Shahar
Shahar — aholisi, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat ko’rsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band bo’lgan yirik aholi manzilgohi. Shahar — bevosita qishloq xo’jaligi bilan band bo’lmagan aholi to’plangan markaz. Shahar atrofidagi tumanlar uchun ma’muriy va madaniy markaz bo’libgina qolmay, balki ularning joylashishi va o’sishiga ham katta ta’sir ko’rsatuvchi omil hamdir. Aholi punktlariga Shahar maqomi berilishi uchun aholi soni, bajaradigan funktsiyasi: sanoat ishlab chiqarish, tashkiliy-xo’jalik, madaniy-siyosiy, ma’muriy va hokazolar bosh mezon bo’lib hisoblanadi. Aholi manzilgohlarini Shahar toifasiga o’tkazish ma’lum qonuniy tartibda amalga oshiriladi va chegarasi belgilanadi. Turli mamlakatlarda Shahar maqomini olish mezoni turlicha, masalan, Daniya va Ispaniyada aholi soni 250 kishi, Gruziya va Turkmanistonda 5 ming, Tojikiston va Qirg’izistonda 10 ming, Rossiyada 5-12 ming, Yaponiyada 25 ming kishi bo’lishi kerak. O’zbekistonda 7 mingdan yuqori bo’lishi talab etiladi. Aholi soniga ko’ra, Shaharlar kichik (50 minggacha), o’rta (50-100 ming) va katta (100 mingdan ortiq) bo’ladi. O’zbekistonda 120 shahar, 113 ta shaharcha bor. Shundan 17 tasi katta shaharlar (Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Qo’qon, Farg’ona, Nukus, Qarshi, Urganch, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Navoiy, Marg’ilon, Termiz, Jizzax), 16 tasi o’rta va qolganlari kichik shaharlar. Shaharlar bajaradigan vazifalariga ko’ra — poytaxt, sanoat, transport, turizm, rekreatsiya, din, fan va ilmiy tekshirish markazlariga bo’linadi. Shuningdek, Respublikaga bo’ysunuvchi, Muxtor respublika, viloyat, tumanlarga bo’ysunuvchi Shaharlarga ajratiladi. Shahar aholisi butun jahon aholisining 47,5% dan ortig’ini tashkil etadi. BMTda qabul qilingan terminologiyaga muvofiq, 8 million va undan ortiq aholisi bo’lgan Shaharlar — megashahar deb yuritiladi. Bunday Shaharlar yer yuzida 1950 yilda 2 ta, 1995 yilda 22 ta, hozirgi kunda 25 dan ortiq. Bir yoki ikki Shahar atrofida Shahar va shaharchalarning zich joylashishi Shaharlar aglomerasiyasi deyiladi. Eng yirik Shahar aglomeratsiyalari: Tokio, Nyu-York, Mumbay, Shanxay, Mexiko, San-Paulo va boshqalar O’zbekistonda Toshkent, Farg’ona — Marg’ilon, Samarqand, Andijon, Namangan va boshqalar Shahar aglomeratsiyalari shakllanmoqda. Bir necha Shahar aglomeratsiyalari qo’shilib, megalopolis yoki megapolislarni tashkil qiladi. Hozirgi Bosvash, Tokaydo va boshqalar megapolislar bor. Ba’zan yirik Shaharlar yonida yo’ldosh shaharlar vujudga keladi. Tarixi. Shaharlar ibtidoiy jamoa davridan sinfiy jamiyatga o’tishda hunarmandchilik va savdo-sotiq dehqonchilikdan ajralib chiqish davrida paydo bo’lgan. Hunarmand va savdogarlar muqim istiqomat qila boshlagan joylar gavjumlashib, Shaharlarga aylana boshlagan. Dastlabki Shaharlar miloddan avvalgi 5-3 ming yilliklarda Sharqda — Mesopotamiya, Markaziy Osiyo regionida hamda Hindiston, Xitoy va boshqalar mamlakatlarda vujudga kelgan. Bu yerlarda mavjud quldorlik davlatlarining poytaxt Shaharlari eng taraqqiy qilgan davrda har birida taxm. 100 minglarcha aholi yashagan. Yunonistonda davlat tuzumi aristokratik yoki demokratik respublika bo’lgan shahardavlatlar (polis) ayniqsa rivojlangan. Sharq mamlakatlarida harbiy istehkomlar asosida shaharlar soni orta bordi. 13-asrda mo’g’ul istilochilarining bosqinchiligi natijasida O’rta Osiyo, Zakavkaze va boshqalar joylardagi ko’p Shaharlar vayron etildi. Temuriylar davrida esa Movarounnahr va Xurosonda bir qancha Shaharlar, xususan, Samarqand, Buxoro va Hirot ravnaq topdi. Yevropa mamlakatlarida Shaharlar Sharq mamlakatlariga nisbatan kechroq paydo bo’ldi. Sh.larda sanoat ishlab chiqarish markazlashib, Shahar aholisi jadal o’sa boshladi, rivojlangan mamlakatlarda Shahar aholisi salmog’i butun mamlakat aholisining 70-80% ni tashkil etdi. Urushlar, tabiiy ofatlar natijasida juda ko’p shlar vayron bo’ladi. Ayni vaqtda yer osti foydali qazilmalarining ochilishi va uni qayta ishlash korxonalarining qurilishi (Angren, Olmaliq, Yangiobod, Zarafshon, Muborak, Navoiy), yangi yerlarning o’zlashtirilishi (yangiyer, Guliston, Koson, Sherobod), yirik suv inshootlari va elektr styalarning qurilishi (Shirin, Katgaqo’rgon, Taxiatosh) munosabati bilan yangi shlar tashkil topadi va rivojlanadi. Shaharni boshqarish. O’zbekiston Respublikasida Shaharni hokim boshqaradi. Uning vakolat muddati 5 yil. Toshkent Shahar hokimi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va bu masala tegishli xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Boshqa shahar hokimlari yuqori turuvchi hokim tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Hokimlarning chiqargan hujjatlari shu hududda bajarilishi shart. Hokim faqat o’zining qarorlarigina emas, o’zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun ham shaxsan javobgardir. Abdusami Soliyev, Erkin Ahmedov.