SAMARQAND VILOYATI

SAMARQAND VILOYATI – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Shimol va g’arbdan Navoiy viloyati, Janubdan Qashqadaryo, Janubi sharqdan Samarqand viloyati Jizzax viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 16,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2824,9 ming kishi (2004). Tarkibida 14 tuman (Bulung’ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo’rg’on, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Payariq, Pastdargom, Paxtachi, Samarqand, Toyloq, Urgut, Qo’shrabot), 11 shahar (Bulung’ur, Jomboy, Juma, Ishtixon, Kattaqo’rg’on, Nurobod, Oqtosh, Payariq, Samarqand, Urgut, Chelak), 12 shaharcha (Dahbed, Ziyovuddin, Ingichka, Kimyogarlar, Loyish, Mitan, Mirbozor, Payshanba, Suv hovuzi, Farhod, Xishrov, Charxin), va 125 ta qishloq fuqarolari yig’ini bor. (2004). Markazi — Samarqand shahri. Tabiati. Samarqand viloyati Pomir-Olay tog’larining g’arbiy chekkasida, Zarafshon daryosining o’rta qismida joylashgan. Relefi, asosan, kenglik bo’ylab cho’zilgan va shimoldan Turkiston tog’ tizmalarining tarmoqlari (Nurota tog’i, balandligi 2169 metr), Oqtog’, 2003 metr, Janubdan Zarafshon tog’ tizmalari bilan o’ralgan Zarafshon daryosi vodiysidan iborat. Vodiy sharqdan (750-800 metr) g’arbga qarab (350 metr) pasayib boradi. Vodiydan shimolga va Janubga tomon qiya tekisliklar joylashgan va toglarga yaqinlashganda adirlar boshlanadi. Zarafshon tizmasi (g’arbiy qismi) Janubda Qashqadaryo viloyati bilan bo’lgan chegara bo’ylab cho’ziladi. Bu tizma (2388 metr), asosan, paleozoyning kristalli slaneslari va ohaktoshlaridan tarkib topgan. G’arbga tomon tizma asta-sekin pasayadi va Kattaqo’rg’on Janubda past-baland tepaliklardan iborat tekislik bilan qo’shilib ketadi. Asosan, qumtosh, slanes va magmatik jinslardan tashkil topgan Nurota tog’i bir nechta yirik orografik birliklarga parchalanib ketgan. Foydali qazilmalardan oltin, kumush, volfram rudasi (ingichka), flyuorit, kvars, ohaktosh, granit, mergel, gips, bentonit gili, abraziv materiallar, mineral bo’yoqlar, marmar (Omonqo’ton, G’ozg’on, Jom), korund konlari (Nurotaning Janubi sharqida); mineral buloqlar bor. Iqlimi kontinental, quruq iqlim. Bulutli kunlar kam bo’ladi. Tekisliklarda qish iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda -2°, tog’larda -4,8°. Yozi issiq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 25,9°— 27,8°, eng past temperatura -32°, eng yuqori temperatura 42° (Kattaqo’rg’on). O’rtacha yillik yog’in 282— 459 millimetr. Yog’inning 80% qish va bahorda yog’adi. Qor 16-20 kungina saqlanadi. Vegetatsiya davri 324-334 kun. Baland ko’tarilgan sari temperatura pasayadi. Iqlim sharoiti va sug’orish Samarqand viloyatida paxta, tamaki, shaftoli, o’rik, uzum, anjir, anor yetishtirish uchun qulay. Asosiy daryosi — Zarafshon. Viloyat hududidagi qismining uzunligi 193 kilometr. Tevarak atrofdagi tog’lardan oqib tushgan soylar sug’orishga sarflangani uchun zarafshonga yetmasdan tugaydi. Darg’om, Narpay (54 kilometr), o’ng qirg’oq (64 kilometr), chap qirg’oq (169,3 kilometr), Markaziy magistral (39,5 kilometr), Zarafshon, eski Anhor kanallari va Kattaqo’rg’on suv omboridan ham ekinlarni sug’orishda foydalaniladi. Viloyatning Janubiy g’arbiy qismida oqadigan soylar yozda qurib qoladi. Tuprog’i asosan, bo’z tuproq. Tekisliklar va 500 metrgacha balandliklardagi tog’ etaklarida surqo’ng’ir och bo’z tuproqlar (sug’oriladigan yerlarda o’tloqi bo’z tuproqlar), 1500-1700 metr balandlikda to’q bo’z tuproqlar, cho’l zonasida qumoq, taqir, bo’zqo’ng’ir tuproqlar va sho’rxoklar tarqalgan. Yong’oqzorlar va archazorlarda qo’ng’ir tuproklar, yanada balandroq qoramtir tuproklar bo’lib, undan yuqorida tog’o’tloqi tuproqlar uchraydi. Yovvoyi o’simliklardan chala cho’l va cho’l o’simliklari asosiy o’rinni egallaydi. Tog’yon bag’irlariga yaqin tekisliklarda shuvoq efemerlar (rang, qo’ng’irbosh va boshqalar) o’sadigan o’tloqlar bor. Daryo vodiylarida, dashtlarda, sho’ragalofit o’simliklar usadi; Zarafshon daryosi vodiysida terak, jiyda, tol, turang’il, maymunjon, yulg’un, oqgikan to’qayzorlari bor. Tog’larda 1100-2700 metr balandlikda pista, bodom, Toshloq yon bag’irlarida archazorlar uchraydi. Samarqand yaqinidagi Omonqo’tonda yong’oqzorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyabo’ri, bo’ri, tekisliklarda jayran, tog’larda qo’ng’ir ayiq, Daryo suvsari, qushlardan tustovuq, tuvodog’, tog’larda kaklik, daryolarda baliqlar uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, ukrain, Ozarbayjon, arman, koreys, Belorus, tatar, mesxeti turklari, yahudiylar, lo’lilar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 168 kishi. Aholi viloyatning sug’oriladigan yerlarida zich (1 kilometr kvadratga 340-512 kishi) joylashgan, cho’l va tog’ hududida siyrak (1 kilometr kvadratga 20-40 kishi). 732,3 ming kishi shaharda, 2092,6 ming kishi qishloqda yashaydi. Xo’jaligi. Viloyat yalpi ichki mahsulot hajmi bo’yicha Toshkent shahri, Farg’ona, Toshkent va Andijon viloyatlaridan keyin 5-o’rinni egallaydi. Samarqand viloyati O’zbekiston sanoati mahsulotining 5%, qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 1,3%, mol aylanishining 8,6%, pullik xizmat ko’rsatish hajmining 7,9% ni beradi. Viloyatni elektr energiyasi bilan Tollig’ulon, Irteshar, Xishrov GESlari hamda qisman Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi ta’minlaydi. Urgut tumanida Sug’diyona GES qurilmoqda. Viloyat hududida foydali qazilmalardan Nodir metallar (ingichka koni), binokorlik materiallari (marmar, ohaktosh, granit, mergel, grafit) topilgan. Omonqo’ton va Jomda marmar qazib olinmoqda. Sanoati ko’p tarmoqli. Oziq-ovqat, yengil, mashinasozlik, kimyo sanoati rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish ham salmoqli o’rin tutadi. Oziq-ovqat sanoati viloyat yalpi sanoat mahsulotining 31,8%, yengil sanoat mahsuloti 22,6%, aralash yem ishlab chiqarish 18,9%, mashinasozlik va metallsozlik 8,4% ni tashkil kiladi. Viloyatda liftsozlik, kinoapparatura ishlab chiqarish, choy qadoqlash, sovitkich, avtomobilsozlik, tamaki fermentatsiya korxonalari bor. Keyingi yillarda ip- gazlama ishlab chiqarish rivojlanmoqda. Mustaqillik yillarida viloyat iqtisodiyoti o’z yo’nalishini tubdan o’zgartirdi. Mavjud barcha korxonalar davlat tasarrufidan chiqarilib mulkchilikning o’zgacha shakliga kirib bormoqda. Aksariyat yirik va o’rta korxonalar negizida aktsiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Viloyatda mulkchilikning barcha turiga oid 80 ta asosiy sanoat korxonasi bor, ularda 41,6 ming ishchi va muhandistexnik xodim ishlaydi. Mustaqillik yillarida viloyat sanoat mahsulot ishlab chiqarish hajmi (solishtirma narhda) 1,5 marotaba ko’payadi. Viloyatda 2002 yilda 2,1 million metr kvadrat shoyi gazlama, 113 ming metr ipgazlama, 14-15 ming tonna o’simlik yog’i, 72 ming tonna paxta tolasi, 12— 13 ming tonna tamaki mahsulotlari ishlab chiqarildi. Asosiy sanoat korxonalari Samarqand shahrida joylashgan. Bunga og’ir sanoat korxonalaridan: traktorlar uchun gilzaporshenlar ishlab chiqaradigan “Alpomish” mashinasozlik zavodi, “Samarqand tajribamexanika” zavodi (burg’ilash mashinalari), “Kinap” zavodi (kinoapparatura, avtomobillar uchun elektr asbob-uskunalari), liftsozlik, uy-ro’zg’or sovitkichlari, marmar, g’isht, asfaltbeton zavodlari kiradi. Samarqandning Xishrov yo’ldosh shaharchasidagi Superfosfat zavodida fosfat va ammofos o’g’itlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Samarqanddagi yengil sanoat korxonalaridan: pillakashlik, shoyi to’qish, trikotaj, tikuvchilik, mebel, poyabzal fabrokalari va chinni zavodi mavjud; oziq-ovqat sanoati korxonalaridan: un-tegirmon, aralash yem, makaron, choy qadoqlash, sutmoy, konserva, vino, konyak, spirt-araq va alkogolsiz ichimliklar hamda qandolatchilik korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Kattaqo’rg’on shahrida paxtachilik mashinasozligi (paxta tozalash korxonalari uchun asbob-uskunalar ishlab chiqariladi) zavodlari, Jomboy shahrida viloyatdagi eng yirik don mahsulotlari kombinati, “Samjinteks” ip gazlama qo’shma korxonasi, Bulung’urda vino va g’isht zavodlari ishlab turibdi. 1991-2003 yillar davomida Samarqand viloyatida jahon andazasi darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 135 qo’shma korxona tashkil etildi. Bu korxonalarda 7,8 mingdan ortiq ishchi va xizmatchi ishlaydi. Birgina 2003 yilda 19 ta qo’shma korxona ishga tushirildi. Qo’shma korxonalardan eng yiriklari: O’zbekiston — Turkiya hamkorligida qurilgan “SamKochavto”, Amerika—Angliya bilan hamkorlikda ishlayotgan “UZBAT” aktsiyadorlik jamiyati korxonalari (tamaki mahsulotlari ishlab chiqariladi), “Samplastik”, Jomboydagi “Samjinteks”, O’zbekiston— Germaniya “Muliyon” (pivo ishlab chiqariladi), “Samarqand parranda”, Chelak shahridagi O’zbekistan— Rossiya “baltimor” (tomat pastasi va ketchup kaylasi ishlab chiqariladi), O’zbekistan—Chexiya “Praga” (mineral suv qadoqlash) korxonalaridir. “SamKochavto” qo’shma korxonasida yiliga 400 dan ortiq zamonaviy avtobuslar va yuk avtomashinalari ishlab chiqariladi. Yaqin kelajakda bu ko’rsatkich yanada ko’payadi. Viloyatda 2822 ta kichik korxona faoliyat ko’rsatmoqda (2003). Samarqand viloyati qadimdan o’zining hunarmandchiligi bilan mashhur. Bu yerda shoyi va gilam, so’zana to’qish, zargarlik, kulolchilik, yog’och, ganch, tosh o’ymakorligi va boshqa xalq amaliy san’ati turlari taraqqiy etib kelmoqda. Samarqand nonlari, ayniqsa, Samarqand qog’ozi butun dunyoga mashhur. 7-asrning boshlaridan — 19-asrning 1-yarmigacha Samarqandda ishlab chiqarilgan qog’oz, A.Vamberining yozishicha, Turkistondagina emas, balki qo’shni mamlakatlarda ham mashhur bo’lgan. 15-asrda Samarqandda Obirahmat suvining juvozlarida tayyorlangan turli nav qog’ozlar bilan savdo qiluvchi maxsus do’konlar bo’lgan. O.G.Bolshakov asarlarida Samarqand qadimdan qog’oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va uni taraqqiy etganligini yozadi. Samarqand qog’ozi nomi bilan mashhur bo’lgan qog’oz shaharda emas, balki uning atrofida joylashgan hunarmandchilik ustaxonalarida ishlangan. Boburning yozishicha, “qog’oz tegirmonlarining barchasi Konigildan kelur. Andoqkim koni gil Siyohiob daryosi yaqosinda joylashgan. Dunyoda eng yaxshi qog’oz Samarqanddan keltiriladur”. Qog’oz shahar bozorlarida sotilgan, hatto uzoq yurtlardan kelgan savdogarlar ham uni sotib olishgan. Samarqand qog’ozi qog’oz vatani bo’lgan Xitoyda ham mashhur bo’lgan. Qur’on, hadis, Xamsa, Shohnoma kabi asarlar oliy nav qog’ozda bitilgan. Samarqandda tayyorlangan qog’ozning eng sarasi — qog’ozi sultoniy deb yuritilgan. Qog’ozgar ustalar (qog’oz tayyorlovchi bosh usta — qog’ozgar, ohorlovchi usta — muhrkash deb atalgan) muayyan tashkilotga Birlashgan holda ishlashgan. Masalan, shunday tashkilotlardan biriga Xoja Ahror boshchilik qilgan. Samarqand bozorlarida “qog’oz bozori” deb yuritiladigan rastalar bo’lgan. Hunarmandlar o’z bilimlarini sir saqlashgan. Ular sodda ishlangan asbob uskunalari va bilimlarini avloddan avlodga qoldirib kelganlar. Hozirgi kunda Samarqand hunarmandlari qadimgi Samarqand qog’ozi shuhratini yangidan tiklash maqsadida ilmiy izlanishlar va tajriba ishlarini o’tkazmoqdalar. Qishloq xo’jaligi ko’p tarmoqli. Samarqand viloyati respublika agroiqtisodiyotida muhim o’rinni egallaydi. Viloyat xo’jaliklarida mamlakatda yetishtirilgan qishloq xo’jalik mahsulotlarining qariyb 1/10 qismi tayyorlanadi. Yetakchi tarmoqlar — dehqonchilik va chorvachilik. Paxtachilik, g’allachilikdan tashqari bog’dorchilik, tokchilik, sabzavot va poliz mahsulotlari, tamaki yetishtirish ancha rivojlangan. Samarqand viloyati uzumchilik bo’yicha Toshkent viloyati bilan birgalikda O’zbekistonda yetakchi hisoblanadi. Viloyatning jami ekin maydonlari 442 ming gektar (shu jumladan, 183 ming gektar yer lalmikor) (2004), shuning 147 ming gektariga g’alla ekiladi (shundan 70 ming gektar yer lalmikor) (Samarqand viloyati g’alla yetishtirish bo’yicha O’zbekistonda 2-o’rinda). 103 ming gektar yerga paxta, 19,8 ming gektar yerga sabzavot va poliz ekinlari, 10,3 ming gektar yerga kartoshka, 13 ming gektar yerga tamaki, 35,2 ming gektar yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. Bog’lar 19,9 ming gektar, tutzorlar 7,8 ming gektar, tokzorlar 26,4 ming gektarni egallaydi. 801,7 ming gektar yer yaylovlar bilan band. Samarqand shahr atrofida, xususan, Toyloq va Samarqand tumanlarida shahar atrofi qishloq xo’jalik yaxshi rivojlangan. Viloyat qishloq xo’jaligida 200 shirkat, 8,6 ming Fermer xo’jaligi, 10 aktsiyadorlik jamiyati faoliyat ko’rsatadi. Samarqand viloyatidagi barcha shaxsiy va jamoa xo’jaliklarida 877,3 ming qoramol (shundan 404,9 ming sigir) hamda 1031,6 ming qo’y va echki, 2327,2 ming parranda, 15,1 ming ot boqiladi (2003). Bir yilda yetishtiriladigan Qorako’l teri 60 mingdan ziyod (2002), pilla 1459 tonnani tashkil etadi (2003). Transporti. Viloyatda barcha turdagi transport vositalari yaxshi rivojlangan. O’zbekiston hududida birinchi temir yo’l 1888 yil Forob stantsiyasidan (Turkmaniston) Samarqandgacha qurilgan. Samarqand viloyati hududidan Toshkent—Turkmanboshi, Toshkent—Dushanba, Samarqand—Qarshi, Toshkent— Uchquduq— Qo’ng’irot temir yo’llari o’tgan. Viloyat hududidan o’tgan temir yo’lning (jami uzunligi 287,7 kilometr) 50 kilometr elektrlashtirilgan. 2003 yil 30 dekabrdan yo’lovchilar tashuvchi Toshkent— Samarqand elektrpoezdi qatnovi yo’lga qo’yildi. Samarqand viloyati hududidan Katta O’zbekiston trakti, Zarafshon— Samarqand—Buxoro—Turkmanobod avtomobil yo’llari o’tadi. Viloyatdagi qattiq qoplamali yo’llarning uzunligi 4,1 ming kilometr. Samarqand shahridagi xalqaro aeroportti Toshkent shahri orqali dunyoning turli mamlakatlari bilan bog’langan. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sport. 2003/2004 o’quv yilida Samarqand viloyatida 1195 umumiy ta’lim maktabida 745,8 ming o’quvchi ta’lim oldi. 1998-2003 yillarda 47 kasb-hunar kolleji va 2 akademik litsey yangi qurilish va rekonstruktsiya qilish hisobiga foydalanishga topshirildi. 47 kasb-hunar kollejida 32400 o’quvchi, 2 akademik litseyda 1428 o’quvchi ta’lim oldi. Viloyatdagi mavjud 22 texnikumdan 14 tasi va 44 hunartexnika bilim yurtidan 23 tasi kasb-hunar kollejlariga aylantirildi. Viloyatdagi jami 8 o’rta maxsus bilim yurtida 14,7 ming o’quvchi o’qiydi. 6 oliy o’quv yurti (universitet, tibbiyot, iqtisodiyot va servis, qishloq xo’jalik, me’morlik qurilish, chet tillari institutlari)da 19,1 ming talaba bilim olmoqda. Viloyatda O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Samarqand bo’limi, qorako’lchilik, Isayev nomidagi tibbiyot parazitologiya, veterinariya ilmiy tadqiqot intlari faoliyat ko’rsatmoqda. Samarqand viloyatida Samarqand davlat Birlashgan tarixiy-me’moriy muzey-qo’riqxonasi tarkibidagi 8 muzey [shu jumladan, Samarqandning barpo etilish tarixi (Afrosiyob) muzeyi, Respublika madaniyat va san’at tarixi muzeyi, S.Ayniy uy-muzeyi, o’lkashunoslik, Alisher Navoiy nomidagi SamDU muzeylari va boshqalar] mavjud. Musiqa va drama teatri, A.P. Chexov nomidagi rus drama teatri, Samarqand qo’g’irchoq teatri va Kattaqo’rgonda Majidiy nomidagi drama teatri faoliyat ko’rsatadi. Viloyatda 744 jamoat kutubxonasi (5619,7 ming kitob), 320 madaniyat uyi, 9 madaniyat va istirohat bog’i, yoshlar markazi, 1625 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Pastdarg’om tumanidagi Juma shahrida O’zbekiston—Koreya xususiy san’at kolleji faoliyat ko’rsatmoqda (2003). Samarqand musika madaniyati qadimdan turkiy va forsiyzabon xalqlari an’analarining o’zaro yaqinligi bilan ajralib turadi. Bu adabiyot bilan birga musiqa san’atiga ham xos bo’lgan (masalan, qo’biz, yotug’on, ud, chang, nay, tanbur kabi sozlar ijrochiligi, makom an’analari va boshqalar). Musiqa ijodi bilan sozanda, xonanda va bastakorlar qatori Samarqandda shoir va olimlar ham shug’ullangan. Masalan, fors mumtoz she’riyati asoschilaridan Abu Abdullo Rudakiy ajoyib musiqachi ham bo’lgan, bir necha sozni mukammal o’zlashtirib ashula ham aytgan. Jahonning eng mashxur olimlaridan va davlat arbobi Ulug’bek musiqa bilimdoni hisoblangan, bir necha usul (“Shodiyona”, “Usuli baxri”, “usuli ravon” va boshqalar)ni yaratgan. Samarqand musiqasi (boshqa san’atlar qatori), ayniqsa, Amir Temur va Temuriylar davrida keng rivoj topdi. Sohibqiron buyrug’iga binoan, poytaxtga davlatning barcha hududlaridan san’at va ilm vakillari (jumladan, mohir sozanda, xonanda, bastakor va musiqashunoslar) taklif etilgan. Ular qatorida mashhur musikashunos Abdulqodir Marog’iy (14-15-asrlar) ham bo’lgan. Shu davrdan boshlab Samarqandda musiqa shoir va san’atkorlar majlislarida, shuningdek, madrasalar hayotida keng o’rin tutadi. Samarqandda 15-asrda musiqa madaniyati yanada rivoj topdi. Manbalarda ko’plab sozanda, xonanda, bastakor va musiqashunoslarning nomlari ko’rsatilgan (Xoja Abdulqodir Marog’iy bilan bir qatorda Amir Ali Akbar Samarqandiy, Boqiy Jarroh Samarqandiy, Sultan Muhammad Udiy Samarqandiy, Xojagii Samarqandiy, Tabib Mavlono Hasan Samarqandiy, Xoja Muhammad ibn Abdulhasan Samarqandiy va boshqalar). O’sha davrdayoq, Samarqandda ud, qonun, chang, g’ijjak, tanbur, dutor, rubob, nay, qo’biz, Rud, balabon, surnay, karnay, nog’ora, doira keng qo’llanilgan. Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1852— 1936) maqom yo’llari, o’zbek va tojik xalq ashulalarining mohir ijrochisi, sozanda va bastakor sifatida tanilgan. U bilan birga Levicha Hofiz, Kori Yokub, Kamol Hofiz, Ma’rifatxon, maqsadcha va boshqa xonanda va sozandalar, yallachi, askiyachi va raqqos Hoji Qurbon faoliyat ko’rsatgan. Samarqandda ilk bor (1947 yilda) teatr san’atiga qadam qo’yilgan. Samarqand poytaxtlik davrida, 1925 yildan M.Miroqilov rahbarligidagi O’zbek davlat sayyor namuna truppasi (1927 yildan M.Uyg’ur rahbarligidagi Markaziy drama truppasi), 1929 yildan M.Qoriyoqubov rahbarligidagi O’zbek Davlat musiqali teatri o’z faoliyatini boshlagan. Shuningdek, Samarqandda 1928 yildan O’zbek musiqa va xoreografiya (san’atshunoslik) ilmiy tadqiqot instituti ishladi. Bu yerda M. Ashrafiy, T. Sodiqov, M.Burxonov, Sh.Ramazanov va boshqalar ta’lim olgan. 1945 yildan tashkil etilgan Samarqand davlat musiqa yurti (hozirgi Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomidagi Samarqand davlat san’at kolleji) da Z.Haqnazarov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi F.Yoqubjonov, T. Sayfiddinov, M. Mavlonov va boshqalar ta’lim olishgan. 1964 yilda Muxtor Ashrafiy rahbarligida Samarqand opera va balet teatri tashkil qilinib, maxsus qurilgan yangi binoda ish boshlagan. Bastakorlardan Sh. Sohibov, Sh. Akramovlarning, xonandalardan G. va M.Mullaqandov, M.Tolmasov, baletmeyster I.Oqilov va boshqalarning faoliyati Samarqand bilan bog’liq. Keyingi davrda Samarqandda xalq artistlari A.Jo’raev, Sh.Meylieva, V.Shleykin, K.Muslimova, O.Mavlonova ijod qilishgan, shuningdek, Samarqand zaminida S. Jalil, D.Safoev, I. Nurmonov, B.Yo’ldoshev kabi san’at arboblari; N. Abdullaeva, M. Mavlonov, A.Ergashev, T. Qurbonov, T. Sayfiddinov kabi xalq artistlari, xonandalar S. Saftarova, E. Haydarov, bastakor R. Hamroqulov va boshqalar yetishib chiqqan. Samarqandda 1978, 1983 va 1987 yillarda O’rta va yaqin Sharq an’anaviy musiqasiga bag’ishlangan xalqaro musiqa anjumanlari, 1997 yildan boshlab “Sharq taronalari” xalqaro festivali o’tkazilmoqda. Sog’liqni saqlash. Viloyatda 111 kasalxona (14,7 ming o’rin), 579 poliklinika, ambulatoriya va boshqa tibbiy muassasalar (1 smenada 36,0 ming kishini qabul qilish quvvatiga ega), 208 ayollar konsultatsiyasi, 187 bolalar poliklinikasi va ambulatoriyasi, 311 qishloq vrachlik punkti, 444 feldsherakusherlik Punkti, 21 qishloq uchastka kasalxonasi va ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Ushbu tibbiy muassasalarda 4,4 ming vrach, 17 ming o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Viloyat shoshilinch tibbiy yordam Markazi Respublikada birinchi bo’lib ishga tushirildi va asbob-uskunalar, qattiq va yumshoq jihozlar hamda kadrlar bilan ta’minlandi. Markazning tumanlardagi filiallaridan 14 tasi ishga tushirildi va faoliyat ko’rsatmoqda. 2003 yilda 39 qishloq vrachlik punktlari ishga tushirildi. Viloyatda tibbiyot muassasalarining 18 tasi o’z-o’zini qisman moliyalashtirishga o’tkazildi. Viloyatda 9 sanatoriy va dam olish uylari shu jumladan, Nurbulok sanatoriysi, Nurobod tumanidagi bo’g’in, oyoq og’rig’i kasalliklarini tabiiy suv asosida davolaydigan kurort, Samarqand tumanidagi og’alik qishlog’ida va Samarqand shahridagi dam olish uylari va boshqalar mavjud. Sport. Samarqand viloyati sportchilari sportning ko’plab turlari bo’yicha har xil darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqdalar (kurash, chim ustida xokkey, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Samarqand sportchilari 2003 yil avomida xalqaro va respublika musobaqalarida jami 88 oltin, 153 ta kumush va 106 ta bronza medallariga sazovor bo’ldilar. Viloyatda zamonaviy sport inshootlaridan 41 stadion, 9 suzish havzasi, 486 sport zallari, turli darajadagi musobaqalar o’tkaziladigan 49 tennis korti, 4349 sport maydonchasi mavjud. Samarqand viloyatida 42 bolalar va o’smirlar sport maktabida 47 mingdan ortiq o’quvchi sportning 27 turi bo’yicha ta’lim oldi (2003). Viloyatda 1930 jismoniy tarbiya jamoalari faoliyat ko’rsatadi. Sport sog’lomlashtirish jamoalarida 803 mingdan ziyod kishi shug’ullanadi. Joriy yidda viloyatda 124 dan ziyod sport inshootlari qurildi. Kurash bo’yicha xalqaro turnir, Respublika miqyosida 17 ta sport musobaqalari o’tkazildi. 2004 yilda viloyatda “Universiada—2004” o’tkazilishi munosabati bilan bir qancha sport majmualari bunyod etilmoqda. Adabiyoti. Samarqand qadimgi zamonlardan boshlab adabiyotshunos olim va shoirlarning vatani sifatida mashhur. Asrlar davomida Samarqand adabiy hayotining o’ziga xos kator xususiyatlari shakllandi. Ulardan biri turkiy va fors-tojik tilida so’zlashuvchi o’zbek va tojik xalqdari madaniy va adabiy an’analarining ko’shilib ketishidir. Bu, o’z navbatida, badiiy ijodda ikki tillilik — zullisonaynlikni yuzaga keltirdi. Agar 8-asrga qadar sug’diy-turkiy yetakchi o’rinni egallagan bo’lsa, 7-10- asrlarda forsiy-arabiy tillarda ijod qilindi. 11-asrdan boshlab esa, fors- tojik va turkey-o’zbek tillarida asarlar yaratildi. 15-asrdan keyingi davrlarda fors-tojik, turkey-o’zbek va Arab tillari aralashmasida ijod qilinganligini ham ko’rish mumkin. Ikki tilda ijod kilish keyinchalik Samarqand adabiy hayotida asosiy o’rin egalladi. Samarqand adabiy hayotini shakllantirishda Abulyanbag’iy Samarqandiy, Xuraymiy Sug’diy Samarqandiy (8-9-asrlar), Abu Hafz Sug’diy Samarqandiy, Abu Abdullo Rudakiy (9-10-asrlar), adib Ahmad Yugnakiy kabilarning o’rni katta. Samarqand adabiy muhitining namoyandalari: Muhammad Zahiri Samarqandiy, Hakim So’zaniy Samarqandiy, Mavlono Sakkokiy, Ahmad Hojibek Vafoiy, Mirzobek Samarqandiy, Mirzoxo’ja Sug’diy, Riyoziy Samarqandiy, Zulfiqor Fakiriy Samarqandiy, Fitrati Zardo’zi Samarqandiy (15-17-asrlar), Sodiq Samarqandiy, Yoqub Samarqandiy, Junaydullo Xoziq, Bazmiy, Ziyrakiy Samarqandiy, (18-19-asrlar), Dabiriy, Said Ahmad Vasliy, Hodiy Samarqandiy, Muhammad Olim Samarqandiy, Hoji Sobir Samarqandiy, Said Ahmad Siddiqiy Ajziy, Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulkarim Sipandiy, Saidrizo Alizoda, Abdujalil Pisandiy, Ibrohim Jur’at, Tug’ral, Fikriy (19-20-asrlar) singari o’zbek va tojik adabiyoti uchun birday xizmat qilgan shoirlar jonbozlik ko’rsatdilar. Samarqand adabiy hayotining shuhratida boshqa o’lkalardan kelib qolgan adabiyotshunos va shoirlarning ham xizmati bor. Umar Hayyom (Nishopur), Sa’diy Sheroziy, Kamol Xo’jandiy, Zamahshariy (Xorazm), Yusuf Badeiy Andijoniy, Mavlono Safo Andijoniy, Muhammad Badaxshiy, Mavlono Ismat Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, A’loi Shoshiy, Shayxim Suhayliy (Hirot), Said Nasafiy (Qarshi), Turdi Farog’iy (Buxoro), Kamoliddin Binoiy (Hirot), Muhammad Solih (Xorazm), Zayniddin Maxmud Vosifiy (Hirot), Zahiridtsin Muhammad Bobur (Andijon) kabilar- ning nomlari dunyoga tanilgan. Ularning ijodiga Samarqand adabiy muhiti ham o’z ta’sirini ko’rsatgan. Samarqanddan yetishib chiqqan Nizomiy Aruziy Samarqandiy (12-asr) o’zining “Majma’unnavodir” “Chahor maqola” asari bilan shoir va adabiyotshunos olim sifatida Shuxrat qozonib, asari ko’p tillarga tarjima kilinib nashr etilgan. Samarqand adabiy hayotida, ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning benazir o’rni bor. Abdurahmon Jomiy ko’p marta bu diyorda bo’lgan. Ulug’bek madrasasida tahsil ko’rgan, Xoja Ahror Vali va boshqa ulug’lar bilan hamsuhbat bo’lgan. Uning Samarqanddagi hayoti haqida “Mirzo Hamdam” dostoni yaratilgan. 1465-1469 yillar orasida Samarqandda bulgan Alisher Navoiy mashhur faqih Fazlulloh Abu Laysiy madrasasida o’qigan, uni o’ziga ustoz deb bilgan. Alisher Navoiy Samarqandda Ahmad Hojibek Vafoiy, Mirzobek Samarqandiy, A’loi Shoshiy, Yusuf Andijoniy, Riyoziy Samarqandiylar bilan ijodiy aloqada bo’lib asarlar yaratgan. Alisher Navoiyning zamondoshlaridan bo’lgan Davlatshoh Samarqandiy (15-16-asrlar) “Tazkirat ushshuaro”, “Mutribiy (17-asr) “Tazkirat ush shuaro”, Muhammadbade’ Maleho Samarqandiy (17-asr) “Muzakkir ulashob” tazkiralari bilan adabiyotshunoslikning rivojiga katta hissa qo’shdilar. Samarkdndda Adabiyotshunoslik taraqqiyotiga Yusuf Sakkokiyning “Miftoh ululum” (13- asr), Sa’diddin Taftazoniyning “Muxtasar ulmaoniy”, Said Sharif Jurjoniyning poetikaga oid asarlari katta ta’sir ko’rsatdi. Qozizoda Rumiyning “sharhi purra”, Ali Qushchining “Sharhi “Miftoh ululum”, Taftazoniy”, Abulqosim Samarqandiyning “Risola alistiorot”, “risola alistiorot alsamarqandiya” kabi asarlari ana shu ta’sir natijasida yuzaga kelib, adabiyotshunoslik ilmining rivojiga turtki bo’ldi. Mavlono Yusuf Andijoniy muammo janriga doir o’z risolasini yaratdi. Samarqand madaniy-adabiy hayotiga bevosita Xoja Ahror Valiy (15-asr), Mahdumi A’zam Kosoniy singari Naqshbandiya pirlarining ta’siri xam bor. Ular o’zlarining tariqat, adabiyot va badiiy ijod sohasidagi asarlari bilan adabiyotning taraqqiyotiga munosib hissa qo’shdilar. Maxdumi A’zam Kosoniy bir qancha boshqa asarlar bilan “sharhi g’azaliyoti Ubaydullaxon”, “sharhi ruboiyoti Ubaydullaxon” singari risolalarni ham yaratgan. Muhammad Shayboniyxon, Ubaydulloxon (16-asr), adabiy faoliyatida ham Samarqand adabiy hayoti bilan aloqador. 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlarida Samarqandda adabiy hayot yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tarildi. Bu davrda Abdulkarim Sipandiy, Nazriddin Hodiy, Saidrizo Alizoda, Maxmudxo’ja Behbudiy, Mirzo Akram Fikriy, Abdujalil Pisandiy, Ibrohim Jur’at, Saidahmad Vasliy, Abdulqodir Shakuriy, Saidahmad Siddiqiy, Hoji Muyin Shukurov, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat va boshqalarning she’riy va nasriy asarlarida ma’rifatparvarlik, milliy istiqlol uchun kurash g’oyalari o’z ifodasini topdi. Ayniqsa, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitratlarning adabiyotshunoslik va adabiyot tarixiga doir tadqiqotlari, nasriy va she’riy asarlari o’zbek adabiyotida yangi mavzu, shakl va g’oyalarning o’rin egallashiga sabab bo’ldi. Sadriddin Ayniyning “Doxunda”, “qullar”, “esdaliklar” romanlari romannavislikning yangi bir taraqqiy bosqichi bo’ldi. A. Fitratning “O’zbek adabiyoti namunalari” asari mumtoz adabiyotimiz tarixini izchil o’rganishga bag’ishlangan dastlabki majmualardan bo’ldi. Samarqand Respublika markaziga aylangan yillarda adabiy hayot jonlandi, ijodiy tashkilotlar yuzaga keldi, shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar bu yerga to’plandi. 20-asrning 1-yarmida Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Islom shoir nazar o’g’li, Po’lkan shoir kabi xalq shoirlarining ijodiy faoliyati butun O’zbekiston adabiyotining ko’rkiga aylandi. Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Sa’diy, Otajon Hoshim, Abdulhamid Majidiy, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Shokir Sulaymon, Oydin Sobirova, Ra’no Uzoqova, Sayd Nazar, Muzayyana Alaviya, Temur Ma’rufiy, Vadud Mahmudiy, Hasan Po’lat kabi adabiyotshunos olim, shoir va yozuvchilar Samarqandda yashab ijod etdilar, adabiy hayotdga faol ishtirok etdilar. 20-asrning 2-yarmi Samarqand adabiy hayotining ko’tarilishi va yangi ijodkorlar bilan boyish davri bo’ldi: akademik Vohid Abdullaev, akademik Botir Valixo’jaev, professorlardan R. R. Muqumov, O. Ikromov, S. Mirzaev, N. Shukurov, Sh. Shukurov, S. Sa’diev, Sh. Xolmatov, R. Orzibekov, M. Muxiddinov, Isroil Mirzaev, Ibodulla Mirzaev va boshqalar; shoirlar: Dushan Fayziy, B. Boyqobilov, Hamida Karimova, Bibisora Turobova, H. Hasanova, H. Bobomurodova, J. Sirojidtsinov (Humiy), Olqor Damin, Mardonqul Muhammadqulov, Yodgorbaxshi Isoqov, Haydar Yahyoev, Rahim Farhodiy, Yazdon Xudoyqulov, Nusrat Rahmatov, Xurshid Davron, M. Boboev, Azim Suyun, Murod Muhammad do’st va boshqalar; yozuvchilar Bolta Ortiqov, Bobomurod Daminov, Sayd nazar va boshqalarning ilmiy va badiiy asarlari adabiyotning taraqqiyotiga munosib hissa bo’lib qo’shiddi. Milliy istiqlol Samarqand adabiy hayotining taraqqiyotini boshlab berdi. Bu davrda adabiyshunoslik qo’lga kiritgan yutuqlar sifatida Botir Valixo’jaevning “O’zbek adabiyoti tarixi” (2002), professor S. Mirzaevning “Hayot va adabiyot (2001), professor H. Umurovning “Adabiyot nazariyasi” (2002), singari kitoblarini ko’rsatish joizdir. Samarqand viloyatida O’zbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, me’morlar, jurnalistlar va boshqalar)ning viloyat sho’balari faoliyat ko’rsatmoqda. Matbuot, radioeshittirish va televideniesi. Samarqand viloyatida 3 viloyat gazeta (“Zarafshon”, 1917 yildan chiqariladi, adadi 5000; “Samarqandskiy vestnik”, 1917 yildan chop qilinadi, adadi 1200-1300, “Ovozi Samarqand” tojik tilida 1989 yildan chiqariladi, adadi 3500), 14 tuman gazeta, 1 shahar gazeta, (“Samarqand”) chiqadi. Viloyatda, shuningdek, bir qancha tarmoq gaz. nashr etiladi. Jami 42 nomdagi gazeta va 9 nomdagi jurnallar chop etiladi. Samarqandda 1894 yilda dastlabki bosmaxona tashkil etilib, o’zbek, tojik va rus tillarida badiiy va ilmiy adabiyotlar, ko’llanmalar nashr qilina boshladi. Xususan, 1907-11 yillarda A.Shakuriyning hikoyalar (“Jome’ulhikoyot”) va she’rlar (Zubdat ulash’or) to’plamlari, 1914 y. Saidahmad Siddiqiy asari (“Mir’oti ibrat”), 1913 yil taraqqiyparvar pedagoglar I.Rahmatullaev (“rahbari maktab”), Xo’ja Mo’yin Shukurov (“Rahnamoi savod”) alifbolari va boshqa asarlar nashr etildi. 1904 yil 1 maydan “Samarqand” gazeta chiqariladi. 1917—20 yillarda o’zbek, tojik, rus tillarida bir qancha gazeta va jurnallar, ommaviy-siyosiy adabiyotlar nashr etildi. Samarqandda birinchi radioeshittirishlar 1926 yildan boshlangan. Samarqand viloyati radiosi oyiga 30 soatlik hajmda eshittirishlar beradi. Viloyat bo’yicha teleko’rsatuvlar 1955 yildan boshlangan. 1991 yildan Samarqand shahahr televideniesi faoliyat ko’rsatmoqda. Me’moriy yodgorliklari. Samarqand viloyati madaniy, tarixiy va me’moriy yodgorliklarga boy. Samarqand shahridagi Shohizinda me’moriy ansambli, Bibixonim jome masjidi, Registon maydonidagi me’moriy majmua, Amir Temur maqbarasi, Ulug’bek rasadxonasi va boshqa butun dunyoga mashhur. Viloyatda 291 me’moriy, 1452 arxeologik, 36 tarixiy, 188 monumental san’at va haykaltaroshlik yodgorligi bor. Samarqand viloyatidagi me’moriy yodgorliklardan Kattaqo’rg’ondagi Qalandarxona masjidi (1909-10 yillar), Oqdaryo tumanidagi Maxdumi A’zam me’moriy majmuasi (16-20-asrlar), Paxtachi tumanidagi Imom Bahri ota maqbarasi (15— 16-asrlar), Nurobod tumani Tim qishlog’idagi Arabota maqbarasi (977 yil), Payariq tumani Xartang qishlog’idagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui, Samarqand shahri atrofida Xoja Abdi Birun me’moriy ansambli (15-18-asrlar), Xoja Axror me’moriy majmui (15-20-asrlar), Nodir Devonbegi madrasasi (1630—31 yillar) va boshqalar saqlanib qolgan. Mustaqillik yillarida madaniy merosni tiklash, tarixiy va me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash ishlariga O’zbekiston hukumati tomonidan katta e’tibor berilmoqda. O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan Samarqand viloyatidagi Xartang qishlog’i yaqinida Imom alBuxoriy yodgorlik majmui o’z o’rnida qayta tiklandi, shuningdek, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur almoturidiy maqbarasi, Samarqand shahri yaqinidagi Dahbed qishlog’ida Maxdumi A’zam masjidlari va boshqalar to’la ta’mirlandi. Ad.: Karimov I.A. , O’zbekiston 21 asrga intilmoqda, T., 1999; O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti, T., 1998; O’zbekiston Respublika ™ , T., 2002; Buryakov Yu.F., Saidov K.S., To’xliev I.S, Shevchenko L.S, Samarqand asrlar bo’sag’asida, T., 2001; Rtveladze E., Mu- sulmanskie svyatini O’zbekistana, 1996; Toshpo’lat Jumaboev, Orzimurod Rahmatullaev, Qobiljon Tohirov.