Gyugo, qisman Ch. Dikkens asarlarida yorqin ko’rinadi. Ayni paytda romantic motivlar realistik asarlarning badiiy to’qimasida yashashda uzoq vaqt davom etdi (Stendalning “qizil va qora”, M. Yu. Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” va boshqalar). 19-asr o’rtalarida Yevropa adabiyotlarining romantizm an’analaridan keskin uzoqlashishi bilan Realizmning metod sifatida shakllanishida yangi davr boshlandi (G. Flober, G. Mopassan, U. Tekkerey va boshqalar). Rossiya 19-asrning 20-30-yillarida A.S. Pushkin (“Yevgeniy Onegin”, “Boris Godunov”, “Kapitan qizi”, so’nggi davr lirikasi), shuningdek, A. S. Griboedov (“aqllilik balosi”), I. A. Krilov (masallar) asarlari bilan Realizmga poydevor qo’yildi. Keyinchalik I. A. Goncharov, I. S. Turgenev, N. A. Nekrasov, A.N. Ostrovskiy va boshqalar rus adabiyotida Realizmning uzilkesil qaror topishiga muhim hissa qo’shdilar. 19-asr rus adabiyotida voqelikdagi salbiy holatlar butun keskinligi bilan fosh etilganligi sababli A. M. Gorkiy bu davr Realizmini tanqidiy Realizm deb atagan. N. V. Gogol asarlarida, ayniqsa, yaqqol ko’ringan tanqidiy Realizm an’analari A. P. Chexov va qisman A. M. Gorkiy ijodida davom ettirildi va rivojlantirildi. L. N. Tolstoy va F. M. Dostoevskiy ijodi rus Realizmining cho’qqisi hisoblanadi. 20-asrning 30-yillarida sotsialistik Realizm metodining sun’iy ravishda o’ylab topilishi va yozuvchilardan shu metod asosida yozishning talab qilinishi natijasida Realizm an’analaridan uzoqlashish jarayoni boshlandi va bu jarayon shaxsga sig’inish fojialari fosh etilgan 60-yillarga qadar davom etdi. O’zbek adabiyotida hayotni realistik tasvir etish mayllari garchand Navoiy, Bobur va boshqa yozuvchilar ijodida ko’ringan bo’lsada, bu mayllar turdi, Maxmur, Gulxaniy, keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz singari shoirlar ijodining asosiy yo’nalishini tashkil eta boshladi. Ayniqsa, milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti namoyandalari M. Behbudiy (“Padarkush”), Fitrat (“Munozara”, “Hind sayyohi bayonoti”, 1917— 19-yillar she’riyati), Cho’lpon (1914-21 yillar she’riyati, “qurboni jaholat” “Vayronalar orasidan”, “kecha va kunduz”), Qodiriy (“Uloqda”, “Juvonboz”, “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo’lat tajang nima deydi?», “O’tgan kunlar”), Hamza (milliy she’rlar, “zaharli hayot” “paranji sirlari”) va boshqalar ijodida Realizm adabiy metod sifatida aniqtayin qirralarini kasb etdi. Bu yozuvchilarning bir qismi, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, Realistik asar to’qimasiga sentimentalism va romantizm unsurlarini ham olib kirdilar. Shunga qaramay, o’zbek adabiyotida Realizmning adabiy metod sifatida shakllanishi xuddi shu davr adabiyoti bilan bog’liq. O’zbek adabiyotida Realizmning shakllanishida Ayniy (“Buxoro jallodlari”, “Doxunda”, “Qullar”), Oybek (“Qutlug’ qon”, “Navoiy”, “Quyosh qoraymas”, harbiy lirika), G’afur G’ulom (“Shum bola”, “Yodgor”, urush davri lirikasi), shuningdek, Hamid Olimjon (“Zaynab”, “Zaynab va omon”, lirika), Shayxzoda (“Mirzo Ulug’bek”, lirika), Mirtemir, Zulfiya va boshqa yozuvchilarning xizmatlari katta. Sosialistik Realizm”ochiq sistema” deb e’tirof etilgan 60-70-yillarda Shuxrat (“Shinelli yillar”), O. Yoqubov, (“Ulug’bek xazinasi”), P. Qodirov (“Yulduzli tunlar”), E. Vohidov, A. Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, keyinchalik H. Xudoyberdieva, Tog’ay Murod va boshqa yozuvchilar ijodi tufayli o’zbek adabiyotidagi Realizm o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko’tarildi. O’zbek adabiyotida Realizmning qaror topishida, bir tomondan, milliy adabiy zamindan oziqlanish, ikkinchi tomondan esa, rus va jahon realistik adabiyotining eng yaxshi an’analari va tajribalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Tasviriy san’atda Realizm ijodkor hayotdan saralab olgan muhim voqea va hodisalarni o’zining estetik qarashlari asosida aks ettiradi. San’at turlari va janrlarida Realizm an’analari turlicha ko’rinishlarda namoyon bo’ladi. Realistik san’at mohiyati jihatidan borliqning oddiy sodda o’xshashi bo’lsa ham, quruq ko’chirishga moyil bo’lgan naturalistic san’at (naturalizm)dan keskin farq qiladi. Realizm o’z echimi va shakllanishi jihatidan romantizm bilan yonmayon turgani holda haqqoniyligi va hayot haqiqati tamoyillari bilan undan ajralib turadi. Realizm taraqqiyoti davomida o’zgarib boradi, aniq, tarixiy o’ziga xos xususiyatlarga, turli uslubiy shakllarga ega bo’ladi (Masalan, antik Realizm, Uyg’onish davri Realizmi, ma’rifatparvarlik Realizmi va hokazolar), ular o’zaro vorislilik bilan bog’lanadi; antik davr ijodkorlari Real hayotni mifologik qahramon va ma’budlar timsolida aks ettirgan (haykaltarosh Miron, Lisipp, Poliklet, Praksitel va boshqalar); Uyg’onish davri ijodkorlari antik davr yaratgan shakllardan foydalanib, davrning in- sonparvarlik g’oyalarini tasvirlashga erishdilar, Realizm metodi yuksak pog’onaga ko’tarildi (Jotto, Donatello, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo, Tisian va boshqalar) 18-asr ma’rifatparvarlar san’atida rassomlar yashayotgan muhit o’zining tarixiyhaqqoniy shakllarida aksini topdi (ingliz U. Xogart, frantsuz J. Gryoz va boshqalar), F. Goyya ijodi Realizm uslubining qaror topishida alohida o’rin tutadi. Realizm voqelikni aynan o’ziga o’xshatib aks ettirish bilan chegaralanmay, balki insonning hali ro’yobga chiqmagan, ishga tushirilmagan imkoniyatlarini ham o’z tasavvuri bilan to’ldirib tasvirlashi hamda asarga xayoliy obraz va unsurlar kiritishi mumkin. Badiiy ijodda Realizm ijtimoiy hayotdagi illat va ziddiyatlarni aks ettirish orqali uni jamoatchilik hukmiga havola etish va tasvirlangan voqelikka hukm chiqarishdan iborat bo’lgan; 19- asr Realizmi tanqidiy yo’nalashda bo’lganligi uchun tanqidiy Realizm deb yuritiladi. Hikoyanavislikning ortishi borliqni yanada chuqurroq yoritish imkonini berdi, realistik san’at imkoniyatlarini kengaytirdi. Rassomlar asarda ishlatilgan har bir buyum va unsurni ifodali va asar g’oyasini ochishida xizmat qilishiga harakat qildilar. 19-20-asrlar Realizmi uchun umumiy xususiyat bu uning tarixiyligi, inson xarakterini ifodalashda aniq tarixiy shart-sharoitni hayotga yaqin qilib olinishidir (O. Dome, G. Kurbe, I. Repin, R. Guttuzo va boshqalar). 20-asr boshida Realizmning yangi bosqichi (“20-asr Realizm”) shakllandi: nemis K. Kolvis, shveytsariyalik T. Steynlen, belgiyalik F. Mazerel, frantsuz rassomi M. Utrillo, A. Marke va haykaltaroshi A. Mayol, A. Burdel, meksikalik D. Rvera, D. Sikeyros, italiyalik R. Guttuzo, J. Mantsu, amerikalik R. Kent, A. Refreje va boshqalar. 20-asr Realizmi avangard uslublari bilan raqobatda ifoda va tasvir vositalarini boyitdi. O’zbekiston san’atida Realizm dunyoviy yo’nalish tamoyillari, demokratik hamda ma’rifatparvarlik harakatlari zaminida kamol topdi. Dastlab soda ibtidoiy san’at namunalarida, keyinchalik yuksak darajada rivojlangan miniatyura san’atida Realizm unsurlari ko’zga tashlanadi. Zamonaviy tasviriy san’atda 19-asr oxiri —20-asr boshlarida Realizm shakllana boshladi. 20-asrning 20-30-yillarida milliy realistik jarayonlar B. Hamdamiy, L. Nasriddinov, L. Abdullayev va boshqa rassomlar asarlarida rivojlandi. O’zbekistonlik realist rassomlar ilg’or qarash va yo’nalishlarda shkod qilib Realizmni yangi imkoniyatlar bilan boyitmoqda. Teatrda Realizm voqelikni haqqoniy, ob’yektiv aks ettirishdan iborat vazifani anglatadigan tushuncha; san’at asarlarida o’ziga xos vositalar yordamida in’ikos etilgan hayot haqiqati. O’zbek xalq teatrida Realizm elementlari qadimdan mavjud edi. Professional teatrlar sahnasida Realizm dramaturgiyasi asarlari sahnalashtirildi. O’zbek aktyorlari Yevropa realist akterlarining ijodidan samarali foydalandilar. Realizmning yetakchi printsiplari: hayotning muhim tomonlarini muallifning yuksak ideallari darajasida ob’yektiv aks ettirish; tipik sharoitdagi tipik xarakterlarni ularning individual xususiyatlari bilan ifodalash, asarda badiiy fantaziyaning shartli shakllari (afsona, mif, ramz, mubolag’a va hokazolar)dan foydalanish (xususan, 20-asr Realizmida) bilan birga tasvirning hayotiy haqqoniyligiga rioya qilish; shaxs va jamiyat (ularning aloqalari va ziddiyatlari) muammolariga qiziqishning kuchliligi. Ad.: Problemi stanovleniya realizma v literaturax Vostoka. Materiali diskussii, M., 1964; Hayitmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan, T., 1970; Suchkov B., Istoricheskie sudbi realizma, M., 1973; Nikolaev P.A., Realizm kak tvorcheskiy metod, M., 1975; Karimov E., Razvitie realizma v uzbek- skoy Literature T., 1975; Andreev Yu. A. Dvijenie realizma, M., 1978. Naim Karimov, Ne’mat Abdullayev.