REPATRIATSIYA

REPATRIATSIYA (lot. repatriatio – vatanga qaytish) — urush oqibatida vatanidan tashqariga chiqib qolgan harbiy asirlar va fuqarolarni, shuningdek, fuqarolik huquqi tiklangan muhojirlarni o’z vataniga qaytarish. Repatriatsiya odatda, xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi (Masalan, harbiy asirlarni Repatriatsiya qilish). Shuningdek, shartnomadan tashqari asosda ham bo’lishi mumkin. Bu holda Repatriatsiya qilish imkoniyati manfaatdor davlat yoki davlatlar qonunlarida nazarda tutilgan bo’lishi kerak. Repatriatsiyaga tipik misollar sifatida quyidagilarni keltiramiz: 1) asirga tushgan shaxslarni davlat hokimiyatining qaroriga muvofiq va ularni qabul qiluvchi tomonning harbiy asirlarni qabul qilish bosqichlari va muddatini ko’rsatgan holda urush tamom bo’lgandan so’ng harbiy asirlarni o’z vataniga qaytib kelishi. Harbiy asirlarga ega davlatlar urush qurbonlarini himoya qilish to’g’risidagi 1949-yilgi Jeneva konvensiyasiga muvofiq asirlarni o’z vatanlariga qaytishiga to’sqinlik qilmasliklari kerak; 2) qochoqlarning o’z vataniga qaytishi. Qochoqlar mavjud bo’lgan davlat ularning o’z vatanlariga qaytishiga to’sqinlik qilmasliklari kerak, ammo qochoq maqomiga ega shaxslarni, agar ular o’zlari turgan davlatning qonunlariga zid harakatlarni amalga oshirgan bo’lsalar o’z vataniga zo’ravonlik bilan qaytarib yuborishlari ham mumkin emas; 3) ajdodlari, qarindoshlari, ota-onasi yoki o’zlari yashab o’tgan shaxslarning o’zlarining tarixiy vataniga qaytib kelishi. Masalan, 1944-yil o’z vatanlaridan zo’ravonlik bilan O’zbekistonga ko’chirib keltirilgan mesxeti turklari, qrim tatarlarini o’z vatanlariga qaytib ketishi. Shaxslarning yakka tartibda o’z vatanlariga qaytishdan farqli ravishda, Repatriatsiya shaxslarni ommaviy ravishda o’z vatanlariga qaytishini bildiradi.