Rift
Rift (inglizcha rift — darzlik, yoriq, dara) — yer po’stining chiziq bo’ylab yo’nalgan yirik tektonik strukturalari. Uzunligi bir necha yuz kilometr (ba’zan 1000 kilometrdan ziyod) ga yetadi. Ko’pgina okean va kontinental Riftlarning eni 30-70 kilometr bo’ladi, biroq ancha tor enli (5— 20 kilometr, Masalan, o’lik dengiz) va keng enli (200— 400 kilometr, qizil dengiz Rift) okean Riftlar ham bor. Riftlar, odatda, keng gumbazsimon ko’tarilgan joylarda materiklarning gorizontal cho’zilishidan vujudga keladi (Masalan, Sharqiy Afrika). Bunda yer po’sti butun qalinligi bo’yicha yoki ko’p qismi cho’ziladi deb tahmin qilinadi. Rift aksari bir qancha uzilishlardan iborat; ular orasida ustki yuzasi qiya va po’stining bir qismi surilgan tashlamauzilma ko’proq. Tashlama uzilmalarning og’ish burchagi odatda 60-70° bo’lib, siljishning vertikal amplitudasi bir necha kilometr va po’stning cho’zilishi ba’zan bir necha o’n kilometrgacha etishi mumkin. Riftning ichki kontinental, kontinentlararo, okean ichki tiplari farq qilinadi. Rift chegarasida turli tartibda yotuvchi graben va gorstlar mavjud. Graben asosiy strukturaviy shakldir. Biroq Rift po’stning yuqoriga tomon tektonik gumbaz shaklida qiyaroq bukilishidan hosil bo’ladi; u keyinchalik yorilib Faben va gorstga ajraladi. Juda katta Riftlar Rift mintaqalari deb ataladi. Riftning kelib chiqishi haqida bir necha ilmiy faraz mavjud. Hozitgi vaqtda yangi plitalar tektonikasi nazariyasi paydo bo’ldi, unga ko’ra, Riftlar materiklarning gorizontal harakati natijasida hosil bo’ladi.