Rossiyaning xonliklarga dastlabki tajovuzkorona harakatlari
Kavkaz, Volgabo’yi, Sibir va O’rta Osiyo ustidan hukmronlik qilish rus podsholarining azaliy orzusi edi. Rossiya podshohi Ivan Grozniy ana shu orzuni amalga oshirishni boshlab berdi. U XVI asr ikkinchi yarmida Qozon, Ashtarxon va Sibir xonliklarini bosib oldi.
Rus davlati endi afsonaviy boyliklar makoni deb shuhrat topgan O’rta Osiyo mintaqasiga ko’z olaytirib, bu yerdagi mavjud xonliklar haqida keng ko’lamda josuslik ma’lumotlarini to’play boshladi. Bu holat “Moskva savdo kompaniyasi” deb atalgan tashkilotning vakili Antoji Jenkinson boshchiligidagi elchilarning faoliyatida yaqqol namoyon bo’ldi. Antoni Jenkinson Richard va Robert Jonsonlar bilan birgalikda 1558 yilning aprelidan to 1559 yilning 2 sentabrigacha Buxoroda bo’ldi, u yerda Abdullaxon II bilan uchrashdi. Shayboniylar sulolasining salohiyatli va mashhur vakillaridan hisoblangan Abdullaxon rus podshosining elchisi bilan bo’lgan suhbatda Rossiya, Angliya va Turkiy davlatlarining harbiy qudrati, qurol-aslahasi haqida ma’lumot olishga qiziqqan bo’lsa, Jenkisnson va uning hamrohlari Buxoroning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy ahvoli va xalqaro aloqalari haqida imkon qadar ko’proq ma’lumot to’plashga intildilar. Rus davlati bundan keyin ham zo’r berib O’rta Osiyo xonliklari haqida ma’lumot yig’ishda davom etdi. 1620 yilda Ivan Xohlov, 1660 yilda B.A va S.I.Pazuxinlar, 1675 yili esa V.A.Daudov boshchiligidagi elchilarini O’rta Osiyo xonliklariga jo’natdi. Ular Buxoro, Xiva, Urganch va Balxda bo’lishib, o’zbek xonliklarining iqtisodiy-siyosiy va harbiy ahvoli bilan yaqindan tanishdilar. Manbalarda XVII asrda Buxoro va Xiva xonliklarida Rossiyaning 9 elchisi bo’lganligi qayd etilgan.
XVII asr boshlarida rus kazaklari Urganchga xurujlar uyushtirganlar. Rus kazaklarining Urganchga hujum qilib katta o’ljalik bo’lishgani, mahalliy xalqning ularga qarshi kurashgani xususida tarixiy manbalarda ishonchli ma’lumotlar bor. Urganchning rus kazaklari tarafidan bosqin etilishi va Xorazm xalqining tajovuzkorlarga qarshi olib borgan kurashi mashhur tarixchi olim Abulg’ozixonning “Shajarai turk” asarida yoritilgan. Jumladan, mazkur asarda shunday deyiladi: “Yoyiq teganda yurug’on o’rusning qozoqindin ming kishi saratonning avvalgi kuni g’ofil kelib, Urganchning qal’asiga kirdi. Shaharda ra’iyatdin o’zga kishi yo’q erdi. Xonning o’rdasi kishi chopturdilar. Yetti kunda xon keldi. [Kazaklar] Urganchda ra’iyatdin ming kishini o’ltirdi va ming qiz bilan juvonni oldi. Ming arobagaa yaxshi mollardan yukladi. Bo’z va bo’yog’li, palos va to’n, to’shak-yastuq mundog’ nimarsalarni barchasini o’tga yoqdi. Bularni saranjom qilguncha yetti kun bo’ldi. Andin so’ng [kazaklar] Urganchdin chiqib daryo labiga yurudi. Arab Muhammadxon oldiga borib o’r qazdi va jang qildi. Ikki kun urushtilar, uchinchi kuni jibni zo’r qilib olib, taqi bosib o’tdi. O’rus piyoda, bizning xalq otlig’ ikki farsang yer yuzunda yana o’r qazib jang qildilar. O’rus yuklagan suvini tamom qildi… o’rus qon icha boshladi. Beshinchi kuni qonni ham tavosutti. O’zbek har yerdan to’p-to’q bo’lib chopdi. O’rusni o’ldurib-o’ldurib qaytdi. Ul arobadan chiqib urushar erdi. Axir arobaning ichindan chiqa bilmadi. Ojiz bo’ldi. Yettilanchi kuni barcha ittifoq birlan choptilar. Arobaga kelgandan so’ng otdin tushib ko’ran ichiga kirib qilichni qo’ya berdilar. Xalq o’ljaga yuzburg’onda o’rus qochib daryo labiga borib Tuq qal’asining quyisida yag’ochdin qal’a solib baliq olib yedida o’lturdi. Arab Muhammadxon borib qabadi. Taqi o’n besh kunda oldi”.
Shunday qilib, rus kazaklarining dastlabki talonchilik qutqusi barbod bo’ldi. Keyin Urganchga bostirib kirgan Ataman Nechayev kazaklarining taqdiri ham shunday bo’ldi. Abulg’ozixon yozadi: “Biz dunyoga kelgan yilning avval bahorinda (1603 yil) o’n yetti kishi o’rusg’a savdog’a ketar erdi. Qo’sh Yoyiq teganda ming qozoq o’rus bor ekandi. Yo’lda anga uchray qolur. Ikkisini o’lturur, saqlag’an kishilardin Urganchning xabarin so’rar. Aning birisi turkistonlik ekandur. Ul aytur, Urganchning shahrinda sipohdin bir kishi yo’q edi. Sipohning yaqin o’lturgani otlig’a bir kunlik yo’q edi. Sipohning yaqin o’lturgani otlig’a bir kunlik yo’l. Shaharda tanho ra’iyat turur. Bir tarafi cho’l. Agar cho’l yo’lindin yuz ming lashkar borsa, shaharga kirganda ko’rar. Andin ilgari ko’rmas. Yot yurtli kishi ancha qo’lindan va tilindan kelgan sa’y birlan xushomadni qildi. O’rus muning so’zina firifta bo’lib turkistonlini boshchi qilib, ming kishi kelib Urganchning Mirzo darvozasindin kiribdi…
Otamiz [Arab Muhammadxon] o’rusdin bir kishi qo’ymay qirib ekandur”. XVIII asr boshida esa ana shunday xuruj keng miqyosda amalga oshdi. Bu xuruj Rossiyaning birinchi imperatori Pyotr I davriga boshlandi.
1713 yilda Ashtarxonga kelgan mang’ishloqlik Turkman savdogi Xo’ja Nafas knyaz Mixail Samonov bilan uchrashadi. Ular tezda o’zaro til topishib ketishadi. Turkman savdogari undan katta va’dalar oladi, Eronning G’ilon viloyati hukmdori bo’lgan, lekin ayrim sabablarga ko’ra Rossiyaga qochib kelib nasroniy diniga o’tgan bu kimsa Xo’ja Nadasni Sankt-Peterburgga taklif qiladi. Xo’ja Nafas bu shaharda cho’qintirilgan yana bir musulmon-knyaz Bekovich-Cherkasskiy bilan tanishadi. Xo’ja Nafas unga Amudaryo sohili oltin qumlarga boyligi haqida gapiradi. U Rossiya uchun oltinning naqadar zarurligini yaxshi anglagani uchun bu haqda Pyotr I ga axborot beradi. Shuning uchun Pyotr I Xo’ja Nafasni shaxsan o’z huzuriga chaqirtiradi. Xo’ja Nafas u bilan qilgan suhbatida qadim zamonlarda Amudaryo Kaspiy dengiziga kelib qo’yilganini, ammo, keyinchalik mahalliy aholi daryoni to’g’on bilan to’sganini va qurigan o’zan ham oltinga boyligini aytadi. Xo’ja Nafasning ma’lumotlarini aynan shu vaqtda Sankt-Peterburgga kelgan Sibir gubernatori Matvey Gagarin ham tasdiqlaydi va Yorkent shahri yaqini Sirdaryo sohilidan olib kelingan oltin namunalarini unga ko’rsatadi. Pyotr I endi maxfiy reja tuzib, bu oltinlarga ega bo’lish uchun ekspeditsiya jo’natishga qaror qiladi. Kapitan Ivan Buxgolts rahbarligidagi birinchi ekspeditsiya Sibir orqali Tobolskdan Irtish daryosi bo’ylab Yorkentga borishi kerak edi. Bu guruh 1715 yilning boshlarida yo’lga chiqib, Yamishchev qo’liga yetib boradi va u yerda istehkom quradi. Ammo, bu yerlarda yashayotgan qalmoq qabilalari ajnabiylarning qal’asiga har tarafdan hujumlar uyushtiravergach, Buxgolts orqali chekinishga majbur bo’ladi. O’rta Osiyo orqali o’tishi kerak bo’lgan ikkinchi ekspeditsiya esa Xiva xonligiga borishi, unga rus gvardiyasini taklif etishi hamda Amudaryoni eski oqimiga burish imkoniyatlarini aniqlashi, so’ng esa Buxoroga o’tib, amirning ham Rossiya panohi ostiga o’tishi ta’minlashi lozim edi.
Bu ekspeditsiya podsho gvardiyasi Preobrjensk polka poruchigi Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy rahbar qilib tayinlandi.
Mavzuga oid hujjat
Pyotr I ning Bekovich-Cherkasskiyga yo’riqnomasi
1. Amudaryo bir vaqtlari Kaspiy dengiziga qo’yilgan joyda 1000 chaqirimni qamraydigan harbiy istehkom qurilsin. Amudaryo oqimini va to’g’onlarini sinchkovlik bilan o’rganib, imkoni bo’lsa eski yo’lga burib yuborilsin. Suvni Orol dengiziga yo’naltiradigan to’g’onlar buzilsin. Bu ishlarni bajarishga qancha kishi kerakligi aniqlansin.
2. Xiva xonligining rus davlati tobeligiga o’tishiga erishilsin hamda bizning manfaatlarimizga xizmat qilish sharti ko’tarsa, harbiy qism qoldirilsin. Agar xon rozi bo’lsa va sharoiti ko’tarsa, harbiy qismni o’zi ta’minlasin. Bordiyu, buni qila olmasa, harbiy qismni bir yil davomida ta’minlash kafolati berilsin, keyingi yillardagi xarajatlar esa uning zimmasiga yuklatilsin.
3. Agar Xiva xoni rozilik bildirsa, u vaqtda xon kishilariga ikki rusni qo’shsin va ular Sirdaryo suvi bo’ylab oltin borligini aniqlash uchun Yorkentga jo’natilsin. Shuningdek, xondan savdogarlarimizning Amudaryo bo’ylab Hindistonga borishlari uchun kemalar berishi so’ralsin. Savdogarlar ketayotganlarida quruqlik va suv yo’llarini, daryo va ko’llarini, ayniqsa Hindistonga boradigan yo’lni yaxshi o’rgansinlar va ma’lumotlar to’plasinlar. Agar savdogarlar Hindistonga Kaspiy dengizi orqali boradigan yo’l mavjudligini eshitsalar, u vaqtda shu yo’l bilan orqaga qaytsinlar va ko’rganlarini qog’ozga tushirsinlar.
4. Xiva xonidan Buxoro xonligining rus davlati tobeligiga o’tishga xohishi, bor-yo’qligi aniqlansin. Bordiyu bunday istak bo’lmasa, do’stlik munosabatlari o’rnatishga erishilsin.
5. Ko’rsatilgan topshiriqlarni amalga oshirish uchun 4000 kishidan iborat muntazam qo’shin va kerakli kemalar ajratilsin. Bundan tashqari, Yoyiq kazaklaridan 1500, eshkakchilardan 500 va otliqlardan 100 kishi berilsin. Ular savdo karvonlarini muhofaza qilish niqobi ostida Ashtarxondan harbiy qal’a va shahar quriladigan joyga, ya’ni Kaspiyning sharqiy qirg’og’iga yuborilsin. Qo’shin komandirlari barcha joylardagi tub aholiga nisbatan xushmuomalada bo’lsinlar. Shaharni qurish uchun zarur bo’lgan asbob va cho’kichlar berilsin.
6. Dengiz ofitserlaridan poruchik Kojin va navigatorlardan 50 yoki ko’proq kishi harbiy qismga qo’shilsin. Kojin savdogarlar niqobida ish yuritishi, navigatorlar esa Yorkentga yuborilishi lozim.
Pyotr I ning harbiy istehkomlar qurish va shu yo’l bilan Kaspiy dengizining sharqiy qirg’oqlarida rus davlatining ta’sirini o’rnatish haqidagi ko’rsatmasini bajarish uchun u 69 kemada Kaspiy dengizi bo’ylab yo’lga chiqdi. Tikqarag’an degan joydan Manqishloqqa kelib, bu yerda Avliyo Pyotr nomida harbiy istehkom qurdi. Ikkinchi qal’a Krasnovodskda barpo etildi.
1717 yil ko’klamida Bekovich-Cherkasskiy o’z qo’shinining bir qismini yo’l bo’yiga qo’yib, o’zi qolgan askarlari bilan kemada Kaspiy dengizi orqali Guryevga keldi.
Qalmoqlar xoni Ayuka Bekovich-Cherkasskiyni Xivadagi vaziyatdan ogoh qiladi: “Mening Xiva xonligiga borib kelgan odamimning guvohligiga ko’ra, 2000 kishidan iborat xivaliklar, qoraqalpoqlar va qozoqlar birlashib, chegara joylarda turibdilar. Ular yo’llardagi quduqlarni ko’mganlar hamda jang qilish niyatidalar. Yo’llarda jazirama issiq oqibatida o’t yo’qligidan rus askarlari og’ir ahvolga tushib qolmasinlar. Vaziyatni batafsil tushuntirish uchun 7 kishini yubormoqdaman”.
Bekovich-Cherkasskiy 3000 dan ortiq qo’shin bilan 1717 yil may oyining oxiri – iyunning boshlarida Guryevdan chiqib, Xiva tomon yurdi. Emba daryosi irmog’ini kechib o’tdi, ikki kundan keyin esa Bagachat degan joyga kelib qo’ndi. So’ngra Dukchon, Mansulmas, Childon, San Durali va Yangisuv singari quduqli manzillarni bosib o’tdi. Biroq, jazirama issiq va o’tlar qovjirab ketganligi sababli qo’shindagi ot va tuyalarni boqish g’oyatda og’ir kichadi. Bekovich-Cherkasskiy Yangisuvga kelgach, tinchlik va do’stlik elchisi sifatida borayotganligini ma’lum qilish uchun Sherg’ozixon huzuriga Mixail Karetovni jo’natdi. Shundan keyin qo’shin yo’lda davom etib, Shershik qudug’i va Qoraqumobod arig’i orqali Oqko’l arig’i bo’yiga keldi. Ko’p o’tmay uning huzuriga Xiva xoni Sherg’ozi nomidan ikki kishi va Karetovning bir odami keldi. Ular on nomidan Bekovich-Cherkasskiyga ot, to’n va turli matolardan iborat sovg’a-salomlarni topshirdi.
O’z navbatida u ham Xiva elchilariga diplomatik mulozamatlar ko’rsatadi. So’ng qo’shini bilan Xivaga yurishini davom ettiradi. Poytaxtgacha to’rt kunlik masofaga yetishganda Xiva qo’shini ekspeditsiya bilan to’qnashadi. Uch kun davom etgan jang ruslarning harbiy ustunligini ko’rsatadi. Sherg’ozixon bosqinchilarni qurol kuchi bilan yengib bo’lmasligini anglaydi. Xiva hukmdori ruslar huzuriga o’z elchisini yuborib muzokaralar boshlaydi.
Bekovich-Cherkasskiy o’z navbatida Xiva hukmdoriga o’zining rus davlatinign elchisi ekanligini va qoraqalpoqlar hujumlaridan saqlanish uchun qo’shin bilan kelganligini ma’lum qildi. Oradan ko’p vaqt o’tmay, rus elchilari xonning lashkarboshisi Qulunbek va Nazarxo’ja ismli kishi bilan birga keldilar. Qisqasi, har ikki tomon bir-birlari hujum qilmaslikka ahd qildilar. Sherg’ozixon Eshonxo’ja orqali Bekovich-Cherkasskiyni o’z huzuriga taklif etdi. Nihoyat bunga rozilik bildirgan Bekovich-Cherkasskiy knyaz Mixail Samonov, brigadier Grigoriy Volkov, 700 askar va boshqa kishilar bilan xon huzuriga yo’l oladi. U Pyotr I yorlig’ini, qimmatli egar-jabduq o’ralgan ot, movut, har biri 5 gazdan bo’lgan turli gazlamalar, kallaqand, kumush idishlardan iborat sovg’alarni xonga topshirdi.
Sherg’ozixon do’stona suhbatlar va mehmondorchiliklar uyushtirib kapitan-poruchikni yaqindan tanish, maqsadini anglashga urinadi. Asli Vatani Qabarda bo’lgan Iskandarbek knyaz Golitsinning qizi Mariyaga uylangach, nasroniy diniga o’tgan. Cho’qintirish marosimida Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy nomini olgan. Xorijga o’qishga yuborilgan. So’ngra poruchik unvonida Preobrajensk leyb-gvardiya polkiga xizmatga tayinlangan. Podshoning yaqin va ishonchli mulozimiga aylangan. Xivaga yaqinlashganda rafiqasi Mariya va qizlarining Volgada cho’kib o’lgani haqida xabar olgach, dunyoqarashi o’zgargan. U Ollohning qahriga uchraganini sezib, yana musulmonlikka qaytgan. Sherg’ozixon aniqlagan ma’lumotlar asosida Iskandarbekka aylangan. So’ng ularni qirib tashlaydi. Xiva xonining tabirkorligi tufayli birinchi rus ekspeditsiyasi barbod bo’ladi. Rossiyaning Xivaga elchilik niqobida qo’shin yuborgani bu vaqtda Buxoroda katta bezovtalik uyg’otgan edi. Shuning uchun Buxoro xoni Abulfayzxon 1716 yilda Xonquli to’pchiboshi boshliq 61 kishidan iborat elchilarni Peterburgga jo’natadi.
Elchilar 1716 yilning 22 fevralida Ashtarxonga yetib keldi va komendant M.Chirikovga o’zining ishonch qog’ozini va Abulfayzxonning maktubini topshirdi.
Ayni vaqtda Prussiyada turgan Pyotr I ning Peterburgga qaytishini, keyin esa yo’llarning ochilishini kutgan Xonquli to’pchiboshi 1717 yilning may oyigacha Moskvada qoldi. Uni zodagonlar, amaldorlar va boy-ayonlar ovuntirib turdilar, bazmlariga olib borishdi. Elchiga Rossiyaning boyligi va qudratini namoyish qilishga urinishdi. 17171 yilning 26 iyunida esa uni Peterburgga izzat-ikrom bilan kuzatib qo’yishdi.
Abulfayzxon Pyotr I ga yozgan maktubida ikki davlat orasida do’stlik munosabatlarini o’rnatish va o’zaro savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish istagini bildirgan edi. Buxoro xoni o’z maktubida Ashtarxonda ayrim musulmonlarning tuhmatga uchrab, begunoh hibsga olinganligini ta’kidlab, ularning ozod qilinishini iltimos qilgan.
1717 yilning 3 iyulida Rossiya hukumatining topshirig’iga ko’ra, Tashqi ishlar mahkamasi xodimi Pyotr Kurbatov Xonquli to’pchiboshining huzurida bo’ldi. Ammo, elchi Buxoro xonining yorliq va maktubini shaxsan Pyotr I ga topshirish lozimligini aytib, podshoning Rossiyaga qaytishini kutdi.
1717 yilning 10 oktabrida Sankt-Peterburgga qaytgan Pyotr I Buxoro elchisini 26 oktabrda qabul qildi. Shohlarga xos odat bo’yicha Pyotr I elchidan Buxoro xonining salomatligini surishtirdi. Shundan keyin Buxorodan keltirilgan sovg’a-salomlar topshirildi. Xonquli to’pchiboshi Abulfayzxonning ishonch yorlig’ini topshirgach, asir etilgan buxoroliklarning ozod etilishini iltimos qildi.
Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi halokatidan so’ng o’z rejasidan qaytmagan Pyotr I endi o’z nigohini Buxoroga qaratadi. Shuning uchun podsho va uning vazirlari, xususan, zobitlar elchiga zo’r qiziqish bilan qaradilar. Ular Xonquli to’pchiboshi qachonlardir Orenburg garnizoni kaprali Andrey Rodikov bo’lganini eshitishgan edi. Asir tushib qolgan bu zobit Xivada qul tariqasida sotilgani, Buxoro shahzodasi Abulfayz uni o’z xizmatiga olib, armiyada katta lavozimga qo’ygani tarixini ham bilishardi. Andrey Rodikov o’z darajasiga ko’ra, generaldan ham yuqori unvondagi Buxoro amaldori ekani ham bu qiziqishni oshirgan edi. Sobiq kapral endi Xonquli to’pchiboshi nomida qirq yildan so’ng o’z vatani o’zga yurtning elchisi sifatida turardi. Pyotr I Buxoro elchisi bilan qilgan shaxsiy suhbati uning butun tarixini bilib oldi va unga hurmati oshdi.
Xonquli to’pchiboshi Abulfayzxonning topshiriqlarini bajarib bo’lgach, Buxoroga qaytib ketishi oldidan xotini va qizi Peterburgda umrbod qolmoqchi ekanini podshoga aytganida Pyotr I elchining bu iltimosini qondirgani ham bejiz bo’lmagan. O’z burchiga sodiq bu rus zobitining Buxoro xoniga sadoqati podshoni ajablantirdi.
Pyotr I Rossiyaning Buxoro bilan yaxshi munosabatda bo’lishi siyosiy maqsadlarda qo’l kelishini yaxshi anglar edi. Shuning uchun u Abulfayzxonga yozgan javob maktubida o’zaro savdo-sotiq aloqalarini yo’lga qo’yishdan mamnunligini bildirdi va bundan buyon Buxoro savdogarlaridan boj-xiroj olinmasligini xabar qildi.
Buxoro xonining Rossiyadagi asirlarni ozod qilish haqidagi iltimosi ham ijobat topdi: “O’ta xavfli jinoyat sodir etib, o’lim jazosiga loyiq bo’lgan” buxorolik ikki kishi umrbod surgun qilindi, boshqalari ozod etildilar. Pyotr I Abulfayzxonning Buxoroga “idrokli odam”ni elchi qilib yuborish to’g’risidagi iltimosiga alohida e’tibor bilan qaradi. Chunki Buxoro xoni Abulfayzning Pyotr I dan o’z elchisini yuborishni iltimos qilishi rus hukumatining manfaatlariga to’la mos kelar edi. Buxoroga borishga hozirlik ko’rayotgan Florio Beneveni boshchiligidagi elchilik jamoasining taraddudi Abulfayzxon iltimosiga javob bo’ldi.
Rus podshosi Pyotr I huzurida yuqori lavozimda turgan F.Beneveni asli italiyalik bo’lib, “fors va turk tillarini yaxshi bilar, o’ziga topshirilgan elchilik vazifasini bajara oladigan darajada boy tajribaga ega” odam edi.
F.Beneveni boshliq elchilarni jo’natish bilan shaxsan Pyotr I hamda uning eng yaqin yordamchilari: kantsler G.Golovkin va uning o’rinbosari P.Shafirovlar shug’ullanganligi uchun Buxoro xoni Abulfayzxon ham bu tashrifga o’ta qiziqish bilan qaradi.
Florio Beneveni elchiligining maqsad vazifalari 1718 yilning 13 iyulida imzolangan maxfiy yo’riqnomada ochiq-oydin ko’rsatib berilgan. Yetti moddadan iborat ushbu yo’riqnomada F.Beneveniga o’z safari chog’ida iqtisodiy va geografik ahamiyatga molik yerlarni buxoroliklarga sezdirmasdan eslab qolish, Kaspiyga quyiladigan katta-kichik daryolar va mavjud kemalar, shaharlar va istehkomlar haqida ma’lumot to’plash topshirilgan edi. Bu topshiriqlar ichida uning ham Buxoroda Eron elchilariga ko’rsatiladigan darajada izzat-ikrom bilan kutib olinishiga erishish lozimligi alohida uqtirilgan edi. Bundan tashqari. F.Beneveni Buxoro xonligining qit’alari va qo’shinlarining umumiy soni, armiyasining tuzilishi va ahvoli, boshqarish usuli, Buxoroning Eron, Xiva va Turkiya bilan munosabatlari haqida to’la ma’lumot to’plashi hamda Rossiya va Buxoro davlati o’rtasida savdo-sotiqni rivojlantirishda mavjud imkoniyatlarni aniqlash bilan birga, O’rta Osiyo daryolaridagi oltin zaxiralari haqida ma’lumotlar to’plashi ham lozim edi. F.Beneveniga Buxoro xoniga soqchilik uchun rus gvardiyasini taklif etish va bu ishning oson kechishi uchun Xonquli to’pchiboshining ko’nglini topishi alohida uqtirilgan.
Rus podshosi Pyotr I F.Benevenini jo’natib, xonlikning iqtisodiy, harbiy, fuqarolik va diplomatik ahvoli haqida yetarli tasavvurga ega bo’lmoqchi edi. Chunki Rossiya uchun xavf qudratli Usmonli turk davlati tomonidan kutilgan bo’lib, Turkiyaning Eron hisobiga yanada kuchayishi va O’rta Osiyoga kirib borishi natijasida Rossiyani mushkul ahvolga soliq qo’yishi e’tiborga olingan edi.
Rossiyaning Buxoro bilan “do’stona” munosabatda bo’lishga urinishi ayni paytda Xiva bilan bo’lgan munosabatlarining uzilishi bilan ham bog’liq edi. Ikkinchi tomondan, F.Beneveniga berilgan yo’riqnoma birmuncha vaqt oldi Eronga yuborilgan A. Volinskiyning vazifalariga juda o’xshar edi. Pyotr I Buxoro va Eronga o’z elchilarini yuborib, diqqatini Sharqqa qaratgan va bu yerlarda Turkiyaning ta’sirini sindirish payiga tushgan edi. Shu tariqa, kerakli ko’rsatmalar olgan F.Beneveni 1718 yilning 13 noyabrida Ashtarxonga yetib keldi va Buxoroga jo’natayotgan Xonquli to’pchiboshi bilan uchrashadi.
1721 yilning 6 noyabrida F.Beneveni va uning hamrohlari Buxoroga yetib keldilar. Rus elchilarining Buxoroga kelishi ayrim mahalliy zodagonlarga yoqmadi, ular ruslar ta’sirining ortishi o’lzarining mavqelariga futur yetkazishidan xavfsirar edilar.
Shu paytda Buxoro xonligida o’zaro urush-talashlar avj olib, mamlakatning boshqaruv tizimi ancha zaiflashgan edi. Xonlikda oliy lavozim – otaliq mansabini talashib qilingan harakatlar tufayli amaldorlar ikki qarama-qarshi guruhga ajralib qolgan edi. Masalan, Rossiya elchilari Buxoroga kelgach, oradan bir oy o’tar-o’tmas, Farhodbiy otaliq o’ldiriladi va uning o’rnini Muhammad Hakimbiy egallaydi.
Buxorolik amaldorlarning ko’pchiligi Rossiyaga qaraganda Eron bilan yaqin munosabatda bo’lish tarafdori edilar. Shuning uchun ular xon tomonidan Buxoroga keyinroq kelgan Eron elchisini F.Benevenidan oldin qabul qilishiga erishmoqchi bo’ldilar. Ammo, xalqaro nufuzda Eron Rossiya bilan tenglasha olmasligiga aqli yetgan Abulfayzxon F.Benevenini avval qabul qildi. Xon Rossiya salobatiga keragidan ortiq darajada hurmat bilan qarar ediki, buni su’iistemol qilgan takabbur F.Beneveni muqaddas shaharda qabul qilingan odatni buzib yayov emas, otliq kirdi, go’yo bu udumni bilib-bilmaslikka oldi.
Rossiya elchisi Buxoroda 3 yildan ortiq turdi hamda Buxoro va Xiva davlatining ichki-tashqi siyosati, iqtisodiyoti, tabiiy boyliklari haqida qimmatli ma’lumotlar to’pladi. Bu yumushlarning hammasini bajarish, tabiiyki, juda qiyin edi. Buning ustiga, amaldorlarning ko’pchiligi Beneveniga nisbatan xayrixoh bo’lgan va hatto xonga ham ta’sir etishi mumkin bo’lgan xo’ja Ulfat yordamidan foydalandi.
F.Beneveni Abulfayzxon bilan yakkama-yakka uchrashib, Rossiyaning yordamini taklif etmoqchi edi. Ammo Rossiya elchisi bu niyatga erisha olmadi. Rossiyaga juda katta umid bilan qarasa-da, xo’fyona uchrashuv saroy amaldorlarining shubhasiga sabab bo’lishi mumkinligidan cho’chigan Abdulfayzxon turli zodagon guruhlarning nog’orasiga o’ynaydigan qo’g’irchoq xon bo’lib qolganligini anglab yetgan edi. Ayni paytda Buxoro va Xiva xoni Sherg’ozixon bilan yashirincha til biriktirib, Buxoro taxtiga tajovuz qilishni ko’zlagan siyosatidan xabardor edi. 1721 yilda Sherg’ozixondan norozi bo’lgan bir guruh xivaliklar yordam so’rab Buxoroga keldilar va Abulfayzxon bir necha Urganchga yurish uyushtirdi. Ammo buxoroliklar har safar mag’lub bo’lib, chekindilar. Uch yil davomida xonlikda kechgan bu voqealar, tabiiyki, F.Benevinining nazaridan chetda qolmadi. U imkon topib bu haqda Pyotr I ga ma’lumot jo’natib, bunda asosiy aybdor deb Xiva xoni Sherg’ozixonni ko’rsatdi va mabodo rus qo’shinlari Xivaga kirgudek bo’lsa, Buxoro xoni bundan xursand bo’lishini ma’lum qildi
Sherg’ozixon esa qalmoq va no’g’ay savdogarlaridan Rossiyaning janubga tomon yurishga hozirlik ko’rayotganini eshitgach, vahimaga tushdi va Buxoroga elchi jo’natib, Xivaga xavf solayotgan kulfat ertaga Buxoroning boshiga ham tushishi mumkinligi, shuning uchun o’rtadagi nizoni bartaraf etib, umumiy dushmanga qarshi birgalashib kurashishni taklif qildi. Ammo uning elchilari Abulfayzxonni o’z takliflariga ko’ndira olmadilar.
Xonlikdagi vaziyatni chuqur tahlil qilgan F.Beneveni Buxoro saltanatining beqarorligi va ayniqsa, ichki ixtiloflar uni bosib olishni osonlashtiradi, degan xulosaga keladi. U o’zining yana bir maxfiy vazifasi mamlakatning oltin zahiralari bilan ham qiziqib, kerakli ma’lumotlarni to’pladi.
Pyotr I Xonquli to’pchiboshining hikoyasi, Kantemirning “Tizim kitobi yoki Muhammad dinining ahvoli” asari va Beneveni axborotlaridan islom dinining mohiyatini, ahamiyatini anglab oldi va undan imperiya manfaatlari yo’lida foydalanish uchun maxfiy reja tuzdi. Bu rejaga ko’ra, imperiya tarkibidagi musulmon o’lkalarida islom ulamolari nasroniy ruhoniylarga qaraganda katta huquq va imtiyozlarga ega bo’lishi lozim edi. Pyotr I ning uzoqni ko’zlab tuzilgan rejasi o’zbek xonliklarini tobe’ qilish uchun qozoqlar dashtida ruslarning ta’sirini kuchaytirish alohida o’rin egallaydi.
Bu vaqtda, ya’ni XVIII asrning birinchi choragida, ko’chmanchi qozoqlar Yoyiq daryosi va Kaspiy dengizidan Xiva xonligi chegarasigacha bo’lgan ulkan hududda, Katta, O’rta va Kichik juzga bo’lingan holda, istiqomat qilar edilar. Qozoq sultonlari o’rtasidagi o’zaro urushlar ularni tobora zaiflashtirib bormoqda edi. Shu hududda yashagan qalmoqlar ham tez-tez qozoqlar ustiga yurishlar qilar, o’zaro qonli to’qnashuvlar bo’lib turardi.
Qozoqlarga 1723 yildagi ocharchilik juda qimmatga tushdi. Ular nochor bir ahvolda tashqaridan yordam kutdilar. Kichik juz oqsoqoli Abulxayrxon 1730 yilga kelib Rossiya davlatiga murojaat qilib, o’z juzining Rossiya panohiga olinishini so’radi. Kichik juz va boshqa juzlardagi ayrim zodagonlarning qarshiligiga qaramay, Kichik juz 1732 yilda Rossiya imperiyasi himoyasiga o’tdi va Abulxayrxon cho’l orqali O’rta Osiyoga o’tadigan va u yerda qaytadigan rus savdo karvonlarini talonchilik hujumlaridan himoya qilishni o’z zimmasiga oldi. Keyinroq – 1739-1740-yillarda O’rta juz, 1747 yilda Katta juz ham Rossiya tobeligiga olindi. Kichik, O’rta va Katta juzning Rossiya tobeligiga o’tishi bilan rus hukumatining O’rta Osiyo tomon harakat qilishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi. Rus hukumati topshirig’iga binoan qozoq dashtlarida mustahkam o’rnashib olish va o’zbek xonliklarini bosib olishga tayyorgarlik ko’rish maqsadida ko’plab harbiy qal’a va istehkomlar qurildi. Faqat XVIII asrda qozoq juzlari hududida 46 ta katta va 96 ta kichikroq harbiy qal’a va istehkomlar qurildi va ularga harbiy qismlar joylashtirildi.
Rossiya hukumati o’zining mustabidlik manfaatlari yo’lida o’zbek xonliklarining savdogarlari faoliyatini cheklab qo’yishdan ham toymagan. Bundan tashqari, Rossiya strategik xom ashyo hisoblangan metallarni (mis, qo’rg’oshin va boshqa), ulardan ishlangan buyumlarni O’rta Osiyoga chiqarishni ta’qiqlagan edi. Bunday siyosatdan norozilik Buxoro va Xiva xonlarining Rossiyaga yuborgan elchiliklari faoliyatida katta o’rin egallagan. Ular rus savdogarlari o’zbek xonliklarida erkin savdo qilayotganlarini eslatib, shunday sharoit o’zbek savdogarlariga ham yaratilishi kerakligini Rossiya hukumati oldiga qo’yishgan. Ammo o’zbek savdogarlari bunday cheklashlarga qaramay, tadbirkorlik bilan ish yuritib, Rossiyadan o’z mamlakati mudofaasi uchun zarur xom ashyosi va buyumlarni olib kelishgaan. Ernazar Maqsud o’g’li ana shunday tadbirkorlardan biri edi.
Mulohaza uchun axborot
Elchi savdogar
Tabiatan iqtidorli, madrasada tahsil olgan, yurt tanigan Ernazar Maqsud o’g’li ham sayohat, ham tijorat maqsadida Rossiya bilan yaqindan tanishadi.
Rossiya davlatining arxivlarida Buxoro amirligi ana shu fuqarosining shaxsi va faoliyatiga doir hujjatlar saqlanadi. Hukumat arkonlarning hujjatlarida u dastlab mulla, savdogar va diplomat sifatida tilga olinadi. Rossiya imperiyasi Davlat kengashi va hukumatiga tegishli hujjatlarda, xususan, uning o’limiga oid xabarda Ernazar Maqsud o’g’li “millatiga shon-sharaf keltirgan” shaxs sifatida ulug’lanadi. Uning 1745 yildan 1780 yilgacha Rossiya bilan bog’langan faoliyatiga nihoyatda yuqori baho beriladi.
Xo’sh, bundan 250 yil muqaddam Rossiyada shuhrat qozonib, uning podsholari e’tibori va hurmatini qozongan bu zot kim edi? Biz quyida tijoratni siyosat, shaxsiy foydani yurt manfaati bilan uzviy bog’lab ish yuritgan Ernazar Maqsud o’g’li faoliyatidan ayrim jihatlarnigina yorityapmiz, xolos.
1754 yilda Rossiya imperatritsasi Yelizaveta o’z saroyida Sharq ellaridan kelgan bir guruh savdogarlarni qabul qildi.
Gvardiya zobitlari yordamida uyushtirilgan davlat to’ntarishi natijasida taxtni egallagan Yelizaveta shijoatli va tadbirkor ayol edi. U xuddi otasi Pyotr I singari Sharq bilan qiziqar, ayniqsa, nodir toshlar, qimmatbaho gavhar va duru javohirlar yig’ishga havasi baland edi.
Yelizaveta savdogarlar bilan suhbatlashib, ularning mollarini ko’zdan kechiradi. Uning diqqatini Buxoro savdogari Ernazar Maqsud o’g’li jalb etadi. U boshqa savdogarlarga nisbatan o’zining muomalasi, tavozeliligi, dadil harakatlari va rus tilida erkin so’zlashi bilan ajralib turadi.
Buxorolik savdogar Yelizavetadan po’lat va qo’rg’oshin sotib olishga ruxsat berilishini iltimos qiladi. Hamma savdogarlar birinchi navbatda o’z manfaatini ko’zlasa, u o’z mamlakatining mudofaasi uchun zarur narsalarni so’ramoqda edi. Yelizaveta o’zi tanlagan qimmatbaho toshlar uchun qancha to’lash lozimligini so’raganda, Ernazar Maqsud o’g’li hozirjavoblik bilan musulmon savdogarlari odati bo’yicha mollarning eng sarasi avvalo yurt hukmdoriga tuhfa etilishini bayon etib, barchani o’ziga maftun qiladi. O’shanda saroy mulozimlari ham uning tuhfalaridan bahramand bo’lishdi.
Ernazar Maqsud o’g’liga imperatritsa uchun zarur mollar ro’yxatini berib, ularni kelasi yilgacha olib kelishini tayinlashadi. U shunday buyurtmalarni saroy amaldorlaridan ham olgan edi. Shundan keyin Ernazar Maqsud o’g’li oddiy savdogar emas, balki Rossiya hukumati a’zolarining shaxsiy ta’minotchisiga aylanadi. Uning o’zi va sheriklari uchun Rossiya bozori bilan birga barcha idoralarning eshiklari ham keng ochildi. U bunday keng vakolat va imkoniyatlardan o’z foydasi uchun emas, balki eng avvalo, vatani manfaatlari yo’lida foydalandi. 1762 yili u Rossiya hukumatidan buxoroliklarning Makkaga haj qilishi uchun Eron orqali emas, balki Ashtarxon orqali o’tishiga ruxsat berilishini iltimos qildi.
Yelizavetaning o’limidan so’ng o’tirgan imperator Pyotr III Ernazar Maqsud o’g’li iltimosini qondirishga rozi bo’lib, bu haqdagi farmoniga imzo chekadi. Shundan keyin musulmonlar uchun Makkaga borish yo’li qisqarib, qulay imkoniyatlar tug’ildi.
1774 yilda Ernazar Maqsud o’g’li Buxoroning rasmiy elchisi sifatida Ashtarxonga katta karvon bilan yetib keladi. Bojxona xodimlarining hisob-kitobiga qaraganda, u olib kelgan mollarning umumiy hajmi 40 tonnadan ziyod edi. Ernazar Maqsud o’g’li o’z yuklarini kemada keltirgan savdogar Pyotr Volnovoinovga yo’l haqi uchun 1300 so’m to’lagan. Ashtarxon portioning bojxona taftishchilari hay’ati undan Rossiyaga keltirilgan mollari uchun 2 ming so’m boj to’lashni talab qiladi. Ammo Ernazar buni rad etib, Sankt-Peterburgdan maxsus vakolati borligiga ishora qiladi. U o’zinign yaqin odamlarini imperatritsaga mo’ljallangan sovg’a-salomlar va buyurtma mollar biln zudlik ila poytaxtga jo’natadi. Ernazar bojxonadagi da’volarni va o’ziga bo’lgan munosabat haqida kantsler N.Panin nomiga atalib yozilgan maktubni ham qo’shib yuboradi. Javob uni uzoq kuttib qo’ymaydi. Sankt-Peterburgdan imperatritsaning Ernazar Maqsud o’g’lidan hech qanday boj olmaslik va uni zudlik bilan poytaxtga o’tkazib yuborish haqida farmoni keladi.
Buxoro elchisi 1775 yil 27 mart kuni Rossiya hukumati boshlig’i kantsler N.Panin tomonidan qabul qilinadi, 5 aprelda esa uni Yekaterina II, valiahd Pavel va xos kishilar hurmat bilan kutib olishadi. Ernazar Maqsud o’g’li elchi sifatida Buxoro va Rossiya o’rtasidagi savdo-sotiqni kengaytirishga oid takliflarini bayob qiladi. U Buxoro savdogarlaridan Rossiyaning Ashtarxon, Orenburg kabi chegara shaharlarda olinadigan boj soliqlarini kamaytirish va Rossiyaning ichkarisidagi shaharlarda erkin savdo qilishga ijozat berilishi so’raydi.
1775 yil 25 iyunda Ernazar Maqsud o’g’li vitse-kantsler Osterman qabul qilib, unga Rossiya hukumatining iltimoslarini bayon qiladi. Buxoro elchisi vitse-kantslerning savdo-sotiq yo’llari, ichki va tashqi bozor imkoniyatlari haqidagi barcha savollariga javob beribgina qolmay, Buxoro-Rossiya aloqalarini kengaytirish, yanada rivojlantirishga oid qator takliflarni ham kiritdiki, ularning ayrimlari Davlat kengashi muhokamasiga kiritildi. Tashqi Ishlar hay’ati hujjatlarida Buxoro elchisi shaxsiga doir rus amaldorlari bergan yuksak baholar keltirilgan.
Ernazar Maqsud o’g’liga Rossiya hukumati katta sovg’a-salomlardan tashqari, Kaspiy dengizidagi bir kemani shaxsan tuhfa qilib, unga savdogar sifatida imperiya hududida besh yil davomida erkin savdo qilish va qiymati 10 ming so’mgacha bo’lgan mollaridan boj olmaslik huquqini berdi. Unga 15 ming pud temir, 5 ming pud po’lat, 3 ming pud mis sotib olish va Buxoroga yuborishga ijozat berildi. Yana shuni ham aytish kerakki, farmonda ana shu strategik ahamiyatga molik mollardan boj olmaslik haqida ham alohida ko’rsatma bor edi.
Imperatritsa o’ziga ikki tonnadan ziyod atir-upa, dorivor giyohlar va turli-tuman attorlik mollari keltirgan Ernazarga minnatdorchilik sifatida Buxoroda o’z nomi bilan ataluvchi madrasa qurish uchun katta pul in’om qiladi.
Buxoro elchisiga ko’rsatilayotgan muruvvat va hurmat Rossiyadagi boshqa davlatlarning elchilarini ajablantiradi. Chunki ulardan hech biri imperator saroyida bunday e’tiborga ega emas edi. Xususan, Turkiya sultonining Rossiyadagi vakili shaxsan Ernazar Maqsud o’g’li bilan suhbatlashadi va bu haqda o’z hukmdoriga axborot beradi. Turk sultoni Buxoroga odam yuborib, Ernazarni o’z saroyiga buyuk elchi sifatida jo’natishni iltimos qiladi.
Ernazar Maqsud o’g’lining Rossiyadagi nufuzi Buxoro hukumatini undan yanada unumli foydalanish kerakligiga undaydi. 1779 yilda Buxoro hukumati Ernazar Maqsud o’g’lini o’zining Rossiya va Turkiyadagi buyuk elchisi qilib tayinlaydi. Unga g’oyat qaltis va murakkab vazifa topshiriladi. Bu Buxoroning taniqli savdogari, fozil ulamosi va diplomatining hayotidagi yangi vazifa edi.
Buxoroning Rossiya saltanati va Turkiya davlatidagi buyuk elchisi Ernazar Maqsud o’g’li zimmasidagi asosiy vazifa o’sha vaqtda musulmon dunyosidagi katta kuch-qudratga ega bo’lgan. Turkiya bilan aloqani mustahkalash bilan bog’liq edi. Shu bilan bir vaqtda, Rossiyada ham Buxoroning tayanch nuqtalarini barpo etish, nufuzli siyosiy-harbiy, savdo va sanoat doiralari bilan ikki tomonlama o’zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashi zarur edi. Bu ishda Ernazar Maqsud o’g’lining 35 yillik tajribasi, Rossiya hukumat arboblari va shaxsan davlat boshligi imperatritsa Yekaterina II bilan shaxsiy munosabatlari muhim rol o’ynashi lozim edi.
1780 yil yanvarida Sankt-Peterburgga yetib kelgan Ernazar Maqsud o’g’lini rus amaldorlari zo’r hurmat-e’tibor bilan kutib olishadi. Yuksak lavozimdagi barcha amaldorlar elchining sovg’a-salomlaridan bahramand bo’lishadi. Shaxsan Yekaterina II unga o’ziga keltirgan Buxoro qovunlari unga Buxoro savdogarlaridan olinadigan bojning kamaytirilganini hamda Makkaga haj qiluvchi musulmonlar uchun barcha qulayliklar va yo’l xavfsizligi ta’minlanganini ma’lum qilishadi.
Hukumat boshlig’i graf Nikita Panin Ernazar Maqsud o’g’lini rasman qabul qilib, yuksak martabali mehmon sifatida siylaydi va yaqin kunlarda uni imperatritsa qabul qilishini ma’lum qiladi. Ular Buxoro-Rossiya savdo-sotig’i masalasiga oid qator shartnomalar xususida suhbatlashadilar. Xususan, Ernazar Maqsud o’g’li hukumat boshlig’iga Buxoroda rus savdogarlari erkin yurgani va qator imtiyozlarga ega bo’lgani holda, Buxoro savdogarlari Rossiyada ko’p qiyinchiliklar, ta’qiq va cheklanishlarga duchor bo’layotganini aytib, tegishli choralar ko’rilishini iltimos qiladi.
Rus diplomatlari Buxoro elchisi tadqim etgan rasmiy yorliq va maktublarni chuqur o’rganib, Buxoro hukumatining Ernazar Maqsud o’g’liga berilgan katta vakolatlari bejiz emasligini angladilar.
Buxoro xonining maktubida, eng avvalo, Rossiya imperatritsasiga hurmat-ehtirom bildirilib, so’ng Turkiya sultonining ismi sharifi yozilgan edi. Bundan, diplomatiya tilida aytilganda, biz uchun birinchi o’rinda Rossiya bilan munosabat masalalari turadi, degan ma’no anglashilardi. Turkiya bilan urush holatida bo’lgan Rossiya Buxoroning Turkiya ittifoqchisiga aylanishi qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushungan. Ernazar Maqsud o’g’li esa xuddi shu rus xududidan Turkiyaga o’tishi kerak. Bu Rossiya manfaatlariga mutlaqo zid bo’lgani holda, dini islom markaziga ayanib borayotgan Buxoro uchun g’oyat muhim va zarur edi.
Ernazar Maqsud o’g’li zimmasidagi vazifa ana shunday murakkab va nozik edi.
Elchi o’zining ko’p yillik tanishlari va aloqalarini ishga soldi. 1780 yil aprelida Yekaterina II Buxoro elchisini rasman qabul qilib, unga va hamrohlariga iltifot ko’rsatdi. Elchi talablaridan ko’pining qabul qilinishi va shaxsiy iltimoslarining bajo keltirilishi ma’lum qilindi. Imperatritsa Buxoro fuqarolarining Rossiya orqali Makkaga haj safariga borishlari uchun sharoit yaratilishini va Buxoroga mis sotishga ruxsat berilishini ham aytdi. Yekaterina II Ernazar Maqsud o’g’lini Turkiyaga yetib borishi uchun faxriy soqchilar ajratilganini ham ta’kidladi. Shu tariqa Buxoro elchisiga nisbatan imperatritsaning hurmati Rossiya manfaatlaridan ustun keldi. Yana shu ham diqqtga sazovorki, Rossiya hukmdori Buxoroga yo’llagan javob maktubida Ernazar Maqsud o’g’li imperator saroyida o’z odami ekanligi bois, Buxoro xonining iltimoslari bajo keltirilajagini alohida ta’kidladi. Shu bilan Yekaterina II hukumati Buxoro elchisiga bo’lgan buyuk hurmat va e’tiborini oshkora namoyish qilgan edi.
Rossiya bunga qadar hech qanday davlat elchisiga bunday marhamat ko’rsatmagan edi. Rossiya tashqi siyosatini yurgizuvchi idoralarning hujjatlarida u “Rossiya bilan yaqinlashishni dildan istaydigan kishi” ekanligi, “aqlli, ayyor va tadbirkor” savdogar hamda “juda tavozeli va bilimdon” ulamoligi ko’rsatiladi. Elchi panohida Makkaga ketayotgan ko’pgina musulmonlar ham rus soqchilari kuzatuvida Turkiya hududiga yetib olishadi. Turkiya sultoni Ernazar Maqsud o’g’lini hurmat bilan qarshi oladi. O’rtada Buxoro va Turkiya munosabatlariga oid suhbatlar bo’lib o’tadi. Suhbatlarning mazmuniga doir hujjatlar XVIII asrdgi musulmon olami, davlatlari va siyosati haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
Manbalarda Ernazar Maqsud o’g’li “Buxoro savdogari, karvonboshi, mull ava elchi”, “millatiga sharaf keltirgan”, uning obro’sini chet ellarda ko’rsatgan ajoyib inson sifatida ta’riflanadi.
XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi Rossiya-Turkiya urushi, Rossiya-Fransiya munosabatlarining keskinlashuvi va Napoleonning Rossiyaga yurishi Rossiya hukmron doiralarining e’tiborini O’rta Osiyodan biroz chalg’itdi. Taxtga Nikolay I (1825-1855) chiqqach, vaziyat o’zgardi.
Qo’qon xoni Muhammad Ali (1822-1842) ning Rossiya tarafidan uyushtirilayotgan ig’vogarliklardan jiddiy tashvishlanib, o’z elchilarini Rossiyaga yuborgani bejiz emas edi. 1825 yilda Toshkent qushbegi xon nomidan Soatbek Sultonbekovni Sibirga elchi qilib jo’natadi. Elchi Omskda rus ma’murlari tomonidan qabul qilinadi va Qushbegi tomonidan Sibir general-gubernatori nomiga yozilgan maxsus xatni topshiradi. Xatda, jumladan, shunday deyiladi: “Qadim zamonlardan beri Irtish daryosining bu tomonini biz, narigi tomonini Rossiya nazorat qilar edi. Lekin hozir biz olgan ma’lumotlarga qaraganda, rus Irtishdan bu yoqqa o’tib, bizning dindoshlarimiz yerida qurilishlar olib bormoqdalar. Shu munosabat bilan bizning xonimiz siz janobi oliylariga ushbu xatni yozishni va bu qurilishlarning sababini so’rashni buyurdilar: Siz buni o’z ixtiyoringiz bilan qilayotirsizmi, yoki oliy hazrat buyrug’iga muvofiq bajaryapsizmi? O’z hukmdorimga batafsil axborot berishim uchun meni shu to’g’rida xabardor qilishingizni so’rayman… Bundan tashqari, ma’lum qilamanki, ruslar bizning daavlatimizda savdo ishlari bilan ba’zan ikki yillab qolib ketadi, lekin biz ularni dinimizga kirishga majbur qilmaymiz. Shunday ekan, sizlar nega bizning dindoshlarimizni o’z fuqarolingizni qabul etishga majburlaysiz? Oldingizga biror kimsa iltimos bilan kelsa, fuqarolingiz va dingizga kirishni shart qilib qo’yasiz? Biror kimsa ko’chib borishga joy so’rasa, yana shu shartni qo’yasiz? Shu bois sizdan buning sababini menga ma’lum qilishingizni so’rayman, toki biz ham bularga qarshi kerakli chora ko’raylik”.
Xatdan Rossiyaning tajovuzkorona siyosatiga ochiq norozilik bildirilgani yaqqol ko’rinib turibdi.
Omsk viloyat boshlig’i polkovnik Bronevskiy Sibir general-gubernatorining topshirig’iga binoan Toshkent qushbegisiga javob xati yozib elchiga topshiradi. Mazkur javob xatida shunday deyiladi: “Ko’p asrlardan beri ulug’ Rossiya imperiyasi qirg’iz-qozoq xalqlariga va shimol dengizidan to Qora dengizgacha bo’lgan katta-kichik qabilalarga homiylik qilib keraldi. Lekin qozoq cho’li savdo bojidan tashqari, Qo’qon hukmdorlariga soliq to’lagani, unga bo’ysunganini hech kim bilmaydi va bu haqda ma’lumot yo’q”.
Yuqorida keltirilgan hujjat, o’z mazmuniga ko’ra, qozoq dashtlarida harbiy istehkomlar qurish bilan bog’liq barcha ishlar Rossiya va mahalliy aholining “xohish-irodalariga” ko’ra amalga oshirilayotgani, boshqalarning bunga aralshishga haqli emasligini asoslashga urinish ekanligini ko’rsatadi.
Rossiya ma’muriyatining ko’rsatmasiga binoan Sibirda joylashtirilgan rus harbiy qismlari XIX asr 30-yillarida Qo’qon xonligi tomonidan Sarisuv daryosi va Ulutovda qurilgan harbiy qo’rg’onlarni buzib tashladi, ustalik bilan Sharq tomondan Qo’qon xonligi hududlariga suqulib kirishini esa davom ettiradi.
Shuningdek, Rossiyaning xonliklarga tazyiqi G’arbdan – Orenburg tomondan ham kuchayib bordi. O’rta Osiyoni qo’lgaa kiritish uchun dastlab qozoq dashtlarini istilo qilish zarur degaan Pyotr I ning vasiyatiga izchil amal qilgan Rossiya imperiyasi qozoq dashtlarida qurgan harbiy istehkom vositasida asta-sekin Xiva hududiga yaqinlashmoqda edi. Imperaiya siyosatini amalga oshirishda muhim rol o’ynagan Orenburg general-gubernatori Vasiliy Perovskiy Xiva xonligini tiz cho’ktirishga kirishdi. U katta qo’shin bilan 1839 yilda Xiva ustiga yurish boshladi. Xiva xoni Olloqulizon ham o’zbek, qozoq va turkmanlardan iborat birlashgan lashkar bilan ruslarga qarshi otlandi. Oxir-oqibat, Perovskiy qo’shini zarbaga uchrab, orqaga chekinishga majbur bo’ldi. Bu g’alaba Rossiyaga qarshi kurash bayrog’ini ko’targaan qozoq istiqlolchilarini ham ruhlantirdi. Uzoq yillardan beri qozoqlarning mustaqilligi uchun jang qilayotgana Kenesari Qosimov harakati keng quloch yoydi. Xiva xoni unga doimo madad berib turdi.
Kenesari Qosimov o’zaro nizolar oqibatida o’ldirilgach, uning 20.000 kishilik tarafdorlarining ko’pchiligi Qo’qonga, bir qismi Xiva xonligi hududiga o’tib ketgan edi. Bu qozoqlar endi Rossiya asoratida qolgan birodarlariga yordam berish uchun vaqti-vaqti bilan rus qo’shinlariga hujumlar uyushtirib turdi. Bu hujumlar asta-sekin bosqinchilarga qarshi partizanlik urushiga aylana boshladi. Sankt-Peterburgning hukmron doiralari uchun esa bunday harakat kelgusi rejalarini puchga chiqarish xavfini tug’diradi. Xiva qozoqlar mustaqilligi qalqoniga aylandi. Chindan ham xonlik o’zbek va qozoq yigitlarining bosqinchilarga qarshi kurashini har taraflama quvvatladi. Shunday vaziyat vujudga keldiki, endilikda Xiva butun Osiyoda Rossiyaning jiddiy raqibi sifatida tanila boshlandi.
Rossiya podshosi Nikolay I Xiva xonligini bosib olish uchun katta tayyorgarlik ko’rish haqida farmon chiqardi. Bu haqda harbiy vazir graf Chernishev 1840 yil 30 yanvarda Orenburg general-gubernatori Perovskiyga maxsus ko’rsatma berdi. Perovskiy qayta hujumga tayyorgarlik ko’rishga kirishdi. Biroq yangi hujum katta mablag’ va harbiy kuchlarni talab qilardi. Kiyim-kecha, oziq-ovqat, transport vositalari yetishmas edi. Shu boisdan, Nikolay I 1840 yil 19 mayda Xiva xonligiga yangi harbiy yurishni muayyan muddatga kechiktirish to’g’risida farmon berishga majbur bo’ldi. Biroq rus qo’shinlari chegaralarda harbiy istehkomlar qurishni kuchaytirdilar. 1845-1847 yillarda barpo etilgan To’rg’ay daryosi bo’yidagi Orenburg, Irgiz daryosi bo’yidgi Yoyiq, Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan joydagi Rayim (Orol) qal’alari shular jumlasidandir.