Rok musiqa
Rok musiqa (inglizcha rock music — Rok-n-roll so’zidan) — ommabop musiqa turi. 1950-yillarda AQShda tijorat ko’ngilochar san’atining yangi (Roknroll) shakli sifatida yuzaga kelgan (B.Xeyli, F. Domino, E. Presli, Ch. Berri). O’sha davrda keng tarqalgan “shirin ohang” qo’shiqlar (F. Sinatra va boshqalar) ga qarshi o’laroq Rok musiqada jo’shqin ritm, baland tovush (dinamika), g’ayratli va ehtirosli kuylash uslubi, qushiq matnlarida qo’pol (adabsiz) iboralar keng o’rin olgan. Rok musiqa ansambllar tarkibi asosini yakka xonanda, elektr (Solo, ritm va bas) gitaralar va urma cholg’ular tashkil etadi. Ijro uslubi, ayniqsa, elektrogitaraning jarangdor, kuchli va ta’sirli ovozi, keng texnik va ifodaviy imkoniyatlar yordamida shakl topgan (J. Xendriks, R. Blekmor va boshqalar). 60-yillardan Rok musiqa Amerika va Yevropa yoshlarining jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va axloqiy qadriyatlarga qarshi ijtimoiy (bitniklar, xippi, keyinchalik panklar va boshqalar) harakatlarning ma’naviy asosi sifatida yirik madaniy jarayon bo’lib rivoj topgan. Bu davrda Yevropa (jumladan, Angliya) guruhlari (“The Beatles”, “Rolling Stones” va boshqalar) Rok musiqa taraqqiyotiga alohida hissa qo’shgan. Tarixiy rivoji jarayonida Rok musiqa bir necha uslub va yo’nalishlarga ega bo’lgan. “Xardrok” (“og’ir, qattiq rok” — “Led Zeppelin”, “Black Sabbath”, “Scorpions”, “Nazareth” va boshqalar), “Xevi metal” (“og’ir metall” yoki “og’ir qurollar” — “Black Sabbath”, “Deep Purple”, “Led Zeppelin”, “Metallica”, “Rammstein”), “psixodelik rok” (“Pink Floyd” va boshqalar), “artrok” (mumtoz musiqa namunalariga asoslangan rok — “Deep Purple”, “Urian Heep”, “Queen” va boshqalar), “folkrok” (bob Dilan va boshqalar), “glemrok” (“jozibali, yoqimli rok” — “Kiss”, E. Kuper va boshqalar), “pankrok” (“yomon, yaramas rok” — “Sex Pistols” kabi) va boshqalar. O’zbekistonda birinchi Rok musiqa guruhlari 1960-yillarning 2-yarmida paydo bo’lgan (“Kiberglar”, 1967, “Sigma”, 1968 va boshqalar). Ular repertuaridan Yevropa Rok musiqa namunalari bilan birga qayta ishlangan o’zbek xalq kuylari, O’zbekiston kompozitorlari asarlari xam o’rin olgan. 1970-yillarda asosan, folkrok (“Yalla”, “Kvazarlar”, “Navo” va boshqalar), jazrok (“sintez”, “Inter”, “Sato” va boshqalar), keyinchalik Xevimetal (“reys 09”, “Daumetal”) kabi va boshqalar uslublar rivoj topgan. Olimjon Bekov.