Sakkizoyoqlar mollyuskalarning “boshoyoqlilar” guruhiga mansub bo’lib, ularning oyog’i cho’zinchoqdir, qo’lga o’xshash paypaslagichlari boshi atrofida o’sib chiqadi. Sakkizoyoqning ismi jismiga monand. Garchi sakkizoyoq hayvonot dunyosining “mollyuskalar” deb atalgan guruhiga kiritilsa-da, u mana shu guruhga kiradigan venerka va ustritsalarga mutlaqo o’xshamaydi. Hammasidan ham kalmar unga yahinroq keladi. Uning ham, buning ham chig’anog’i yo’q. Ularning tanasini qoplab turuvchi yumshoq mantiyasi bor, xolos. Ularning paypaslagichlari uzun va egiluvchan bo’lib, tagida so’rg’ichi bor. Ular sakkizoyoq nimani tutsa, o’sha narsani qattiq ushlashiga imkon yaratadi. Sakkizoyoqning orqa tomonida voronkasimon hujrasi bo’lib, unga suv kirib turadi. Sakkizoyoq baliq kabi undan kislorod ajratib oladi. Ana shu hujra tufayli sakkizoyoq tez harakat qiladi. Sakkizoyoq undan suvni shu qadar qattiq purkab chiqaradiki, natijada uning tanasi shitob bilan harakatlanadi. Shiddatli suratda yaqinlashib kelayotgan dushmanlaridan u shu tariqa qochib qutuladi va sakkizoyog’i bilan qoyaga sudralib chiqadi yoki biror yoriqqa o’zini uradi. Sakkizoyoq bemalol yotgan payti paypaslagichlari chuqurlik tomon osilib turadi. Dushman yaqinlashib kelayotgan payti u qochib ketishi yoki paypaslagichlari bilan harifini qattiq o’rab olishi mumkin. Agar ish jiddiylashib ketguday bo’lsa, u “tutun pardasini” purkab qochadi. Tanasining tag qismidagi idishdan siyohsimon suyuqlik ajratib, suvni loyqalatadi. Bundan tashqari, sakkizoyoq atrofidagi muhitga qarab, tanasining rangini o’zgartira oladi. U qizil rangdan kulrang, sariq, malla yoki ko’m-ko’k rangga kirishi mumkin.