Rentgen apparati
Rentgen apparati — rentgen nurlarini hosil qilish va ulardan foydalanish uchun mo’ljallangan qurilma. Rentgen apparati rentgenodiagnostika, rentgenote- rapiya va rentgen analizida ishlatiladigan turlarga bo’linadi. Rentgen apparatining muqim (rentgen kabinetlarida, laboratoriya va boshqa maxsus xonalarda ishlaydigan va boshqalar) va ko’chma (qo’lda olib yuriladigan) xillari bo’ladi. Rentgen apparati rentgen trubkasi, transformator va to’g’rilagichdan, Rentgen apparatini boshqarish va nazorat qilish pulti, o’rganiladigan ob’yekt va rentgen trubkasi o’rnatiladigan shtativdan iborat. Rentgen trubkasi elektrovakuum asbob; unda rentgen nurlari hosil qilinadi. Asosiy qismlari: anod (rentgen nurlari manbai), katod (elektronlar manbai) va qobiq (kolba). Anodga yuqori kuchlanish berilganda anod sirtida tezlashgan elektronlar oqimi tufayli bombardimon sodir bo’ladi. Hosil bo’lgan kinetik energiyaning bir qismi roentgen nurlariga, ko’p qismi issiqlik energiyasiga aylanadi. Rentgen apparati ishlayotganda xavfsizlikni ta’minlash uchun yuqori kuchlanish ostidagi qismlari muhofaza qilib qo’yiladi, signalizatsiya tizimi bo’ladi; Rentgen apparatining ba’zi qismlari va apparat o’rnatilgan xona blokirovka qilinadi, rentgen nurlaridan himoya qilish vositalaridan foydalaniladi. Tibbiyotda Rentgen apparati yordamida organlarni ko’rish, suratini olishdan tashqari, flyuorografiya o’tkazish mumkin. Muhim Rentgen apparatiga organlarni qavatma-qavat kuzatish (tomografiya), yurak va qon tomirlarini kontrast tekshirish (antiografiya) uchun alohida moslamalar o’rnatiladi. Rentgen apparatidagi elektronoptik o’zgartirgich tekshirilayotgan ob’ektdagi eng mayda organ va boshqalarni ham ko’rish, uni kinoga olish hamda televizion yo’l bilan kuzatish imkonini beradi.